Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Farg‘onada sohalar rivoji: sanoat, IT va turizm

Farg‘onada sohalar rivoji: sanoat, IT va turizm

Farg‘ona viloyati keyingi yillarda iqtisodiy, sanoat va turizm salohiyatini kengaytirishga qaratilgan yirik loyihalar markaziga aylanmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyevning joriy yil aprel oyida viloyatga tashrifi davomida berilgan topshiriqlar esa hududdagi o‘zgarishlarni yanada ko‘paytiradi. 5–6-may kunlari «Farg‘onada — Yangi O‘zbekiston nafasi» shiori ostida tashkil etilgan press-tur davomida jurnalistlar ana shu yangilanish jarayonlarini joylarda ko‘rish imkoniga ega bo‘lishdi.

Safarning dastlabki manzillaridan biri Farg‘ona shahridagi «Farg‘ona ekspo» xalqaro ko‘rgazmalar markazi bo‘ldi. Besh gektar maydonda barpo etilgan majmua nafaqat ko‘rgazma maydoni, balki investorlar va tadbirkorlar uchun doimiy muloqot platformasi sifatida shakllantirilgan.

Markazda 200 dan ortiq ishlab chiqaruvchilar mahsulotlarini namoyish eta oladi. Sakkiz qavatli binoda savdo va investitsiya tashkilotlari, eksportchilar hamda biznes vakillari uchun ofislar joylashtirilgan. Bu yerda yil davomida 15 ta tarmoq bo‘yicha ko‘rgazma va yarmarkalar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Farg‘ona shahridagi IT-park majmuasi esa raqamli iqtisodiyotga qaratilgan islohotlarning amaliy ifodasi bo‘ldi. 150 milliard so‘m mablag‘ evaziga qurilgan majmua bir vaqtning o‘zida 200 nafar foydalanuvchini qabul qilish imkoniyatiga ega. Bu yerda dasturchilar va frilanserlar uchun zamonaviy kovorking hududlari, rezident kompaniyalar uchun ofislar tashkil qilingan. Markaz yiliga 3 mingdan ortiq yoshlarni o‘qitish, ularni IT loyihalarga jalb qilish imkonini beradi. So‘nggi yillarda Farg‘ona viloyatida axborot texnologiyalari xizmatlari hajmi to‘rt barobarga o‘sgani, eksport esa 23 million dollardan oshgani sohadagi o‘sish sur’atini ko‘rsatadi.

Quvasoy shahridagi «Crown Ceramic» qo‘shma korxonasi esa sanoatda yuqori qo‘shilgan qiymat yaratishga qaratilgan loyihalardan biri sifatida namoyon bo‘ldi. Korxona yiliga 8 million kvadrat metr keramogranit plita ishlab chiqarish quvvatiga ega. Bu yerda mahalliy xomashyodan foydalanish darajasi 97 foizni tashkil etadi. Zamonaviy raqamlashtirilgan texnologiyalar, energiya tejovchi uskunalar va ekologik talablarga mos filtrlar ishlab chiqarish samaradorligini oshirmoqda. Korxona mahsulotlari bugunning o‘zida Qirg‘iziston va Tojikistonga eksport qilinmoqda, yaqin yillarda Qozog‘iston, Rossiya va Yevropa bozorlariga chiqish rejalashtirilgan. Ayniqsa, oddiy soy toshidan yuqori sifatli eksportbop mahsulot tayyorlanayotgani hududdagi sanoat transformatsiyasining amaliy namunasi bo‘lib ko‘rindi.

Marg‘ilon shahridagi «Burhoniddin Marg‘inoniy» ilmiy-ma’rifiy va turizm majmuasi esa milliy meros va zamonaviy turizmni uyg‘unlashtirgan yirik loyihalardan biri hisoblanadi. 35 gektar maydonda qurilgan majmuada mehmonxonalar, karvonsaroy, milliy bozor, muzeylar va hunarmandlar markazi joy olgan.

Bu yerda «Otabek va Kumush uyi» muzeyi ham tashkil etilgan bo‘lib, unda «O‘tkan kunlar» romani muhiti qayta yaratilgan. Turkiyaning «Studio Vertebra» kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan bosh rejaga ko‘ra, kelgusida majmua hududida biznes markaz, yirik masjid va yuzlab savdo nuqtalari ham paydo bo‘ladi. Loyiha to‘liq ishga tushgach, viloyatga yiliga 250 minggacha xorijiy sayyoh jalb qilinishi kutilmoqda.

Press-turning ikkinchi kuni Quva tumanidagi «Quva Agrostar» korxonasi bilan tanishuvdan boshlandi. Bu yerda mahsulot yetishtirishdan tortib saqlash, qayta ishlash, qadoqlash va eksportgacha bo‘lgan jarayonlar yagona tizimga birlashtirilgan. Korxona xalqaro sertifikatlar asosida ishlamoqda va Yaponiya hamda Janubiy Koreya kabi talabchan bozorlarga mahsulot eksport qilishni boshlagan. 3 ming xonadon va minglab dehqon xo‘jaliklari bilan kooperatsiya tizimi yo‘lga qo‘yilgani esa qishloq aholisi daromadini oshirishda muhim omil bo‘lmoqda.

Quva tumanidagi agrovoltaika texnologiyasi joriy etilgan qishloq xo‘jaligi majmuasi esa O‘zbekiston uchun yangi tajriba sifatida qiziqish uyg‘otdi. 110 gektar maydonda tashkil etilgan majmuada quyosh panellari, intensiv bog‘dorchilik, chorvachilik va baliqchilik bir tizimga birlashtirilgan. Quyosh panellari elektr energiyasi ishlab chiqarish bilan birga tuproq namligini saqlash va ekinlarga soya berish vazifasini ham bajaradi. Avstriya texnologiyasi asosidagi yomg‘irlatib sug‘orish tizimi suv sarfini sezilarli qisqartirgan. Hozirda bu yerda eksportbop uzum navlari yetishtirilib, 350 nafar aholi doimiy ish bilan ta’minlangan.

Safarning navbatdagi manzili «Karkidon» suv ombori hududida barpo etilayotgan turizm majmuasi bo‘ldi. 508 gektar maydonda tashkil etilayotgan hududda shale uslubidagi uylar, mehmon uylari, ekobozor, restoranlar va agroturizm obyektlari qurilgan. Kelgusida motokross, karting, golf va dor yo‘li kabi faol turizm yo‘nalishlari ham yo‘lga qo‘yiladi. Loyiha yiliga 750 ming nafar sayyohni qabul qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Shu bilan birga, 2 mingga yaqin yangi ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan.

Press-tur yakunida jurnalistlar «Yangi Quva» mahallasida amalga oshirilgan obodonlashtirish va infratuzilma ishlari bilan ham tanishdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring