Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Jallodbek, katta mansablar, 17 qop oltin va ayanchli o‘lim

Jallodbek, katta mansablar, 17 qop oltin va ayanchli o‘lim

U amirning ishratbozligi va irodasizligidan foydalanib, Buxoroda katta mansablarni egalladi. Said Olimxonga go‘zal qizlarni topib keltirgani, hukmdorning ishonchini qozonib, sovg‘a-salomlar yetkazib turgani evaziga yuqori darajaga yetgan edi. Garchi Imomqulning umri amaldorligi bois maishatda o‘tsa-da, hayoti intihosida azoblanib jon berdi...

Mang‘itlar sulolasining so‘nggi vakili – amir Said Olimxon (1881–1944) Rossiyada tahsil olgan harbiy bo‘lsa-da, XX asrning boshlaridagi dunyoda kechayotgan jarayonlarga befarq qaradi. Amirlikda islohot o‘tkazish, «yosh buxoroliklar» bilan murosaga borish o‘rniga saroyda maishat bilan shug‘ullandi, jadidlarni ta’qib qildi. Atrofiga esa o‘ziga sadoqatli bo‘lib tuyulgan, aslida fosiq va zolim amaldorlarni to‘pladi.

Shunday toifa amaldorlardan biri xazinachi Imomqul edi. O‘sha vaqtda amirlik xazinasi dunyodagi eng boy moliyaviy maskan bo‘lib, Imomqul ixtiyorida 40 nafar xazinachi bo‘lgan.

Imomqul amir Abdulahad davrida saroydagi eng past darajali xodim bo‘lib, shahzoda Olimxonning ishlariga yordam berish bilan mashg‘ul edi. 1910 yilda otasining o‘rniga taxtga chiqqan Said Olimxon ishonchini qozongan, maishatparastlikda aynan o‘ziga o‘xshash bo‘lgan Imomqulni dastlab Qarshiga hokim etib tayinladi.

Qarshining suluv qizlarini, xalq boyliklarini soliq yig‘ish bahonasida Buxoroga jo‘natib turgan (tabiiyki, o‘z ulushini olib qolgan holda) Imomqul ko‘p o‘tmay, saroyga ishga olindi. Endi u kimsan – xudaychi va xazinachi lavozimini egallagan edi.

Fitratning yozishiga ko‘ra, «Bu johil va behayo kishi faqat xazinachilik vazifasi bilan qanoatlanmadi. U Olimxonning nodonligi va irodasizligidan foydalanib, mamlakatning barcha ishlariga o‘zining iflos qo‘lini cho‘zdi. U katta-katta mansab va amallarni taqsimlar, amirning in’om va ehsonlar ro‘yxatini tuzar, qozixona va shariat ishlariga aralashardi. Imomqul amaldor va hokimlardan hisob talab qilar, amirning aysh-ishrat, turfa xil majlislarini tashkil etar, harbiy ishlarga ham aralashib, hatto, urush rejasini ham tuzardi».

Ana shunday fisqu fasodlar evaziga boyigan Imomqul va uning olampanohi Olimxonga to‘plangan molu mulki nasib etmadi. 1920 yilning sentyabridagi bolsheviklar zarbasidan so‘ng tanazzulga uchragan amirlik intihosiga yetdi. Amir va amaldorlar, xususan, Imomqulga xazinadan ham ko‘ra jon shirin tuyulib, Afg‘onistonga qochib, o‘sha yerdan panoh topishdi. Ular Afg‘on zaminiga atigi 17 qop tillanigina olib ketishdi, boshqasi esa bolsheviklar qo‘lida qoldi.

Dabdabali qo‘sh lavozimi, ulkan xazinasidan asar ham qolmagan Imomqul Afg‘onistonda ham Olimxonning pinjiga kirib hayotini maishat bilan o‘tkaza boshladi.

Ammo Buxoro xalqining boyliklarini talagan, zolimligi evaziga Jallodbek laqabini olgan Imomqulga Yaratganning o‘zi jazo tayinlab qo‘ygan ekan.

1925 yilga kelib, u og‘ir dard – zahm kasaliga chalindi. Besh yil oldin amir saroyida gerdayib yurgan Imomqul ozib-to‘zib, a’zoi badanini yara bosib ketdi. Uning tanasidan yiring oqar, hatto, eng yaqin odamlari, xotini va farzandlari ham Imomquldan ijirg‘anib, qiyo boqmay qo‘yishdi.

Olampanohi Olimxonning ham ko‘ziga ishratboz xazinachisi ayanchli ko‘ringanidan uni yo‘qlab ham chaqirtirmadi. Shu taxlit amirlikning Jallodbek laqabli amaldori yot ellarda ayanchli tarzda 50 yoshga ham yetmay vafot etdi.

Umid Bekmuhammad,

tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent.

 

 

 

 

 

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring