BAAdagi o‘zbekistonliklar ogohlantirildi
O‘zbekiston elchixonasi Birlashgan Arab Amirliklari hududida bo‘lib turgan vatandoshlarga murojaat bilan chiqdi.
«Mintaqadagi vaziyatning keskinlashuvi hamda havo hududidan foydalanishga, jumladan Birlashgan Arab Amirliklari hududi ustida ham vaqtinchalik cheklovlar joriy etilgani munosabati bilan, yaqin kunlarda O‘zbekiston aviakompaniyalarining Yaqin Sharqning qator mamlakatlariga muntazam aviaqatnovlari vaqtincha to‘xtatilganini ma’lum qilamiz.
BAA hududida bo‘lib turgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga o‘z reyslari holati bo‘yicha aviaperevozchilarning rasmiy xabarlarini doimiy ravishda kuzatib borish, yaqin muddatda jadvalda bo‘lishi mumkin bo‘lgan o‘zgarish va tuzatishlarni inobatga olish tavsiya etiladi.
Shaxsiy xavfsizlikni ta’minlash maqsadida quyidagilarni so‘raymiz:
- imkoniyat qadar odamlar gavjum joylardan saqlanish;
- harbiy va boshqa strategik obyektlarga yaqinlashmaslik;
- BAA vakolatli organlarining talab va tavsiyalariga qat’iy rioya qilish;
- xotirjamlikni saqlash va faqat rasmiy ma’lumotlarga tayanish.
OAV va ijtimoiy tarmoqlarda turli xil ma’lumotlar tarqalayotgani munosabati bilan, faqat tekshirilgan rasmiy manbalardan foydalanish va tasdiqlanmagan axborotlarni tarqatmaslik hamda yuborishdan tiyilishni qat’iy tavsiya etamiz», – deyiladi xabarda.
Shuningdek, diplomatik idor favqulodda vaziyat yuzaga kelgan taqdirda quyidagi ishonch telefonlariga murojaat qilishni so‘ramoqda.
O‘zbekiston Respublikasining Dubay shahridagi Bosh konsulxonasi:
- +971 55 986 9040 — O‘zbekiston konsuli
- +971 55 956 4110 — O‘zbekiston konsuli
«O‘zbekiston Respublikasining Dubay shahridagi diplomatik vakolatxonalari vaziyat rivojini diqqat bilan kuzatib bormoqda va zarurat tug‘ilganda fuqarolarni yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan o‘zgarishlar haqida tezkor ravishda xabardor qiladi», – deyiladi axborotda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter