Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Germaniya Orolbo‘yiga 700 ming yevro ajratadi

Germaniya Orolbo‘yiga 700 ming yevro ajratadi

Vazir o‘rinbosari S.Hamidov, BMT doimiy muvofiqlashtiruvchisi K.Vidal va elchi T.Klinner.

Foto: Xabar.uz

Bugun, 16 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida Orolbo‘yi mintaqasi uchun Trast jamg‘armasini qo‘llab-quvvatlashga doir hujjatni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi. Unga ko‘ra Germaniya hukumati ekologik fojiani boshdan kechirayotgan mintaqani qo‘llab-quvvatlash uchun 700 ming yevro miqdorida navbatdagi moliyaviy ko‘makni ajratadi.

Orolbo‘yi mintaqasiga ko‘makka doir hujjat Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Sarvar Hamidov, Germaniyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Tilo Klinner hamda BMTning yurtimizdagi doimiy muvofiqlashtiruvchisi v. b. Konsuelo Vidal tomonidan imzolandi.

Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Sarvar Hamidov Trast jamg‘armasiga ko‘mak uchun Germaniya Federativ Respublikasiga minnatdorlik bildirar ekan, bu harakat boshqa donorlarni ham mintaqada faollikka undashiga umid bildirdi.

Germaniya elchisi, doktor Tilo Klinner suv diplomatiyasi doirasida Orolbo‘yi hududiga ko‘mak yana davom ettirilishini qayd etdi.

«Suv, hayot va tinchlik – bir-biriga chambarchas bog‘liq tushunchalardir. Shu bois ham Germaniya xalqi va hukumati Orol dengizi inqirozi bilan bog‘liq jamiyatning eng dolzarb muammolarini hal qilish uchun zarur bo‘lgan moliyaviy yordamni taklif qilmoqda. Ushbu ustuvor yo‘nalishdagi yutuqlar nafaqat O‘zbekiston fuqarolari, ayollar va bolalar, balki Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlari fuqarolari uchun ham manfaatli bo‘ladi va global miqyosda ijobiy ta’sir ko‘rsatadi degan umiddamiz. Orolbo‘yi mintaqasi uchun Trast jamg‘armasiga ajratilgan mablag‘ Germaniyaning yangi tashqi iqlim siyosatiga hamohangdir», – dedi olmon elchisi.

BMTning O‘zbekistondagi «oilasi» ham Orolbo‘yi mintaqasi rivojiga ko‘makni e’tirof etdi.

«Biz Trast jamg‘armasiga Germaniyaning hissasi O‘zbekiston, Norvegiya, Finlyandiya, Koreya Respublikasi hukumatlari, Yevropa Ittifoqi, Al-Valid xayriya tashkilotlari va kelajakda yordam ko‘rsatuvchi boshqa hamkorlarning badallariga mos kelishi hamda Orol dengizi inqirozidan jabr ko‘rgan insonlar manfaatiga xizmat qilishiga ishonamiz», – dedi BMTning yurtimizdagi doimiy muvofiqlashtiruvchisi v. b. Konsuelo Vidal xonim.

Ajratilgan moliyaviy ko‘mak iqlim o‘zgarishi va atrof-muhit degradatsiyasi salbiy oqibatlarini yumshatishga yo‘naltiriladi.

Ma’lumotlarga qaraganda, Germaniya ko‘magi orqali Trast jamg‘armasi bugungi kunga qadar 16 million dollardan ortiq mablag‘ni safarbar qilgan holda, qishloq hududlarini barqaror rivojlantirish, iqlim o‘zgarishiga moslashish, Orol dengizining qurigan tubida biologik xilma-xillikni tiklash, iqtisodiy va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, sog‘liqni saqlash tizimini yaxshilash kabi yo‘nalishlarda qo‘shma dasturlar amalga oshirdi. Ushbu dasturlar 250 mingdan ortiq benefitsiarlarni, jumladan, yoshlar, ayollar va qariyalarni qamrab oldi.

Joriy yilgi qo‘shma dasturlarda qishloq yoshlari va ayollarini ijtimoiy innovatsion ko‘nikmalarga o‘rgatish, jamiyatning yashil va innovatsion barqarorligini rag‘batlantirishga ham alohida e’tibor qaratiladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring