Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Afg‘onistonliklar juma namozini Toshkentda o‘qishdi (video)

Afg‘onistonliklar juma namozini Toshkentda o‘qishdi (video)

Afg‘onistonlik bir guruh o‘zbeklar juma namozini Toshkentdagi «Xo‘ja Ahrori Valiy» masjidida o‘qishdi.

Foto: «Xabar.uz»

Bugun, 6-aprel kuni poytaxtimizning muhtasham «Xo‘ja Ahrori Valiy» masjidiga tashrif buyurganlar ajoyib manzaraning guvohi bo‘lishdi. O‘ziga xos liboslaridan mehmon ekanligi sezilib turgan insonlar yurtdoshlarimiz qatori juma namozini ado qildilar.

Namoz yakunida masjid imom-xatibi Sobirjon domla afg‘onistonlik mehmonlarni o‘z yoniga chorladi va mehmonlardan biri chiroyli tarzda Qur’on tilovat qilib berdi. Shundan keyin tashrif buyuruvchilar haqiga, Afg‘onistonda ham tinchlik bo‘lishini tilab duo qilindi hamda ibodatga yakun yasaldi.

Jurnalistik qiziqishimizga ko‘ra mehmonlarni suhbatga chorladik.

O‘zini Sayyid Yoqub deb tanishtirgan guruh boshlig‘i biz bilan xush kayfiyatda suhbatlashdi va shu yurtga xos o‘zbekcha lahjasida savollarimizga javob berdi.

— Biz, afg‘onistonlik ulamolar, ziyolilardan iborat 23 kishilik guruh yurtimizning Mozori Sharif, Faryob, Balx va Saripul viloyatlaridan O‘zbekistonning taklifi hamda izniga ko‘ra mamlakatingizga keldik. Maxsus rejaga asosan bu muazzam diyorning Samarqand, Buxoro, Toshkand kabi shaharlarini ziyorat qildik. O‘zbek birodarlarimizning mehmondo‘stligi bizni behad xushnud qildi. Qayerga bormaylik, bizni quchoq ochib kutib oldilar va mehmonga taklif qildilar. Bugun safarimiz qaridi, nasib qilsa kechga Surxondaryo orqali yurtimizga qaytamiz.

Biz yurtdoshlarimizga O‘zbekistonning tinchligidan namuna olib ketmoqdamiz.

— O‘zbekiston to‘g‘risidagi taassurotlaringiz bilan o‘rtoqlashsangiz.

— O‘zbekistondagi har bir qadamimiz taassurotlarga boy bo‘ldi. Bu yurtdagi tinchlikka, obodlikka aslo ko‘z tegmasin, deya duoda bo‘lamiz hamisha. O‘zbekistonda kechami, kunduzmi xotirjam ko‘chaga chiqib sayr qila olarkansiz, hayratdamiz!

Yurtboshingizning sa’y-harakatlari nafaqat O‘zbekistonda, balki bizning yurtimizda ham tinchlik o‘rnatilishiga zamin bo‘lsin, inshoolloh! O‘zbek va afg‘on xalqi azal-azaldan do‘st bo‘lib yashagan. Endi ma’lum muddat uzilib qolgan aloqalarimiz qayta tiklanmoqda. Buning uchun prezident Shavkat Mirziyoyevga har qancha tashakkur aytsak arziydi.

— Yaqinda prezidentimiz tashabbusi bilan Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish borasida katta anjuman bo‘lib o‘tdi. Bu anjuman afg‘on diyorida qanday qabul qilindi?

— Albatta, biz yurtimizda tinchlik barqaror bo‘lishi uchun har qanday tashabbusdan xursandmiz. Shavkat Mirziyoyev janobi oliylari uyushtirgan va nufuzli mehmonlar tashrif buyurgan bu anjumanni biz ham diqqat bilan kuzatdik. Tashrifimizdan maqsad ham ana shu anjuman g‘oyalarini mustahkamlash, aholimizga tinchlik kabi ne’mat qadrini tushuntirish.

6 aprel kuni poytaxtimizning muhtasham «Xo‘ja Ahrori Valiy» masjidiga tashrif buyurganlar ajoyib manzaraning guvohi bo‘lishdi.

Yana bir mehmon, ulamo Mahmud Mavlaviy shu so‘zlarni qo‘shimcha qildi:

— O‘zbekistonning hududdagi nufuzi ortib bormoqda. Bizning yurtimizda tinchlik o‘rnatilishi hamon ortga surilmoqda. Shunday paytda diyorimizga O‘zbekistondek kuyunchak do‘stning qo‘llab-quvvatlashi behad zarur bo‘ladi. Yangi sahifa ochgan do‘stligimizga ko‘z tegmasin.

— Yurtimizda mehmonsizlar, bir piyola choyimizni ichib keting.

— Tashakkur, tashakkur. Vaqtimiz behad tig‘iz. O‘zimizning ham bu go‘zal go‘shadan ketgimiz yo‘q. Biz yurtdoshlarimizga O‘zbekistonning tinchligidan namuna olib ketmoqdamiz.


Quyida O‘zbekiston va Afg‘oniston xalqlari do‘stligining ramzi sifatida afg‘onistonlik yosh o‘zbek xonandasi Majid Andxo‘iyning «O‘zbegim farzandiman» nomli qo‘shig‘ini tinglashingiz mumkin. Video Bi-bi-si tomonidan tayyorlangan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring