Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Eron tomonidan «kislotali bulutlar» kelayotgani rad etildi

Eron tomonidan «kislotali bulutlar» kelayotgani rad etildi

Ijtimoiy tarmoqlarda Eron hududida go‘yoki «kislotali bulutlar» shakllanib, ular yog‘inlar bilan Markaziy Osiyo davlatlari hududiga yetib kelishi mumkinligi haqida xabarlar tarqaldi.

Gidrometeorologiya xizmati agentligi mazkur ma’lumotlarning ilmiy jihatdan asoslanmaganligini ma’lum qilmoqda.

Qayd etilishicha, kislotali yog‘inlar atmosferada oltingugurt oksidlari (СO₂) va azot oksidlari (NO₂) uzoq vaqt davomida to‘planib, bulutlarda suv bug‘i bilan kimyoviy reaksiyaga kirishishi natijasida hosil bo‘ladi. Bunday jarayonlar asosan yirik sanoat hududlari va to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqindi manbalari yaqinida kuzatiladi.

Havo massalari uzoq masofalarga ko‘chishi jarayonida ifloslantiruvchi moddalar konsentratsiyasi atmosferadagi turbulentlik, vertikal aralashish, quruq va nam cho‘kish jarayonlari ta’sirida keskin kamayadi. Shu sababli manbadan minglab kilometr uzoqlikda xavfli darajadagi kislotali yog‘inlar shakllanishi deyarli mumkin emas.

«Bundan tashqari, yog‘inlarning hosil bo‘lishi mahalliy bulut hosil bo‘lish jarayonlari bilan bog‘liq bo‘lib, yog‘inlar asosan hudud ustidagi atmosferada mavjud bo‘lgan suv bug‘i va aerozollar hisobiga shakllanadi.

Meteorologik kuzatuvlar va atmosfera havosi sifati monitoringi ma’lumotlariga ko‘ra, kislotali bulutlarning O‘zbekiston va qo‘shni davlatlar hududiga ko‘chib kelishi xavfi kuzatilmayapti», – deyiladi rasmiy axborotda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring