Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbekistonga chegara nazorati uskunalari topshirildi

O‘zbekistonga chegara nazorati uskunalari topshirildi

Foto: «Xabar.uz»

Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan Markaziy Osiyoda chegaralarni boshqarishga ko‘maklashish dasturi (BOMCA–10) doirasida O‘zbekistonning bir qator davlat idoralariga umumiy qiymati qariyb 215 ming yevroga teng texnika va maxsus jihozlar taqdim etildi.

YeI delegatsiyasi xabariga ko‘ra, Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qo‘shinlariga topshirilgan «Regula» rusumli pasport o‘qish uskunalari, hujjat haqiqiyligini tekshirish moslamalari va 1003M-14 rusumli lupa qurilmalari O‘zbekistonning Afg‘oniston, Tojikiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston bilan chegaralaridagi nazorat-o‘tkazish punktlarida foydalaniladi.

Shuningdek, O‘zbekiston bojxona qo‘mitasi instituti, tashqi va ichki ishlar vazirliklariga zamonaviy texnik vositalar topshirilgan.

Mazkur dastur bo‘yicha avval ham pasport, viza va boshqa shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarning himoya unsurlari haqiqiyligini tekshirishga mo‘ljallangan uskunalar taqdim etilgan edi.

«BOMCA» (Border Management Programme in Central Asia) dasturi 2003 yilda amaliyotga joriy etilgan bo‘lib, u mintaqa davlatlari o‘rtasida chegaralar boshqaruvi bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan.

Dasturdan ko‘zlangan maqsad sarhadlarni idora etish bo‘yicha ilg‘or usullarni joriy etgan holda, Markaziy Osiyoda chegara boshqaruvi samaradorligini oshirish, pirovardida esa xavfsizlikni ta’minlash hamda iqtisodiy taraqqiyotga erishishdan iboratdir.

Dastur doirasida mintaqa davlatlariga texnik ko‘mak ko‘rsatiladi, hamkorlikda o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkaziladi, seminar-trening va malaka oshirish safarlari uyushtiriladi.

BOMCA YeIning hamkorlar konsorsiumi hamda migratsiya siyosatini rivojlantirish markazi tomonidan amalga oshiriladi. Hamkorlar konsorsiumi Latviya Davlat chegarasini qo‘riqlash xizmati tomonidan boshqariladi.

O‘zbekistonda YeI komissiyasining texnikaviy yordamni muvofiqlashtirish byurosi, tashqi va ichki ishlar vazirliklari, DXX chegara qo‘shinlari, bojxona qo‘mitasi kabi idoralar BOMCA dasturining milliy hamkorlari sanaladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring