Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ekologik ekspertiza sohasida kadrlar malakasini oshirish bo‘yicha hamkorlik memorandumi imzolandi

Ekologik ekspertiza sohasida kadrlar malakasini oshirish bo‘yicha hamkorlik memorandumi imzolandi

Joriy yilning 3 sentyabr kuni Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti (Green University) majlislar zalida Davlat ekologik ekspertizasi markazi hamda Atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida faoliyat yuritayotgan xodimlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Memorandum joriy yilning 24 fevral kuni Davlat rahbari tomonidan imzolangan O‘zbekiston Respublikasining “Ekologik ekspertiza, atrof-muhitga ta’sirni baholash va strategik ekologik baholash to‘g‘risida”gi Qonuni normalarida belgilangan ekologik ekspertiza faoliyatida ishtirok etuvchi sub’yektlar xodimlarining kasbiy bilim va ko‘nikmalarini oshirish hamda ularga belgilangan tartibda malaka sertifikatini berish bo‘yicha o‘zaro hamkorlikni nazarda tutadi.

Yangi tartibga ko‘ra, ekologik ekspertiza faoliyatida ishtirok etuvchi ekolog-ekspertlar vakolatli organ tomonidan attestatsiyadan o‘tkazilishi shart bo‘ladi. Shuningdek, atrof-muhitga ta’sirni baholash materiallarini ishlab chiquvchi tashkilotlarning xodimlari malaka sertifikatiga ega bo‘lishlari majburiy etib belgilandi.

Davlat ekologik ekspertizasi organlari tomonidan 2024 yilda 32 mingga yaqin ekologik ekspertiza xulosalari berilgan bo‘lib, ularning qariyb 700 tasi ekologik talablarga javob bermagani sababli rad etilgan. Ushbu raqamlar loyihachilardan yuqori malaka talab etilishini, ularning bilim va ko‘nikmalarini muntazam rivojlantirish zarurligini ko‘rsatmoqda.

Hozirda mamlakatimizda to‘rt yuzga yaqin loyiha hujjatlarini ishlab chiquvchi tadbirkorlik sub’yektlari va boshqa loyiha institutlarida mingdan ortiq loyihachilar faoliyat olib bormoqda. Shu bilan birga, ekolog-ekspertlarga ham qat’iy talablar qo‘yilmoqda. Endilikda ular ham vakolatli organ tomonidan attestatsiyadan o‘tkazilishi belgilangan. Bu esa Malaka oshirish markazining mas’uliyati va zimmasiga yuklatilgan vazifalar ahamiyatini yanada oshiradi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring