Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Bepul tibbiy yordamdan qachon foydalanamiz?

Bepul tibbiy yordamdan qachon foydalanamiz?

2026-yil mamlakat hayotining bir necha muhim sohalari bilan birgalikda sog‘liqni saqlash tizimida ham qator ijobiy, ta’bir joiz bo‘lsa inqilobiy yangiliklar kiritildi va kiritiladi. Xususan, 1-apreldan boshlab davlat tibbiyot muassasalari xodimlari uchun besh kunlik ish haftasi joriy etiladi, 15 yil ish stajiga ega davlat tibbiyot va farmatsevtika xodimlari farzandlari uchun oliy ta’lim kontraktining 30 foizi qoplab beriladi, 1-yanvardan oliy ma’lumotli hamashiralar maoshiga qo‘shimcha ravishda 100 foiz ustama oladi. Eng muhimi poliklinikada navbat kutish va qog‘ozbozlikdan xalos bo‘lish uchun — DMED davlat raqamli tibbiyot tizimi ishga tushirildi. Ammo xalqimiz va tizim sohasidagilarning o‘zi bunga tayyormi?

Umumiy javobim – hozir yo‘q. Buni tushuntirib beraman. Sog‘lig‘imda yuz bergan shikoyat bo‘yicha poytaxt tumanlaridan biridagi yashash manzilimga biriktirilgan oilaviy poliklinikaga borib, o‘zim uchun bepul tibbiy yordam olishga 2-marta qaror qildim.

Soat 11 larda terapevt qabuliga kirib, tushlikdan keyin ishlaydigan nevropatolog qabuliga soat 14:00 ga birinchi bo‘lib yozildim. Har holda terapevt menga shunday dedi. DMED tizimida ham avtomatik ravishda nevropatolog qabuli ko‘rindi. Uyga qaytib tushlik qilgach, belgilangan soat 14:00 ga yetib keldim. Shifokor eshigi oldida tumonat odam jonli navbatda shifokor kelishini kutib o‘tirishibdi. Yangi DMED tizimi bo‘yicha qabul qilinmaydimi desam, hamshiralar ham navbatda turganlar ham bir ovozdan biz hali Amerika bo‘lmadik, jonli navbat deyishdi. Bunday holatda jonli navbat menga kechga yaqin yetib kelishi aniq, tizim bo‘yicha Kadrlar bo‘limidagilar shifokor DMED bo‘yicha qabul qilinishini aytdi. Biroq muammo shundaki, nevropatologga yo‘naltiruvchi boshqa shifokorlar hammasi tizimda soat 14.00 ga berishgan. Bu degani hammani navbati soat 14:00 da! Bank yoki mygov’da onlayn navbat olish bo‘yicha ishi tushganlar tizim bir vaqtga 3-4 kishidan ko‘p odam olmasligini bilishadi.

Haqli savol tug‘iladi: kiritilgan yangi tizim – tibbiyot sohasidagilar uchunmi yoki aholi uchun yoki prezidentga jimjidor hisobotlar berish uchunmi?

Oilaviy poliklinika faqatgina bolalarni emlaydigan joy emas, uning qonunchilikda belgilab qo‘yilgan ko‘plab vazifalari bor.

Biroq, soha vakillari va aholi yangi kiritilgan tizimga hali mutlaqo tayyor emas. Tizimlilik va inson haq-huquqi kafolati sifatida ko‘rilgan DMED’ga tayyor emasmiz. Kamchiliklar bo‘yicha Uzinfocom’ning sog‘liqni saqlashni raqamlashtirish bo‘yicha direktori Ruslan Sultonov Ucast podkastida aytib bergandi. Biroq mutasaddilar tomonidan tibbiyot xodimlarining ayniqsa, keksa avlod vakillari orasida kompyuter savodxonligi darajasining pastligi haqli tarzda tan olingan.

Ammo qars ikki qo‘ldan chiqadi. Bu yerda yana bir muhim jihat ko‘zdan qochirilgan. Tanganing ikkinchi tomoni – aholi o‘rtasida ham navbatda turish, texnologiyani tezda qabul qilish madaniyati hali shakllanmagan. Jonli navbat shifokorga ham ortiqcha boshog‘riq bo‘lmaydi. Tabiatan, odamlar yangi texnologiyalar joriy qilinishiga, unga ko‘nikishga faol qarshilik qiladi. Soha mutassaddilar yangi tizimni tezroq joriy qilish uchun aholiga tushuntirish ishlarini ko‘zdan qochirmasligi zarur. Aks holda navbatda turganlarning o‘sha gapi – biz hali Amerika emasmiz, deb yuraveramiz.

Ha, aytgancha, bepul birinchi yordam olish bo‘yicha shifokorni ayblay olmayman, chunki hali bunday yordam olishga musharraf bo‘lmadim.

Sardor Abdug‘aniyev

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring