Qirg‘izistonda viloyat va tumanlar tugatiladi. Japarov boshqaruvning yangi tizimini taklif qildi
Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov mamlakatda ma’muriy-hududiy tizimni tubdan o‘zgartirish rejalari haqida ma’lum qildi.
Uning aytishicha, kelajakda viloyat va tumanlar bosqichma-bosqich tugatilib, ular o‘rniga 20 ta yirik okrug tashkil etilishi mumkin.
«Oxir-oqibat mamlakat 20 ta okrugga bo‘linadi. Bu jarayonga hali vaqt bor – taxminan 3–4 yil», – dedi davlat rahbari.
Japarovning ta’kidlashicha, islohot birdaniga joriy etilmaydi. Avvalo, bir okrug pilot loyiha sifatida tashkil etiladi va 2–3 yil davomida uning samaradorligi sinovdan o‘tkaziladi.
Asosiy mezon – ushbu hududning davlat dotatsiyasidan chiqib, mustaqil iqtisodiy faoliyat yuritish imkoniyati hisoblanadi. Agar pilot loyiha o‘zini oqlasa, ma’muriy tuzilma to‘liq qayta ko‘rib chiqiladi.
Ma’lumot uchun, so‘nggi ikki yil davomida Qirg‘izistonda ma’muriy-hududiy islohotlar doirasida qishloqlar soni 452 tadan 231 taga qisqartirilgan.
Mutaxassislar fikricha, mazkur islohot davlat boshqaruvini optimallashtirish va mahalliy budjetlarni mustaqillashtirishga qaratilgan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter