Xivadagi «Qovun sayli» festivaliga bir milliondan ziyod mehmon tashrif buyurdi

2025 yil 8-10 avgust kunlari Xivada «Qovun sayli» festivali bo‘lib o‘tdi. Bu yorqin gastronomik va madaniy tadbir mamlakat va dunyoning turli burchaklaridan kelgan sayyohlar uchun muhim diqqat markaziga aylandi hamda mahalliy va xorijiy OAV vakillarini e’tiborini tortdi.
Tadbir Turizm qo‘mitasi va Xorazm viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etildi hamda «Ichan qal’a» tarixiy majmuasi va «Arda Xiva» zamonaviy sayyohlik markazidek noyob joylarda o‘tkazildi.
2024 yilda festivalga 500 mingdan ortiq mehmon, jumladan mahalliy aholi va xorijiy sayyohlar tashrif buyurgan bo‘lsa, 2025 yilda mehmonlarning umumiy soni 1 milliondan oshdi, ularning 300 ga yaqini xorijiy sayyohlar edi. Bunday sezilarli o‘sish festivalning agroturizmni rivojlantirish va Xorazm viloyatining sayyohlik salohiyatini mustahkamlash platformasi sifatidagi ahamiyatini yaqqol ko‘rsatdi.
Festivalning barcha kunlari yulduzlarning yorqin chiqishlari hamda mahorat darslari, ko‘rgazmalar va tanlovlarni o‘z ichiga olgan boy ko‘ngilochar dastur bilan o‘tkazildi. Taklif etilgan san’atkorlar orasida afsonaviy Tohir Sodiqov, mashhur xonanda JONY, DJ Meaghan, Mustafo Jejeli, Hamdam Sobirov, G‘ulomjon Yoqubov, Gulsanam Mamazoitovalar bo‘ldi. Tantanali yopilish marosimi davomida esa Roza Zergerli o‘z chiqishi bilan mehmonlarga zavq bag‘ishladi.
Festivalning 19 ta stendida Xorazm viloyati tumanlari, yetakchi fermer xo‘jaliklari va boshqa ishtirokchilar o‘nlab qovun navlarini, shuningdek, viloyatning mahsulotlari, texnologiyalari va yutuqlarini namoyish etdilar. Mehmonlar turli xil qovunlardan tatib ko‘rish, ishlab chiqaruvchilar bilan suhbatlashish va Xorazmning qishloq xo‘jaligi an’analari bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Festivalning yakuniy qismida o‘tkazilgan eng yaxshi ishtirokchilarni taqdirlash tantanali marosimida Xorazm viloyati hokimi Jo‘rabek Rahimov, Turizm qo‘mitasi raisi Umid Shadiyev, O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan diplomatik korpus vakillari hamda voqeani yoritgan yetakchi mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari jurnalistlari ishtirok etdilar. Festival g‘oliblari e’lon qilindi: uchinchi o‘rinni 15 ta tashkilot, ikkinchi o‘rinni Yangibozor tumani va «UzAuto Motors» aksiyadorlik jamiyati, birinchi o‘rinni Xiva shahri egalladi, bosh sovrin esa Urganch shahriga nasib etdi.
«Qovun sayli» festivali Xorazm viloyatining yuqori sayyohlik salohiyatini yana bir bor tasdiqladi va agroturizmni rivojlantirish hamda mintaqaning zamonaviy va mehmondo‘st sayyohlik maskani sifatidagi obro‘sini mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter