Elchixona fuqarolarimizni imkon qadar Isroilni tark etishga chaqirdi
28 fevral kuni Isroil va uning atrofida xavfsizlik vaziyati keskinlashgani munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining mazkur davlatdagi Elchixonasi rasmiy bayonot bilan chiqdi.
Unda O‘zbekiston fuqarolariga xotirjamlik va hushyorlikni saqlash, mahalliy rasmiy organlar tomonidan berilayotgan xavfsizlik bo‘yicha ko‘rsatmalarga so‘zsiz amal qilish tavsiya etilgan.
Elchixona xabariga ko‘ra, yurtdoshlar maxsus jihozlangan himoyalangan joylar — boshpanalar yaqinida bo‘lishi, mahalliy hokimiyat organlarining qo‘shimcha bildirishlariga qadar ularni tark etmasligi zarur.
Agar imkoniyat mavjud bo‘lsa, vaziyat barqarorlashgunga qadar Isroil hududini vaqtincha tark etish tavsiya etilmoqda.
Elchixona ma’lumotiga ko‘ra, Isroil–Misr chegarasidagi «Begin» («Taba») chegara punkti 24 soat davomida ishlamoqda.
Amaldagi hujjatlarga ega bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari uchun Sinay yarimoroliga kirishda viza talab etilmaydi.
Chegara yig‘imlarini ortiqcha kechikishlarning oldini olish maqsadida onlayn to‘lash tavsiya etiladi.
Qolgan quruqlikdagi chegara o‘tish punktlaridan foydalanish xavfsizlik nuqtai nazaridan tavsiya etilmaydi.
Shu bilan birga, Isroil–Misr chegaralaridagi o‘tish punktlarining ish rejimida o‘zgarishlar bo‘lishi mumkinligi qayd etilgan. Shu bois safarni rejalashtirishdan oldin dolzarb ma’lumotlarni aniqlash muhim.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter