Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Bo‘shning ishi bo‘sh bo‘ladi, qarovsizlik yarashmaydi

Bo‘shning ishi bo‘sh bo‘ladi, qarovsizlik yarashmaydi

Foto: Laziz Rahmatov / «Xabar.uz»

Respublika ishchi guruhi Namangan viloyati Norin tumanida bo‘sh turgan, qarovsiz qolgan binolarni ham o‘rganmoqda, ularni ishlatish va aholiga manfaati tegishi borasida aniq choralarni ko‘rmoqda.

Jumladan, Toshloq mahallasi Mustaqillik ko‘chasida joylashgan sobiq madaniyat saroyi (umumiy maydoni 420 m2) binosidan 2009 yildan buyon foydalanilmayapti.

Tuman kadastr xizmati ma’lumotiga ko‘ra, mazkur bino sport-sog‘lomlashtirish maqsadida foydalanish uchun fuqaro B.Ubaydullayevga berilgan. B.Ubaydullayev 2017 yili vafot etgan. Bino kadastr idorasi tomonidan davlat ro‘yxatiga olinmagan. Ushbu binoda ishlab chiqarish sexini tashkil etish uchun tadbirkorlarga taqdim etish taklif etildi.

Foto: Laziz Rahmatov / «Xabar.uz»

Suzoqovul mahallasidagi Yuqorisuzoq ko‘chasida joylashgan 4 xonadan iborat sobiq masjid binosidan 1999-yildan buyon foydalanilmayapti. Bino mahalla aholisi tomonidan hashar yo‘li bilan qurilgan hamda 1993-yildan 1999-yilgacha masjid vazifasini o‘tagan. Ammo zamonaviy masjidning hech bir talabiga javob bermaydi. 2 ta xonasidan oxirgi 5 yil davomida savdo do‘koni sifatida foydalanilgan. Ayni paytda tashlandiq holga kelib qolgan.

Tuman kadastr xizmati ma’lumotiga ko‘ra, mazkur bino Suzoqovul mahallasi balansida, ammo kadastr idorasi tomonidan davlat ro‘yxatiga olinmagan. Ushbu binoda ishlab chiqarish sexini yoki bolalar uchun shundoq ham yetishmayotgan xususiy bog‘chani tashkil etish uchun tadbirkorlarga taqdim etildi.

Foto: Laziz Rahmatov / «Xabar.uz»

Shohidon mahallasining Paxtazor ko‘chasida joylashgan 2 ta xona va ayvonchadan iborat sobiq masjid binosi va 5 sotixdan iborat yer maydonidan 1999 yildan buyon foydalanilmayapti. Bino mahalla aholisi tomonidan hashar yo‘li bilan qurilgan va masjid uchun hech qanday qulaylikka ega emas. Rejasiz qad rostlagan bino oldida transformator qurilgan.

Tuman kadastr xizmati ma’lumotiga ko‘ra, mazkur bino Shohidon mahallasi balansida, ammo kadastr idorasi tomonidan davlat ro‘yxatiga olinmagan.

Foto: Laziz Rahmatov / «Xabar.uz»

Ushbu binoda ishlab chiqarish sexini yoki xususiy bog‘chani tashkil etish uchun tadbirkorlarga taqdim etish taklif etildi. O‘rganishlarda Paxtazor ko‘chasi 66-uyda yashovchi xususiy tadbirkor B.Mamajonova mazkur binoni xususiy bog‘cha tashkil etish uchun olish taklifini bildirdi. Chunki hozir mahalla yoshlari 4-5 kilometr olisdagi bog‘chaga qatnamoqda.

Foto: Laziz Rahmatov / «Xabar.uz»

Qo‘shchek mahallasidagi Zebo Xoliqova ko‘chasida joylashgan Norin pedagogika kolleji axborot resurs markaziga qarashli 2-filial binosi 2013-yildan buyon bo‘sh turibdi. Aniqlanishicha, sobiq shiypon o‘rnida tashkil etilgan kutubxonada 2006—2013-yillarda 6528 dona kitob fondi bo‘lgan. Hozir esa 1 ta ham kitob mavjud emas.

O‘rganishlarda 2 xonali ushbu binoning deraza oynalari singanligi, devorlari ta’mirtalab holatga kelganligi, tomining 17 ta shiferi uchib ketganligi ma’lum bo‘ldi. Tuman kadastr xizmati ma’lumotiga ko‘ra, mazkur bino hech kimning balansida bo‘lmagan, tuman hokimining 2018-yil 19-iyundagi 817-qarori bilan «Marg‘izor» MFY binosining bir qismi sifatida rasmiylashtirilgan.

Unda mahalla kutubxonasini yoki kitob do‘konini tashkil qilish tavsiya etildi.

Foto: Laziz Rahmatov / «Xabar.uz»

Albatta, ko‘plab tadbirkorlar yer va joy so‘rab murojaat qilmoqda. Ammo ularning talabini qondirish uchun shu vaqtgacha mazkur ob’yektlarni taqdim etish masalasi o‘rganib chiqilmagan. Chunki na sektor rahbarlari, na tuman hokimligi, na boshqa mutasaddilar bu ish bilan jiddiy shug‘ullangan.

Laziz Rahmatov,
jurnalist

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring