Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Bu kuchlar o‘zbek bo‘lib, o‘zimizni bo‘g‘ishga harakat qiladilar» — Alisher Qodirov «xayp»larga izoh berdi

«Bu kuchlar o‘zbek bo‘lib, o‘zimizni bo‘g‘ishga harakat qiladilar» — Alisher Qodirov «xayp»larga izoh berdi

«Milliy tiklanish» partiyasi rahbari Alisher Qodirov o‘z nazdida «xayp» qilinayotgan uchta mavzu bo‘yicha qisqa izoh berdi.

O‘qituvchilarning maoshi...

O‘qituvchilik eng qimmat kasb bo‘lishi kerak. Bunga faqat raqobat bilan erishish mumkin. Raqobat saviyali va saviyasiz o‘qituvchini ko‘rsatib beradi. Avvalambor, eng qobiliyatlilarni tanlash uchun abituriyentlardan ijodiy va psixologik testlar olinishi zarur.

Saviyali o‘qituvchi ko‘p maosh olsin, saviyasizi o‘qituvchilikdan ketsin. Pedagogikada tasodifiy odamlarning ishlashi murakkab operatsiyani tasodifiy odam amalga oshirishi bilan bir xil. Farqi, meditsinada inson, pedagogikada avlod boy beriladi.

Tarbiya va ta’limda yo‘l qo‘yilgan xatolarni tuzatib bo‘lmaydi. Bugun o‘qituvchining barcha toifasiga maosh oshirilayotgani uchun yetarli miqdorda maktab qurilmayapti. 4 yilda 134 ta maktab qurilgan, xolos. Bir sinfga o‘rtacha 45 tagacha bola to‘g‘ri kelmoqda. Bunaqa sinflar va tasodif o‘qituvchilar bilan yangi avlod boy beriladi.

Sovet ittifoqi himoyachilariga...

SSSR millatimiz uchun yo‘qotilgan davr. Bu davr ruhimizni va qadrimizni sindirib, e’tiqodsizlik, ko‘zbo‘yamachilik va yolg‘onchilik, birovning haqidan qo‘rqmaslikka o‘rgatdi.

Ko‘rinib turibdiki, hali oramizda ruhi siniqlar ko‘p. Yangi avlodni bu jarohatdan davolash uchun kurashamiz. Qarshi bo‘lgan jiddiy kuchlar bor. Xabardor bo‘ling, bu kuchlar o‘zbek bo‘lib, o‘zbek tilida o‘zimizni bo‘g‘ishga harakat qiladilar.

Avtomashina ham qimmat, xarid qobiliyatimiz ham past...

Qarzga to‘y qilib obro‘ talashayotgan odam, bu ko‘zbo‘yamachilikdan boyroq bo‘lib qolmasligini tushunmaganidek, mamlakatimizda xarid qobiliyatining pastligi avtomashina sotib olishga xalaqit berayotgan asosiy muammo ekanligini ham tushuna olmaydi, albatta.

Men avtomashinani qimmat emas demadim, xalqimizning xarid qilish qobiliyatini past dedim. 300 dollar maosh oladigan fuqaroga 17 ming dollarlik avtomashina narxini 15 ming dollarga pasaytirding nimayu, pasaytirmading nima? Boshidan boshlab «O‘zavtomotors» mavqeini himoya qilish emas, raqobatbardoshligini shakllantirish tarafdori bo‘lganman, hozir ham shunday.

Pulni tushunadiganlarning aytishicha, avtomashinaga sarmoya eng samarasiz sarmoyadir. Sarmoyaning eng samaralisi ta’limga yo‘naltiriladi. Qachon odamlar xorijda ta’lim olish uchun pul yetmayotganligidan xafa bo‘lishni boshlasa, bexavotir rivojlanayotganligimiz haqida gapirishimiz mumkin bo‘ladi, deb yozadi Alisher Qodirov.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring