Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Elakdek ilma-teshik» – paqildoqbozlik bojxonachilarga nisbatan e’tirozlarga sabab bo‘ldi

«Elakdek ilma-teshik» – paqildoqbozlik bojxonachilarga nisbatan e’tirozlarga sabab bo‘ldi

Foto: Xabar.uz

Bu yil ham 31-dekabr – Yangi yil oqshomida O‘zbekiston shaharlari bo‘ylab ommaviy mushakbozlik va paqildoqbozlik kuzatildi. Bu hol ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi. Blogerlar pirotexnika vositalari yoppasiga otilganini bojxona xizmati vakillari o‘z vazifasini to‘laqonli bajarmagani oqibati deb baholadi.

«Bojxona va chegara xizmatlari ishi samaradorligini (key performance indicators – KPI) yangi yil kechasi otilgan pirotexnika soniga qarab belgilash kerak. Bugun tundagi mushakbozlik va feyerverk (salyut)ning sonidan xulosa qildimki, bizning bojxona xizmati elakdek ilma-teshik, taqiqlangan moddalar olib kirish keragicha yo‘lga qo‘yilgan. Agar qonun bilan taqiqlangan portlovchi moddalarni olib kirish shunchalik bemalol va tizimli ekan, demak, boshqa taqiqlangan moddalar ham, mahsulotlar ham talabga muvofiq olib kirilmoqda. Faqat u moddalar portlashi sekin va ovozsiz bo‘lgani uchun e’tiborimizdan chetda qolmoqda», – deb yozdi tarmoq faoli Temur Mirzayev.

«Kecha chegaradan o‘tdim. Bojxonachi ishtonimning ichigacha tekshirdi! Hammani shunday tekshirgan bo‘lsa, nega tonggacha panqilloq panqilladi? Javoblar: A) Panqilloqchilar oshqozonida olib o‘tyapti; V) Panqilloqchilar dron bilan olib o‘tyapti; S) Bu yerda korrupsiya bor; Ye) Bojxonachilarning bolalari panqillatdi; K) Panqilloqlar o‘zimizda ishlab chiqarilyapti!» – deya yarim hazil, yarim chin ohangida post qoldirdi yozuvchi Karimberdi To‘ramurod.

«Ayni damda qishlog‘imdagi bojxonachilar». Habibulla Mo‘ydinov chizgan karikatura.

Bloger Mirsaid Haydarov ham tizim vakillariga «tashakkur» bildirar ekan, shuncha taqiqlangan vositalar mamlakatga qanday kirganini savol ostiga olgan.

«Tunda portlatilgan paqildoqlarni o‘ylab hayronligim ortdi. Taxminan 5 mln paqildoq portlatilgan bo‘lsa, donasi taxminan 5 mingdan bo‘lsa, jami 25 mlrd havoga uchdi. Bu 5 ta zamonaviy maktab degani. Daryo misoli ichilgan aroq, konyaklar, tonnalab isrof qilingan oziq-ovqatlarni gapirmayman. Biz shundaymiz», – deb yozdi boshqa bir tarmoq faoli Ixtiyor Mahkamov.

Bojxona xizmati va huquq-tartibot idoralari yangi yil arafasida pirotexnika vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yilgani haqida bir qator xabarlar bergan edi. Masalan, poytaxtga turp olib kelayotgan avtomashina yukxonasiga pirotexnika vositalari yashirilgani aniqlangan.

Farg‘onadagi xonadonlardan birida esa xorijda ishlab chiqarilgan va tegishli hujjatlarga ega bo‘lmagan 407 mln so‘mlik pirotexnika vositalari tegishli tartibda rasmiylashtirib olingan. 

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring