Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

“To‘g‘ri yo‘ldan og‘dirishgan” — Japarov Tashiyevning ishdan olinishini izohladi

“To‘g‘ri yo‘ldan og‘dirishgan” — Japarov Tashiyevning ishdan olinishini izohladi

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov yana bir bor Qamchibek Tashiyevni lavozimidan ozod etish haqidagi qaroriga izoh berdi.

“Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari lavozimidan ozod etish to‘g‘risida qaror qabul qilishdan oldin do‘stimga qo‘ng‘iroq qildim, bu yerda yuz berayotgan vaziyatni tushuntirdim, uni lavozimidan ozod etayotganimni aytdim va shundan keyin qaror qabul qildim”, — dedi Sadir Japarov “Xabar” agentligiga bergan intervyusida.

Qirg‘iziston prezidentining so‘zlariga ko‘ra, u ushbu shoshilinch qaror bilan, aksincha, do‘stini asrab qolgan.

“Chunki uning atrofida bo‘lganlar — ularni ’oqsoqollar’ deymizmi yoki ’ko‘ksoqollar’, har holda ular do‘stimni to‘g‘ri yo‘ldan og‘dirishar edi. Ular Qamchibek Tashiyev nomi bilan niqoblanib, parlament deputatlari, mas’ul davlat xizmatchilari va jamoatchilikka tanilgan shaxslarga: ’General tomonga o‘tinglar’, deb murojaat qila boshlashgan”, — deya qo‘shimcha qildi Japarov.

Uning ta’kidlashicha, agar Qamchibek Tashiyev lavozimidan ozod etilmaganida, mazkur yo‘nalishda ish olib borgan shaxslar harakati natijasida bunday chaqiriqlar yanada faollashishi mumkin edi. Bu esa davlat apparati xodimlari va jamiyat ichida bo‘linishlarga, ehtimoliy qarama-qarshiliklarga olib kelishi xavfini tug‘dirgan bo‘lardi.

“Shuning uchun do‘stimni lavozimidan ozod etishga majbur bo‘ldim. Davlatdagi barqarorlik men uchun hamma narsadan ustun”, — dedi u.

Ma’lumot uchun, Tashiyev 13 fevralga o‘tar kechasi xorijdagi davolalanishni muddatidan avval yakunlab, Qirg‘izistonga qaytgan.

Eslatib o‘tamiz, 10 fevral kuni Qamchibek Tashiyev lavozimdan ozod etilgandi. Uning bildirishicha, lavozimdan ozod etish to‘g‘risidagi qaror u uchun kutilmagan bo‘lgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring