Buxoro va Surxondaryoda chiqindi yoqish zavodlari qurilishiga tamal toshi qo‘yildi
Ta’kidlash joizki, atrof-muhit muhofazasi, xususan chiqindilarni iqtisodiyotning muhim bo‘lagiga aylantirish masalalariga davlatimiz rahbari tashabbusi bilan alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada sohani samarali boshqarish va poligonlarni qisqartirish orqali aholi roziligiga erishish maqsad qilingan.
Jumladan, chiqindilarni qayta ishlash va ulardan energiya manbai olishga asoslangan zamonaviy loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli topshirig‘iga muvofiq, Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi direktori hamda Xitoy Xalq Respublikasining «Wangneng Environment» va «CHSET» yetakchi kompaniyalari rahbarlari o‘rtasida chiqindilarni yetkazib berish bitimi imzolangan.
Shu o‘rinda, bugun 2 fevral kuni respublikaning ikki hududida chiqindilarni yoqish orqali elektr energiyasi olishga qaratilgan investitsiya loyihalari qurilishiga tamal toshi qo‘yildi.
Jumladan, Buxoro viloyatida Xitoy Xalq Respublikasining «Wangneng Environment» kompaniyasi ishtirokida 165 mln AQSh dollari miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya hisobiga Kogon tumani «Guliston» MFY hududida yiliga 547,5 ming tonna qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlab, natijada 230 mln kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lgan zavod quriladi. Loyiha ishga tushirilganda qo‘shimcha 150 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Surxondaryo viloyatida esa XXRning «CHSET» kompaniyasi ishtirokida umumiy qiymati 150 mln AQSh dollari miqdoridagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya hisobiga Angor tumani «Bahor» MFY hududida yiliga 438 ming tonna qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlab, natijada 75 mln kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lgan zavod quriladi. Loyiha ishga tushirilganda qo‘shimcha 150 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.Ma’lumot uchun, ushbu zavodlar 2028-yilda ishga tushirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, korxonalar 30-yil davomida faoliyat yuritadi.
Jarayonda investorlar, viloyat hokimlari, agentlik rahbariyati, hududiy boshqarmalar hamda jamoatchilik va OAV vakillari ishtirok etishdi.
Tadbirda viloyat hokimi Botir Zaripov, «Wangneng Environment» kompaniyasi boshqaruv kengashi raisi Shan Chao, Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi direktori Sharifbek Hasanov so‘zga chiqib, loyihaning ahamiyati haqida so‘z yuritishdi. Sharifbek Hasanov ushbu loyiha atrof-muhitni muhofaza qilish, chiqindilarni poligonlarga joylash hajmini kamaytirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish va ekologik barqarorlikni ta’minlash kabi maqsadlarga xizmat qilishini ta’kidlab o‘tdi.
Bu kabi zavodlar ayni paytda respublikaning 6 ta hududi — Toshkent, Andijon, Namangan, Farg‘ona, Qashqadaryo, Samarqand viloyatlarida qurilishi qizg‘in davom etmoqda. Qolaversa, kelgusida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida ham xuddi shunday zavodlar qurilishi rejalashtirilmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda bu kabi tashabbuslar chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish barobarida «yashil iqtisodiyot» tamoyillariga mos bo‘lib, mamlakatimizda ekologik barqarorlikni ta’minlash va sirkulyar iqtisodiyotni va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishga xizmat qiladi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter