Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Kremldagi bahs. Pashinyan va Putin YeOII, YeI, Qorabog‘ va KXShT haqida muloqot qildi

Kremldagi bahs. Pashinyan va Putin YeOII, YeI, Qorabog‘ va KXShT haqida muloqot qildi

Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan Rossiya prezidenti Vladimir Putin taklifiga ko‘ra Moskvada bo‘ldi. Har ikki rahbarning Kremldagi muloqoti odatiy diplomatik tadbirdan o‘zgacharoq rivojlandi.

Uchrashuv avvaliga odatiy ruhda boshlandi va Putin mezbon sifatida Pashinyanni Moskvada ko‘rib turganidan xursand ekanini bildirdi. Ammo Rossiya prezidenti o‘z nutqining avvalidayoq Armanistonning ichki siyosatiga dohil bayonotga o‘tdi va yaqinda o‘tishi kutilayotgan parlament saylovlari haqida gapira boshladi. Pashinyan Putinning bu munosabatidan hayron qolganini yashirib o‘tirmadi va arman davlat mulozimlari o‘tirgan tomonga qarab, ma’noli kulimsirab qo‘ydi.

– Har qanday saylovlar vaqtida hamma yerda bo‘lgani singari Armanistonda ham vaziyat taranglashishiga ishonaman, mana shu vaziyat bizga, ya’ni bizning o‘rtamizdagi munosabatlarga ta’sir o‘tkazmasligini istagan bo‘lardim, – dedi Putin.

Shundan so‘ng Putin o‘zi bilan olib kelgan qaydlarni o‘qib berishga o‘tdi va Armaniston bilan iqtisodiy munosabatlarga alohida to‘xtaldi. Rossiya prezidenti Armaniston bilan savod aylanmasi bo‘yicha statistik ma’lumotlarni o‘qib berarkan, nomini aytmagan holda qaysidir qo‘shni davlat bilan oldi-berdi ko‘rsatkichlari pastroq ekaniga urg‘u berdi.

Putin keskin bayonot berishda davom etarkan, Rossiya va Armaniston o‘rtasidagi strategik hamkorlik haqida gapirdi hamda YeOII va YeI o‘rtasida tanlov qilish shartligini ta’kidladi. Rossiya prezidenti Armanistondan YevroOsiyo Iqtisodiy Ittifoqi va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida tanlov qilish kerakligini bildirdi.

– Biz Armaniston o‘zi uchun hamkorlarni tanlashiga qarshi emasmiz, ammo bu tanlov haqida oldindan bildirib qo‘yishlari shart, deb hisoblaymiz. Shuningdek YeOII va YeI bilan birdek hamkorlik qilish mutlaqo mumkin emas, bu aniq, – dedi Putin.

Putin o‘z nutqi davomida Rossiya gazni Yevropaga 1000 kub metrini 600 dollardan sotgani holda Armanistonga 177 dollardan berayotganiga urg‘u qaratdi.

Rossiya prezidenti bayonot berishda davom etarkan, Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasidagi munosabatlar, Qorabog‘ bilan bog‘liq holat va xavfsizlik masalalariga to‘xtaldi. "Armaniston Qorabog‘ni Ozarbayjon tarkibida ekanini tan oldi, shunday ekan, bu masalani muhokama qilish to‘g‘ri emas, deb hisoblaymiz", - dedi Putin.

Vladimir Putin o‘z nutqi yakunida Armaniston parlamentiga saylovlar masalasiga qaytdi va erkinlik, demokratik tamoyillarga amal qilinishini istashini ta’kidladi. Rossiyada 2 million atrofida arman millatiga mansub insonlar borligini aytib o‘tgan Putin Armanistondagi ozodlikni cheklash muassasalarida Rossiya pasportiga ega fuqarolar saqlanayotgani va ular saylovoldi jarayonlarida ishtirok etmayotganini ta’kidladi.

– (Armanistonda – tahrir izohi) Rossiyaga moyil bo‘lgan ko‘plab siyosiy kuchlar bor. Albatta, sizga ochiq aytaman – bizning muloqotimiz shunday ochiq bo‘lmoqda, biz doim siz bilan rost va to‘g‘ridan-to‘g‘ri gaplashamiz, – biz juda xohlar edikki, shu barcha siyosiy partiyalar va siyosatchilar saylovlar davomidagi ichki siyosiy jarayonlarda ishtirok eta olsin. Ayrimlari, mening bilishimcha, Rossiya pasportiga ega bo‘lishiga qaramasdan, hozir ozodlikdan mahrum etish joylarida. Albatta bu sizning qaroringiz, biz aralashmaymiz, – dedi Putin.

Pashinyanning javobi

Nikol Pashinyan Putindan farqli o‘laroq o‘z bayonoti davomida qaydlardan deyarli foydalanmadi. Armaniston bosh vaziri garchi Rossiya prezidentining ayrim gaplarini yon daftarchasiga yozib olgan bo‘lsa-da, to‘g‘ridan to‘g‘ri javob berishni ma’qul ko‘rdi.

Pashinyan nutqi avvalida mehmondo‘stlik uchun Putinga minnatdorchilik bildirdi va Armaniston-Rossiya munosabatlari izchil rivojlanib borayotganini ta’kidlab o‘tdi. Pashinyan Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasida tinchlik o‘rnatilgani tufayli Rossiya bilan munosabatlar jadallashganini aytarkan, Ozarbayjon orqali o‘tgan temir yo‘ldan foydalanilayotgani va Rossiya mahsulotlari import qilinayotganini aytdi. "Yaqin vaqtlar ichida bu temir yo‘l orqali Rossiyaga o‘z mahsulotlarimizni eksport qila olishimizga ham umid qilamiz", - dedi Pashinyan.

Pashinyan YevroOsiyo ittifoqi va Yevropa ittifoqi o‘rtasidagi tanlovga to‘xtalib, xozircha har ikkisi bilan hamkorlik qilish imkoniyati bor ekan, hamkorlik davom etishini ta’kidladi. "Tanlov qilish vaqti kelganda esa Armaniston fuqarolari bu ishni amalga oshiradilar", - dedi Pashinyan.
Pashinyan Qorabog‘ masalasida gapirganda Ozarbayjon bilan tinchlik o‘rnatilganiga yana bir marta urg‘u berdi.

– Armaniston va Ozarbayjon har ikki davlatning suverenitetini tan olib bo‘ldi. Armanistonning hududi sovet davri Armanistoni bilan bir xil va Ozarbayjonning hududi ham sovet davri Ozarbayjoni bilan bir xil, - dedi Pashinyan.

Shu bilan birga Pashinyan Rossiya ikki marta Qorabog‘ Ozarbayjon hududi ekanini aytib o‘tgandan so‘ng Armaniston Qorabog‘ni Ozarbayjon hududi sifatida tan olganini alohida ta’kidladi.

Armaniston prezidenti KXShT masalasiga alohida to‘xtaldi, bosh vazir bu tashkilot 2022 yilda nima sababdan o‘z majburiyatlarini bajarmaganini arman xalqiga tushuntira olmasligini bildirdi. Pashinyan ayni vaqtda Armaniston KXShT faoliyatida ishtirok etmayotganini alohida ta’kidladi.

Nikol Pashinyan Armanistondagi parlament saylovi haqida gapirarkan, Armanistonda demokratiya ustun ekanini, barcha ijtimoiy tarmoqlar faol ishlab turganini alohida ta’kidladi. Bosh vazir shuningdek Armaniston qonunchiligiga ko‘ra faqat va faqat Armaniston pasportiga ega bo‘lgan fuqarolargina saylovlarda o‘z nomzodini qo‘ya olishini eslatib o‘tdi.

– Rossiya pasportiga ega kishilar deputatlik va bosh vazirlik lavozimiga o‘z nomzodini qo‘ya olmaydi, – dedi Armaniston prezidenti.

Nikol Pashinyan nutqi yakunida bu qadar ochiq muloqot uchun Vladimir Putinga minnatdorchilik bildirdi.

– Mana shunday ishonch muhiti uchun sizga rahmat aytaman, agarda siz bu qadar ochiq va ishonchli muloqotni boshlab bermaganingizda, men bu ishni uddalay olmagan bo‘lardim, - dedi Pashinyan.

Armaniston prezidenti nutqi yakunida Rossiya bilan munosabatlar davomiy bo‘lishiga umid qilishini va ishonishini aytib o‘tdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring