Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Bolaga velosiped qanday tanlanadi?

Bolaga velosiped qanday tanlanadi?

Foto: «Bikes.ironhorse.ru/»

Bola velosiped haydashga qiynalmasligi, kam yiqilib, kam jarohatlanishi uchun velosipedning texnik ko‘rsatkichlariga alohida e’tibor qaratish, shuningdek u bolaning yoshi va jismoniy rivojlanish darajasiga mos bo‘lishiga harakat qilish kerak. Bolani velosiped haydashga uch yoshidan boshlab o‘rgangan ma’qul.

Bolaning yoshi

Uch yashar bola uchun uch g‘ildirakli, mustahkam va yengil model tanlash tavsiya qilinadi. Bola pedalni aylantirishga qiynalmasligi kerak. 5-6 yashar bolaga ikki g‘ildirakli velosiped olib berish mumkin. Ko‘pchilik modellar komplektiga ikki yonga o‘rnatiladigan qo‘shimcha g‘ildiraklar ham kiradi. Keyinchalik ularni olib tashlash mumkin. Qulayligi shundaki, velosiped haydashni endigina o‘rganayotgan bola ular yordamida muvozanat saqlashni o‘rganadi. Sotib olayotganda iloji boricha qo‘shimcha g‘ildiraklari metaldan bo‘lgan velosipedni xarid qilishga harakat qiling.

Bolaning bo‘yi

Velosiped xarid qilayotganda bolaning yoshinigina emas, bo‘yini ham e’tiborga oling. Velosiped g‘ildiragining diametri va ramasining uzunligi bolaning bo‘yiga mos bo‘lishi kerak. Bolangizga qanday g‘ildiraklar to‘g‘ri kelishini aniqlash uchun uning bo‘yini 2,5 va yana 2,54 ga (1 dyuymning sm.dagi o‘lchovi) bo‘ling. Masalan, bo‘yi 110 sm bo‘lsa: 110/ 2,5/ 2,54 = 17,3 dyuym. Demak, siz g‘ildiragining diametri 16 yo 18 dyuym bo‘lgan velosipedni tanlashingiz lozim. Bolalar va o‘smirlar velosipedlari g‘ildiraklarining diametri 10, 12, 14, 16, 20 yoki 24 dyuymga teng bo‘ladi.

Bolaning bo‘yi (sm) — velosiped g‘ildiragining diametri (dyuym):

80-100 — 12;

90-110 — 14;

100-120 — 16;

110-130 — 18;

120-140 — 20;

130-150 — 24.

Bolaning bo‘yi 150 santimetrdan ziyod bo‘lsa unga kattalar velosipedini olib bergan ma’qul.

Ramaning uzunligi

G‘ildirak o‘lchamidan tashqari rama uzunligini ham to‘g‘ri tanlash zarur. Ruldan o‘rindiqning oldingi uchigacha bo‘lgan eng maqbul masofa bolaning tirsagidan barmog‘ining uchigacha bo‘lgan masofadir.

Rul va egarning balandligi

Rul va egarning balandligi shunday sozlanishi kerakki, bola velosipedni kutilmaganda to‘xtatganda gavdasini tik tutgan holda oyog‘i yerga tegadigan bo‘lsin. Bola velosiped haydayotganda pedalni oyog‘ining uchi yo tovoni bilan emas, to‘liq kafti bilan bosishi lozimligiga e’tibor bering.

Zanjir

Harakatlanayotganda orasiga kiyim kirib qolmasligi uchun velosipedning zanjiri qopqoq bilan yopilgan bo‘lishi kerak.

Og‘irlik

Velosipedning og‘irligi u qanday materialdan tayyorlanganiga bog‘liq. Alyumin velosipedlar po‘latdan yasalganiga qaraganda ancha yengil bo‘ladi.

Tezliko‘zgartirgich

O‘nga kirmagan bolalarga tezliko‘zgartirgichli velosiped olib bermagan ma’qul. Chunki u hali bir vaqtning o‘zida ham yo‘lga, ham tezlikni almashtirishga e’tibor qarata olmaydi.

Qo‘l tormozi

Bolaning qo‘li velosipedni keskin to‘xtatish uchun yetarlicha kuchga to‘lmagancha unga qo‘ltormozli velosiped olib bermagan ma’qul. Bolaning qo‘l kuchini tekshirish juda oson: unga ichimlik solinadigan bo‘sh tunuka idishni berib g‘ijimlashni buyuring. U idishni bir qo‘llab g‘ijimlay olmasa velosipedning qo‘ltormozidan foydalanishga tayyor emas.

Bolam lat yemasin desangiz...

Bola hali velosipedni yaxshi hayday olmasa unga boshni urilish yoki zarbadan saqlovchi maxsus qalpoq (shlem), tirsakband, tizzaband, maxsus qo‘lqop olib bering.

Velosipedni qayerdan sotib olgan ma’qul?

Velosipedni iloji boricha sport tovarlarini sotishga ixtisoslashgan do‘konlardan xarid qiling. Do‘kon menejeri velosiped modelini to‘g‘ri tanlashingizga yordam beradi, sizni qiziqtirgan masalalar bo‘yicha maslahat bera oladi.

Hasan Karvonli tayyorladi
«Tafsilot.uz» saytidan olindi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring