Endi ov qilishga faqat ovchilik xo‘jaliklari yerlaridagina ruxsat berilishi mumkin
Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida ov qilish va ovchilik xo‘jaliklari faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Qayd etilishicha, mazkur qonun loyihasi ov qilish jarayonlarini aniq tartibga solish, ovchilik xo‘jaliklari faoliyatini tizimlashtirish, yovvoyi hayvonlarni muhofaza qilish va ularning tabiiy ko‘payishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan.
Qonun loyihasida ov qilish jarayonlari shaffofligini oshirishga qaratilgan normalar aks etmoqda. Shu bilan birga, ovchilik yo‘llanmalari (yovvoyi hayvonlarni tutish kartochkalari)ni berish maxsus elektron dastur orqali amalga oshirilishi, ular asosida mavsumiy yoki bir martalik ovni amalga oshirish huquqi taqdim etilishi ko‘zda tutilmoqda.
Qonun loyihasi bilan pitomniklarda yetishtirilgan yovvoyi hayvonlarni ov qilish joylariga qo‘yib yuborish amaliyoti qo‘llab-quvvatlanib, bunday hayvonlar hisobidan ov qilishni tashkil etishga ruxsat berilishi belgilanmoqda. Mazkur yondashuv ov qilish bilan bir vaqtda yovvoyi hayvonlar zaxirasini to‘ldirish imkonini beradi.
Bundan tashqari, ov qilish faqat ovchilik xo‘jaliklariga biriktirib berilgan ov qilish joylarida amalga oshirilishi belgilanmoqda. Bu esa ov qilish ustidan nazoratni kuchaytirish hamda yovvoyi hayvonlarni ko‘paytirish va ularning tabiiy zaxirasini asrashga xizmat qiladi. Shuningdek, ov qilishni rejalashtirish, ruxsat etilgan hududlar va muddatlarni belgilashda yagona tizim asosida ish yuritish nazarda tutilmoqda.
Munozaralar davomida deputatlar ushbu qonun loyihasi mamlakatimizda hayvonot dunyosini muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, ovchilik madaniyatini oshirish hamda sohani barqaror rivojlantirishga xizmat qilishini ta’kidlab, loyihani takomillashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalarini bildirdilar.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Eslatib o‘tamiz, amaldagi tartibga ko‘ra, ov qilish joylari etib, ov qilish uchun foydalaniladigan yoki foydalanilishi mumkin bo‘lgan, yovvoyi hayvonlarning yashash muhiti, bo‘lish va urchish joylari, ularning ko‘chib o‘tish yo‘llari bo‘lgan yerlar, suv ob’yektlari va o‘rmonlar belgilangan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter