Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

G‘ayrat Yo‘ldosh

Beshikdan qabrgacha ilm izla!

O‘zbek bo‘ling... va yahudiy bo‘ling

O‘zbek bo‘ling... va yahudiy bo‘ling

Foto:«Education tips for students»

Qo‘limda marhum olim, rahmatli G‘aybulla Salomov (G‘aybulloh as-Salom)ning «Ey umri aziz» kitobi. Bu kitobda olim asosan o‘zining hayotini yozgan. Kitobni o‘qib borar ekanman, domla oliygohlardan birida dars bergan vaqtlardagi voqealarga yetib keldim. Rahmatli o‘sha davrda, dars berish jarayonida talabalarga bugungi kunimiz uchun o‘ta dolzarb bo‘lgan gaplarni o‘git tarzida gapirib ketgan ekan. Ayniqsa uning xalqimizga majburiyatday bo‘lib qon-qoniga singib ketgan, turli ma’rakalarni katta-katta o‘tkazish, xato ish ekanligini, qayerdagi bo‘lmag‘ur ma’rakalarda pulni havoga sovurganni o‘rniga bolalarning ta’lim va tarbiyasiga e’tiborli bo‘lish va kerak bo‘lsa shu maqsadda mablag‘ ham sarflash kerakligi haqidagi o‘gitlari tahsinga sazovor.

Domla kitobdagi voqealarni, o‘gitlarni bundan 25-30 yillar oldin yozgan. Ammo o‘sha o‘gitlar bugun ham dolzarbligini yo‘qotgani yo‘q. Chunki, ko‘rayapmiz, bugun ham mamlakatimizning turli joylarida odamlarimiz farzandni tarbiya va ta’limi uchun pul sarflashdan ko‘ra, uning sunnat to‘yiga yoki ulg‘aysa nikoh to‘yiga, ayrimlar esa sunnat to‘yi o‘tkazgani kamlik qilganday muchal to‘yini o‘tkazib, sarflaydilar.

Bolalarni ta’lim va tarbiyasini keyingi o‘rinlarga surib, uni sunnat to‘yini o‘tkazishni shart va kechiktirilmay qilinishi zarur ishlar qatoriga qo‘shadilar. Ana shu uchun ham bizda olim chiqish u yoqda tursin, bolalarning savodi ham haminqadar bo‘lib ketayapti. Ota-onalar bolalarining sunnat to‘yini yoki muchal to‘yini ta’lim va tarbiyasiga e’tibor qaratishdan zarur deb bilar ekanlar biz hech qachon rivojlana olmaymiz. Bizdan hech qachon ko‘zga ko‘ringan taniqli olimlar chiqmaydi. Ana shu uchun ham qo‘yida G‘aybulla Salomov domlaning o‘sha «Ey umri aziz» kitoblarida yozgan o‘gitlaridan ozginasini qisqartirib bermoqchiman. Zora domlaning gaplari «so‘qir» ko‘zlarning ochilishiga va ayrimlarning ma’rifat nima-yu jaholat nima tushunib yetishlariga sabab bo‘lsa. Yaratgan domlani rahmat va mag‘firat qilsin.

«Har gal oliygohda birinchi darsimni shunday boshlayman: Siz bilan biz o‘zbekmiz.

O‘zbek degan nomni baland ko‘taring. «Millating nima?» deb so‘rasalar «o‘zbek» deb aytishdan uyalmang.

Bir umr o‘zbek bo‘lib qoling. Ammo... yahudiy bo‘ling.

Gap shu yerga kelganda tinglovchilarim «portlaydi»:

- «O‘zbek bo‘ling... Ammo yahudiy bo‘ling», domla bu gapni qanday tushunaylik?

Shundan so‘ng men millatimizning, xalqimizning oyog‘ini kishanlab turgan, o‘zining yuksaklarga parvoz qilishga mone’lik qilayotgan nuqsonlar, ba’zan uning odamoxunligi, ko‘ngilchanligi va boshqa insoniy fazilatlari ortidan chiqayotgan qusurlardan kuyib-pishib gapiraman.

Mana siz, - deyman ro‘paramdagi talabaga qarab. - Otangiz kim bo‘lib ishlaydi?

-Falonchi.

-Onangizchi?

-Uy bekasi.

-Oilada nechta farzandsizlar?

-Besh farzandmiz.

- Xo‘sh. Siz musiqa chalishni bilasizmi? Shaxmat o‘ynashni-chi? Sportning qaysi turi bilan shug‘ullanasiz? Nechta xorijiy tilni bilasiz? Pazandalikni eplaysizmi? Qishloqdanmisiz, hech sigir sog‘ib ko‘rganmisiz? «Sigir sog‘ish ayollarning ishi» deysizmi?

So‘roqlarim javobsiz qoldi. Hammasi nol.

Sabrim tugaydi. Xo‘sh, nimani bilasiz o‘zi? Birov yopgan nonni yeyish, birov soqqan sutni ichish hammani ham qo‘lidan keladi-ku!

Meni tinglayotganlardan biri nihoyat «o‘zini ko‘rsatmoqchi» bo‘ladi:

-Tosh ko‘tarish, kurash tushish bizning ishimizmikin, domla? Mana badantarbiya instituti bor, melisa akademiyasi, harbiy maktablar bor. Toshni o‘shalar ko‘taraversin.

Yana biri tilga kiradi:

- Non yopish, sigir sog‘ish, osh damlash ish bo‘ptimi? O‘zlari savodsiz bo‘lsalar-da buvim do‘ndiradilar bu ishlarni.

Ularni gaplarini eshitib yana zarbaga shaylanaman:

- Fikrlashlaring o‘ta xom. Nega bizdan jahon miqyosidagi olimlar, sportchilar oshpazlar chiqmaydi, hammasi yahudiylardan? Sizlar shu taxlit fikrlaganlaring uchun. Hunaringiz yo‘q. Fikrlaringiz palag‘da. Shu uchun ham deymanki: O‘zbek bo‘ling va... yahudiy bo‘ling.

Alhamdulilloh musulmonmiz. Ammo bu kifoya emas. Bugun biz dini, irqi, millatidan qat’iy nazar, dunyoning barcha ilg‘or xalqlaridan o‘rganishimiz kerak.

Masalan, dunyo fan-texnikasi, san’at, sport, til bilish, savdo-sotiq, moliyaviy siyosatda yahudiylarning oldiga tushadigani yo‘q. Yahudiy dastavval nima qiladi? Bola tarbiyasiga e’tibor bilan qaraydi. O‘zi yeb-ichmasa, tuzukroq kiyinmasa ham, vaholanki u yeb-ichishni, kiyinishni ham eplaydi, bolasini tarbiyalaydi. Ularni o‘qitadi. Sog‘lom qilib o‘stiradi. Eng birinchi til o‘rganishiga e’tibor beradi. Keyin esa yonidan xarajat qilib bo‘lsa ham musiqa, shaxmat, sport, matematikani o‘rganishiga e’tibor beradi.

Biz-chi? Biz rosa pulni yig‘ib katta sunnat to‘yi qilib pulni havoga sovuramiz. Bolani sunnat to‘yi qilishni muhim ish sifatida ko‘ramiz-u, ammo o‘ta muhim ish bo‘lgan bolani ta’limiga mutlaqo qiziqmaymiz.

Yana bir muhim fazilati: ahil millat. Yahudiydan zinhor qashshoq yoki tilanchi chiqishiga toqat qilolmaydi. Buni butun millatga isnod deb tushunadi.

Arzimagan narsa uchun millatini sotmaydi. Tabiiy ularda ham millat ichida oliy va past tabaqa bor. Lekin ular uchun muomala va oqibatda eng past tabaqa yahudiy ham boshqa millat kishilariga qaraganda ustun turadi. Ehtimol aksariyatining vatani bo‘lmay dunyo bo‘ylab sochilib yashagani uchunmi ularda mahalliychilik illati umuman yo‘q.

Bizda-chi? Hatto, bir mahallada yashab, ikkiga bo‘linib, mahalliychilik tufayli bir-biri bilan kelisha olmaydiganlar bor.

Bu gaplarni aytishim yahudiyni qandaydir oliy irq, ideal millat deb bilishimdan emas, har qanday millatda illat ham, kamchilik ham bor, bundan yahudiylar ham xoli emas, shunchaki yuqoridagi fazilatlarni o‘z millatimda, o‘z xalqimda ham ko‘rishni juda-juda xohlayman. Shu uchun ham, o‘zbek bo‘ling, ammo.... yahudiy bo‘ling.

Shuningdek, fin, farang, arab, nemis, turk, yapon va boshqa millatlardan o‘rganadiganimiz ko‘p. Shak-shubhasiz o‘zbekning ham jahon xalqlarining insoniy xazinasiga in’om etishga arzigulik bag‘rikenglik, saxovatpeshalik, mehnatsevarlik kabi ajoyib sifatlari ko‘p. Shularni yoniga ilmga chanqoqlik, bola tarbiyasiga e’tiborli bo‘lish fazilatlari qo‘shilsa, nur ustiga a’lo nur bo‘lar edi...»

(G‘aybulloh as-Salomning «Ey umri aziz» kitobidan qisqartirib olindi.)

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring