Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Andijonda noqonuniy yer savdosi bilan shug‘ullangan mansabdorlar qo‘lga olindi

Andijonda noqonuniy yer savdosi bilan shug‘ullangan mansabdorlar qo‘lga olindi

Foto: DXX

Andijonda o‘z xizmat vakolatidan foydalanib, davlatga qarashli yerdan mo‘may daromad olishga uringan mansabdorlar fosh etildi.

Farg‘ona vodiysi magistral kanallar boshqarmasi 2-Shahrixon bo‘limi 3-gidrouchastkasi boshlig‘i chorvachilik qilmoqchi bo‘lgan kishiga Katta Farg‘ona kanali himoya hududidagi 30 sotix yerni olib bermoqchi bo‘ldi. U yer maydonini ijara asosida foydalanish uchun hujjatlarni mansabdor tanishlari orqali to‘g‘rilab berishni va’da qilib, evaziga 40,5 ming dollar so‘ragan.

U aytilgan pulning 20 ming dollarini olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur noqonuniy ishga Farg‘ona vodiysi magistral kanallardan foydalanish boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i ham aloqadorligi aniqlangan. Tezkor tadbir davomida u 20 ming dollardan 3 ming dollarni olgan vaqtida qo‘lga tushgan.

Bundan tashqari, ushbu yer maydonidan ijara asosida foydalanib kelayotgan Farg‘ona vodiysi magistral kanallardan foydalanish boshqarmasi 2-Shahrixon bo‘limi 3-gidrouchastkasi xodimi yerni berish uchun 19 ming AQSh dollari talab qilganligi holati ham tegishli tartibda rasmiylashtirildi.

Keyingi holatda esa Oltinko‘l tumanidagi ta’lim muassasasi direktori 10 ming dollar pora bilan ushlandi. Ma’lumotga ko‘ra, xususiy avtomaktab auksion orqali ushbu ta’lim muassasasining 1,1 gektar yerini yutib olgan. Direktor esa ikki o‘rtadagi kelishuv shartnomasini tasdiqlab berish uchun 15 ming dollar talab qilib, shundan 10 mingini olayotganda qo‘lga tushgan.

Har ikki holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring