Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Botir Zaripov Buxoro viloyati hokimi lavozimiga tayinlandi

Botir Zaripov Buxoro viloyati hokimi lavozimiga tayinlandi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Buxoroga qilgan tashrifi doirasida viloyat faollari yig‘ilishida ishtirok etmoqda. Bu haqda «Xabar.uz» muxbiri xabar berdi.

Majlisda viloyat hokimi o‘rinbosarlari, shahar va tumanlar hokimlari, xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatlari, Oliy Majlis Senati a’zolari, korxona va tashkilotlar rahbarlari, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar vakillari qatnashyapti.

Davlat rahbari yig‘ilish davomida viloyat hokimi lavozimiga Botir Zaripovning nomzodini tavsiya qildi.

— Siz bilan har doim ochiq gaplashganman. Mana hozir Zaripov Botir Komilovichni hokim sifatida tavsiya qilmoqdaman. Bu yerda deputatlar o‘tiribdi, agar ularda e’tiroz bo‘lsa, «bizga Zaripov kerak emas, o‘rniga boshqa nomzodimiz bor», desa, bemalol ko‘rsatishlari mumkin. Men ko‘rib chiqishga tayyorman.

Zaripov shu yerda, Buxoroda katta bo‘lgan. Shu yerning changini yutib, sho‘r suvini ichib ulg‘aygan. Unga juda qiyin bo‘ladi, buni o‘zi ham tan olib turibdi. Buxoroda qilinadigan ishlar juda ko‘p va siz — deputatlar, mahalla, hokimlik va boshqa mutasaddilar ko‘magida bu ishlarni amalga oshiramiz, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yig‘ilish davomida viloyat Xalq deputatlari kengashi a’zolari va boshqa mutasaddilar so‘zga chiqdi. Yig‘ilish yakunida Botir Zaripov nomzodi Buxoro viloyat hokimi lavozimiga tasdiqlandi.

Botir Zaripov oxirgi ikki oy davomida Buxoro viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi sifatida faoliyat yuritib kelayotgan edi. Bunga qadar esa «O‘zsanoatqurilishmateriallari» uyushmasi boshqaruvi raisi lavozimida ishlagan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring