Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Avariyalar sabab ayrim boshqarmalarda gaz qazib chiqarish kamaygan – O‘zbekneftgaz

Avariyalar sabab ayrim boshqarmalarda gaz qazib chiqarish kamaygan – O‘zbekneftgaz

«O‘zbekneftgaz» AJ tizimidagi ayrim boshqarmalarda avgust oyida sodir bo‘lgan avariyaviy holatlar oqibatida tabiiy gaz qazib chiqarish hajmi kamaygan. Bu haqda kompaniya boshqaruvi raisi Abdug‘ani Sanginov ishtirokida o‘tkazilgan ishchi yig‘ilishda ma’lum qilindi.

Yig‘ilishda qayd etilishicha, avariyalar nafaqat tabiiy gaz, balki gaz kondensati va suyultirilgan gaz ishlab chiqarish ko‘rsatkichlariga ham salbiy ta’sir ko‘rsatgan.

Shu bilan birga, Gazli va Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmalarida avgust oyida avariyaviy holatlar deyarli qayd etilmagan. Bu texnologik qurilmalar, elektr ta’minoti, nazorat-o‘lchov asboblari va avtomatik tizimlardagi kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rilgan choralar natijasi ekani ta’kidlangan.

Abdug‘ani Sanginov gaz qazib chiqarishdagi tabiiy pasayishni qoplash uchun qo‘shimcha gaz oqimlari olinayotgan bir paytda avariyalar umumiy natijalarga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini bildirgan.

Boshqaruv raisi avariya sodir bo‘lganidan keyin uni bartaraf etish emas, balki bunday holatlarning oldini olish ustuvor vazifa bo‘lishi kerakligini ta’kidlagan.

Mas’ullarga kelgusi oyda avariyaviy holatlarni keskin kamaytirish, havo sovib ketguniga qadar barcha profilaktika va ta’mirlash ishlarini yakunlash bo‘yicha topshiriqlar berilgan.

Yig‘ilishda gaz qazib chiqarish hajmini oshirish masalalari ham ko‘rib chiqildi. 1–24 avgust kunlari 8 ta quduqda burg‘ilash ishlari yakunlanib, ularning 7 tasi ishga tushirilgan. Natijada kuniga qo‘shimcha 1,7 mln kub metr gaz qazib chiqarish imkoniyati yaratilgan. 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring