Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Gazeta.uz»ga ham «ogohlantirish xati» yuborgan AOKA tezda javobni oldi

«Gazeta.uz»ga ham «ogohlantirish xati» yuborgan AOKA tezda javobni oldi

Foto: «Xabar.uz»

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (AOKA)ning «Gazeta.uz» saytiga yuborgan «ogohlantirish xati» yana bir keskin e’tirozga sabab bo‘ldi.

Saytga ko‘ra, agentlik COVID-kasalxonalari bemorlari statistikasi va SSVning koronavirus bemorlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar taqqoslangan yangilikni e’lon qilgani uchun «jiddiy huquqiy oqibatlar» haqida ogohlantirgan. «Biz ogohlantirish xatiga tahririyatni «noqulay» savollar berishdan to‘xtashga majbur qilishga urinishni eslatadigan keskin javob deb qaraymiz», deya munosabat bildirmoqda sayt jurnalistlari.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi xatida qayd etilishicha, «to‘la tekshirilmagan ma’lumot asosida e’lon qilingan xabar va uning ketidan bildirilgan munosabat jamoatchilikda noto‘g‘ri fikrga olib kelgan». AOKAning qo‘shimcha qilishicha: «Bu esa, o‘z navbatida, mamlakat hukumati tomonidan ushbu yo‘nalishda olib borilayotgan sa’y-harakatlarga nisbatan salbiy fikr-mulohazalar uyg‘onishiga sabab bo‘lishi mumkin» ekan.

«Gazeta.uz» masalani bunday bayon qilishni bo‘rttirish deb hisoblaydi va bu nuqtai nazar bizningcha ham to‘g‘ri! Zero, COVID bilan kasallanganlar va shu ofat sabab vafot etganlarga oid statistikada jamoatchilikda jiddiy shubha tug‘dirayotgani bor gap. Bu hol Sog‘liqni saqlash vazirligi e’lon qilayotgan ayrim ma’lumotlarning o‘zida oshkor bo‘lib qolmoqda.

Hukumatga savol berish, fuqarolar fikrini unga yetkazish — demokratik jamiyatdagi OAVning asosiy vazifalaridan biridir. Ushbu holatdagi o‘quvchilarning izohlari (ularning mazmuni qonunchilikni buzmaydi) jamiyatdagi kayfiyatning indikatori bo‘lishi mumkin, lekin OAVga qarshi sanksiya qo‘llash uchun sabab emas, deya alohida ta’kidlaydi sayt AOKAning ogohlantirish xatiga javoban.

Ma’lumki, kuni kecha AOKA bosh direktori Asad Xo‘jayev gaz va svet ta’minotidagi og‘riqli muammolarni ko‘tarib chiqqan «Kun.uz» saytiga ham ogohlantirish xati yuborgandi. Mazkur xatni «jurnalistik faoliyat erkinligiga bosim o‘tkazish» deb baholagan «Kun.uz» sayti jurnalistlar bilan «kurashish» o‘rniga mavjud muammolarni hal etishga e’tibor qaratishga chaqirdi.

«Gazeta.uz» tahririyati «Kun.uz»ni qo‘llab-quvvatlashi va uning chaqiruvlariga qo‘shilishini bildirgan.

«Xabar.uz»ning pozitsiyasi ham shunday va boshqacha bo‘lishi mumkin emas!

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring