Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Deputatlar temir yo‘l sohasidagi kamchiliklar haqida gapirdi

Deputatlar temir yo‘l sohasidagi kamchiliklar haqida gapirdi

Foto: Qonunchilik palatasi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida transport vaziri Ilhom Mahkamovning temir yo‘l transporti sohasida davlat siyosati ijrosi, infratuzilmani rivojlantirish hamda yo‘lovchi va yuk tashish xizmatlarini takomillashtirish bo‘yicha axboroti eshitildi.

Mamlakatda temir yo‘l orqali tashishlarga talab oshib borayotgan bir paytda mavjud harakat tarkibi va ishlab chiqarish quvvatlari ehtiyojni to‘liq qondirish uchun yetarli emasligi qayd etildi.

Shuningdek, temir yo‘l sohasida davlat ishtirokidagi korxonalarning ustun mavqei saqlanib qolayotgani ham tanqidiy baholandi. Deputatlar vazirlikka vagonlar parkini kengaytirish va ularning sifatini yaxshilash bo‘yicha choralarni kuchaytirishni tavsiya qildi.

Muhokamalarda xususiy sektor ishtirokini kengaytirish orqali raqobat muhitini shakllantirish, investitsiyalarni jalb qilish va xizmatlar sifatini oshirish muhimligi ta’kidlandi.

Shu bilan birga, amalga oshirilayotgan temir yo‘l loyihalarini jadallashtirish, yangi yo‘nalishlar va infratuzilma obyektlarini barpo etish bo‘yicha ishlar sur’atini oshirish zarurligi qayd etildi.

Xalq vakillari temir yo‘l tarmog‘ini modernizatsiya qilishda ekologik yondashuvlarga alohida e’tibor qaratish lozimligini bildirdi. Xususan, «yashil texnologiyalar»ni joriy etish va temir yo‘llarni elektrlashtirish ko‘lamini kengaytirish bo‘yicha takliflar ilgari surildi.

Shuningdek, sohada raqamlashtirish va shaffoflikni ta’minlash maqsadida elektron xizmatlar turlarini ko‘paytirish, aholi va tadbirkorlar uchun qulayliklarni kengaytirish masalalari ham muhokama qilindi.

Majlis yakunlariga ko‘ra, transport vazirining axboroti yuzasidan Qonunchilik palatasining tegishli qarori qabul qilindi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring