Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

G‘ayrat Yo‘ldosh

Beshikdan qabrgacha ilm izla!

Bir murojaat izidan: aholi e’tiroziga sabab bo‘layotgan yo‘l qachon ta’mirlanadi?

Bir murojaat izidan: aholi e’tiroziga sabab bo‘layotgan yo‘l qachon ta’mirlanadi?

Foto: «Xabar.uz»

Chet el kinolarini ko‘rib, bilasizmi, nimaga havas qilaman? Yo‘llariga. Ha, tekis va ravon yo‘llariga, "qani edi bizda ham shunday yo‘llar bo‘lsa edi" deb havas qilaman.

Hammamizga ma’lum biz avtosanoatda boshidanoq yon-atrofimizdagi davlatlardan farqli ravishda boshqa yo‘ldan ketdik. O‘z avtosanoatimizni tashkil etib, chet eldan keladigan eski mashinalarning mamlakatimizga kirib kelishini cheklab qo‘ydik. Bu yaxshi ish bo‘ldimi yoki yomonmi, bilmayman, ammo ko‘chalarimizda eski shalag‘i chiqib ketgan avtoulovlar kamayib, asosan o‘zimizda ishlab chiqarilgan yangi mashinalarning yurgani bu haqiqat.

Ammo mamlakatimizning aksar shahar va qishloqlarida ana shu yangi mashinalarga mos yo‘llarning yo‘qligi biroz odamning hafsalasini pir qiladi. To‘g‘ri-da, falon pulga yangi mashinani olsang-u, uni olib borib qishlog‘ingning tosh yoki loy yo‘llarida, yozda chang, qishda esa loyga botib haydasang, alam qilmaydimi? Ana shunday holatlarda qimmat mashina minadiganlarga rahmim keladi.

Qishloqlardagi ichki yo‘llarni yozmay qo‘ya qolay, ammo respublika ahamiyatiga ega ko‘pgina yo‘llarning ham ahvoli xarob bo‘lib qolgani bugun hech kimga sir emas. Quyidagi murojaat ham ana shunday yo‘llari xarob ahvolda qolayotgan insonlar tomonidan yozilgan.

"Respublika ahamiyatiga ega bo‘lgan "Urgut-Bulung‘ur yo‘lining qishlog‘imiz o‘rtasidan o‘tgan "Torinjak" va "Ispanza" uchastkalaridagi 4-5 km.lik qismining asfalti buzilib, tosh yo‘l bo‘lib qolganiga ham 15 yildan oshdi. Ammo uni ta’mirlash shu paytgacha hech kimning esiga kelmasdi. 2017-yilda mamlakatimiz bo‘ylab har bir viloyatda, har bir tumanda qancha yo‘l asfalt qilinishi belgilab berilganda qishloq ahli ham yoki shu yo‘ldan foydalanadiganlar ham "nihoyat yo‘limizni ta’mirlab berishadi" deb xursand bo‘lgani ham rost.

Ammo ular behudaga xursand bo‘lishgan ekan. 2017-yilda tuman yo‘lsozlari ushbu yo‘lni batamom toshi chiqib ketgan joylarini bir qismini, bir joyda 50 metr, yana bir joyda 100 metr deganday asfalt qilishdi. Qolgan qismi qolib ketdi. Asfalti biroz tuzuk saqlangan, ammo chuqur o‘ralari bor joylar ta’mirlanmadi. Bu yil ham qishloq ahlining bir necha bor qilgan og‘zaki murojaatidan so‘ng o‘tgan yilgiday yo‘lning asfalti batamom buzilib ketgan yana bir qismi asfalt qilindi. Yana biroz qismi hanuzgacha navbatini kutyapti. O‘tgan yildan qolib ketgan kamida 15 yillik chuqur o‘ralari hanuzgacha turibdi.

Yo‘lning respublika ahamiyatiga egaligi va tuman aholisining katta qismi tuman markaziga chiqish uchun shu yo‘ldan foydalanishi bu yo‘lni ta’mirlashni kechiktirib bo‘lmasligini, qolaversa, ushbu yo‘lning bor-yo‘g‘i 4-5 km. ta’mirtalab ekani bu yo‘lni osongina ta’mirlab qo‘yish mumkinligini anglatadi. Ammo negadir yo‘lsozlar bularni inobatga olmayaptilar.

Oxiri yo‘lsozlarning masuliyatsizligidan bezgan qishloq odamlarining tavsiyasi bilan 2018-yilning 13-sentyabr kuni shu yo‘lning ta’mirlanishi yuzasidan Prezident portaliga murojaat qilishga majbur bo‘ldim. Shundan so‘ng oradan biroz o‘tib, tuman yo‘l boshqarmasi xodimlari mendan idoralariga kelib-ketishni so‘rashdi. Shu yerda eslatib o‘tishni joiz deb bildim, aslida tashkilot xodimlari muammoni joyiga kelib o‘rganishlari va bartaraf etishlari kerak emasmidi? Yo‘q, Urgut tumani yo‘lsozlari shunchalik kuchayib ketishibdiki, ular muammoli yo‘l haqida Prezident portaliga murojaat qilgan mening oldimga o‘zlari kelmay, meni idoralariga chaqirishyapti. Men ularga kerak bo‘lsa, o‘zlaring kelinglar, deb javob berdim.

24-sentyabr kuni ular mahallamizga kelib, mahalla kotibiga "keldik, muammoni o‘rgandik, 5 oktyabrdan ish boshlaymiz va yo‘lni ta’mirlab beramiz", deb yozilgan qog‘ozlariga qo‘l qo‘ydirib ketishibdi. Menga esa uchrashganlari ham yo‘q.

Mana bugun 15-oktyabr, yo‘lsozlarning ish boshlaymiz, degan kunidan ham o‘n kun o‘tdi. Ammo hanuzgacha ishni boshlashgani yo‘q.

Voqealar tafsilotidan kelib chiqsak, yo‘lsozlar bu yil shu yo‘lni ta’mirlamoqchi emaslar deb taxmin qilyapmiz. Umuman olganda yo‘lsozlarning bunday mas’uliyatsiz faoliyat olib borishlarini kim nazorat qiladi?

Katta bir tumanning uchdan bir aholisi foydalanadigan respublika ahamiyatiga ega bo‘lgan yo‘l jahon andozasida bo‘lmasa-da, mundayroq bo‘lsa ham, qachon ta’mirlanadi? Gap bu yerda 20-30 km. emas, balki bor-yo‘g‘i 4-5 km. yo‘l haqida ketyapti. Nahotki arzimagan shu yo‘lni ta’mirlab qo‘yish shuncha qiyin bo‘lsa?

Qolaversa, Tojikiston bilan aloqalarimiz yaxshilanib, Urgut tumanida joylashgan "Jartepa" chegara o‘tish maskanining ochilishi ushbu yo‘lning ahamiyatini yanada oshirdi. Sababi Tojikistondan tumanimizga kirib keladigan mehmonlar asosan shu yo‘ldan yuradilar. Shu paytgacha ushbu yo‘ldan tumanimizga mehmonga kelayotgan tojikistonliklardan "yo‘llaringning shu qismi o‘ta xarob ekan, nahotki ta’mirlab qo‘yish shunchalik qiyin bo‘lsa", degan gaplarini bir necha bor eshitdik. Ammo tuman yo‘lsozlari bu yo‘lning ahamiyatini inobatga olmayaptilar va yo‘lning ta’mirlanishini ortga suryaptilar.

Hurmatli "Xabar.uz", iltimos, shu masalada yordam bersanglar.

Hurmat bilan, Himmat Ahmedov. Samarqand viloyati, Urgut tumani, Ispanza qishlog‘i, Jayratepa MFY."

Ushbu murojaatni o‘rganar ekanmiz, unda qalamga olingan yo‘lning ahvoli haqiqatan ham xarob ekaniga guvoh bo‘ldik. Urgut yo‘lsozlari o‘tgan 2017-yilda ham, joriy 2018-yilda ham ushbu yo‘lning bir qismini ta’mirlashgan. Ammo baribir yo‘lning ahvoli ancha yomon. Buni suratlardan ham bilib olish mumkin.

Biz ushbu yo‘l ta’mirlanishi masalalasida Urgut yo‘lsozlaridan ham, qolaversa, Samarqand viloyati va Respublika yo‘l ta’mirlash boshqarmalaridan javob kutib qolamiz.

Yana bir narsani ta’kidlab ketishni xohlar edim. Biz yuqoridagi murojaat tilga olingan ko‘chaning ahvolini o‘rganar ekanmiz, shu yo‘l o‘tgan qishloq aholisining ham yo‘lga munosabati o‘ta yomonligini ko‘rdik. Aksariyat joylarda trotuar yo‘l yoqasida yashaydigan odamlar tomonidan egallab olingan ekan. Yana bir nechta joyda yo‘lning buzilib, toshi chiqib ketishi bilan qiziqsak, aholi o‘sha yerning asfaltini o‘yib, yo‘lning bu tarafidan narigi tarafiga quvur o‘tkazgan va keyinchalik shu joylarning asfalti batamom o‘yilib ketgan. Bu ishlar haqida odamlarga hech kim tushuntirish ishlarini olib bormagan.

Mutasaddilardan ushbu yo‘l masalasida javob kutish bilan birgalikda, bu hududda yashayotgan aholiga yo‘llar chetidagi trotuarlar va yo‘lni buzib quvur o‘tkazish ishlari masalasida tushuntirish berishadi, deb umid qilamiz.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring