Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Buxoroda shayx Sayfiddin Boxarziy sharafiga yangi majmua qurilishi boshlandi (foto)

Buxoroda shayx Sayfiddin Boxarziy sharafiga yangi majmua qurilishi boshlandi (foto)

Foto: «Xabar.uz»

Buxorodagi «Sayfiddin Boxarziy» mahallasida joylashgan ziyoratgoh hududida «Islom tamadduni namoyandalari» xiyoboni barpo etilayotgani haqida «Mo‘g‘ullarni hayratga solgan shayx Sayfiddin Boxarziy tarixi» sarlavhasi ostidagi maqolada avval xabar bergan edik. 

Ma’lumki, Sayfiddin Abul Ma’oliy Sa’id ibn Mutohhar ibn Sa’id ibn Ali Qoidiy Boxarziy XII asrning ikkinchi yarmida, ya’ni 1190 yilda  Xuroson viloyatining Boharz (Eronning shimoliy sharqidagi Naysobur bilan Hirot o‘rtasidagi viloyat) mavzeida tug‘ilgan. Manbalarda ta’kidlanishicha, Boxarziyning nasablari Hazrat Abu Bakr Siddiqga borib taqaladi. Boxarziy Hirot va Nishopur shaharlarida o‘qigan va diniy-huquqiy ta’limni olib, tez orada so‘fiy darajasiga erishgan. Sayfiddin Boxarziy sharafiga «Islom tamadduni namoyandalari» xiyobonining barpo etilayotgani tarixsevar xalqimiz tomonidan ham katta hayajonlar bilan qarshilangan. Ushbu xiyobon zamonaviy va qadimiy ko‘rinishdagi betakror inshootlar bilan yanada fayziyob bo‘lishiga maqsad qilingan va rejalar belgilangan. «Family Park» qurilish kompaniyasi tomonidan   amalga oshirilayotgan ushbu masjid arxitekturasida Sayfiddin Boxarziy hamda Bayonqulixon maqbaralaridan andoza olingan bo‘lib, masjid ikki tarixiy inshoot bilan uyg‘un ravishda bunyod etilishi yo‘lga qo‘yilgan edi.

Dastlabki bosqichda 2000 nafar namozxonga mo‘ljallangan masjid binosi va tahoratxona qurish ishlari boshlab yuborilgan.

Buxoro viloyati hokimi axborot  xizmati guruhi rahbari Olim Jo‘rayevning «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, mazkur xiyobonda islom dini namoyondalari Abu Havs Kabir, Abu Bakr Kalobodiy, Mustamliy Buxoriy, Hazrat Poyanda Muhammadshoh Axsaviy (Fayzobod) kabi yetuk allomalarning memoriallari, masjid binosi, tahoratxona, hunarmandchilik markazi, mehmonxona, kutubxona, anjumanlar zali kabi ob’yektlar barpo etilishi ko‘zda tutilgan.

Buxoro viloyati hokimi majmua loyihasini ko‘zdan kechirar ekan, Botir Zaripov ushbu manzilda bo‘lib, bunda qurilish ishlarining borishi bilan tanishdi.

- Ushbu xiyobon ziyoratchilar uchun muhim tashrif manzillaridan biri bo‘ladi. Shu bois majmua  mukammal tarzda bo‘lishi kerak, - dedi viloyat rahbari Sayfiddin Boxarziy maqbarasi atrofini obodonlashtirish, xiyobondagi qurilish ishlarini jadallashtirish yuzasidan mas’ullarga topshiriq va ko‘rsatmalar berar ekan.

Xiyobonning «Bukhara City» zamonaviy ishbilarmonlik va turar-joylar markazi yaqinida barpo etilayotgani esa uning sayyohlar hordiq chiqaradigan, balki, mehmonlarning milliy va diniy qadriyatlarga oid bilim va tushunchalarini boyitadigan go‘shaga aylanishidan dalolat beradi.

Viloyat rahbariga majmuada bo‘ladigan shart-sharoitlar haqida axborot berildi.  Amalga oshiriladigan qo‘shimcha loyihalar taqdimot qilindi.

Majmua hududini obodonlashtirish, infratuzilmani yaxshilash bilan bog‘liq masalalar  muhokama qilinar ekan, hovli va xiyobonga ko‘proq daraxtlar ekish zarurligi aytildi.

- Bu joy, nafaqat, diniy va ma’rifiy, balki, ulkan madaniy markaz, ziyorat bilan birga ma’rifat, tarbiya, ibrat o‘chog‘i bo‘ladi. Shuning uchun hamma ishlar mukammal bo‘lishi kerak, - dedi Botir Zaripov.

Ma’lumot o‘rnida: Ziyoratgohning bugungi kunda Fatxobod, deb atalishida ham ramziy ma’no mujassam. «Fatx» so‘zi - bosib olingan, ya’ni bosib olingan yerlarni qayta obod etgan Boxarziyga ishoradir. 1976 yilda Buxoroda yuz bergan kuchli yer silkinishi oqibatida maqbara gumbazi batamom xarobaga aylangan. Istiqlol yillarida maqbara binosi qayta ta’mirlanib, asl holiga qaytarilgan, gumbaz qayta o‘rnatilgan. Xalq ijodining nodir asarlaridan bo‘lgan maqbarani buxorolik ustalar va O‘zbekiston yodgorliklarni ta’mirlash va konservatsiyalash maxsus ilmiy-tadqiqot instituti olimlari buzilishdan qutqarishga kirishgan. Yodgorlikni mustahkamlash va qayta tiklash loyihasi tuzilgan. Buxoro maxsus ilmiy ishlab chiqarish ustaxonasi bu muhim ishni ta’mirlovchilar avlodidan bo‘lgan usta Azim Hayitov boshliq brigadaga topshirgan. Brigada a’zolaridan Kamol Otayev, Husayn Najmiddinov, Umid Habibov va boshqa qadimgi yodgorliklarni tamirlovchilar, binoning devorlarini  mustahkamlashgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring