Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Joylarda chiqindilar olib ketilmayapti» – asossiz qarzdorliklar yuzasidan so‘rov yuborildi

«Joylarda chiqindilar olib ketilmayapti» – asossiz qarzdorliklar yuzasidan so‘rov yuborildi

Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi hamda uning hududiy organlariga 2025-yil davomida qattiq maishiy chiqindilarni tashish xizmatlari bo‘yicha 1141 ta murojaatlar kelib tushgan bo‘lsa, 2026-yilning dastlabki oylarida, ushbu masala yuzasidan 850 dan ortiq murojaat qayd etilib, sezilarli darajada murojaatlar soni ortganligi kuzatildi.

Bu haqda qo‘mita axborot xizmati ma’lum qildi.

Murojaatlarda asosan chiqindilarni o‘z vaqtida olib ketilmasligi, xizmatlar sifati pastligi, shartnoma shartlariga amal qilinmasligi, shuningdek, xizmat ko‘rsatuvchi korxonalar tomonidan asossiz qarzdorlik hisoblanishi hamda buning oqibatida fuqarolarning elektr energiyasi to‘lovlariga cheklovlar qo‘yilgani yuzasidan haqli e’tirozlar bildirilgan.

O‘rganishlar davomida ayrim hududlarda chiqindilarni olib chiqib ketishning belgilangan minimal davriyligiga amal qilinmayotgani hamda fuqarolarga asossiz qarzdorliklar hisoblanayotgani aniqlandi. Murojaatlarning asosiy qismi Namangan, Qashqadaryo, Jizzax, Toshkent va Farg‘ona viloyatlariga to‘g‘ri kelmoqda.

Shu munosabat bilan, iste’molchilar huquqlari va manfaatlarini himoya qilish maqsadida Raqobat qo‘mitasi tomonidan:

  • chiqindilarni o‘z vaqtida va sifatli olib chiqib ketishni ta’minlash;
  • asossiz qarzdorliklar hisoblanishining oldini olish;
  • asossiz qarzdorlik sabab elektr energiyasi to‘lovlariga kiritilgan cheklovlarni qayta ko‘rib chiqish;
  • choralarini ko‘rish yuzasidan Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligiga so‘rov yuborildi.

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, qattiq maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish xizmatlari belgilangan muddat va davriylikda amalga oshirilishi shart. Shuningdek, xizmat ko‘rsatilmagan yoki sifatsiz ko‘rsatilgan hollarda iste’molchi tegishli davr uchun to‘lovdan ozod etilishi belgilangan.

Ma’lumot uchun, Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 6-fevraldagi 95-son qarori bilan tasdiqlangan qoidalarga ko‘ra, qattiq maishiy chiqindilar belgilangan minimal davriylik asosida olib chiqilishi shart (16-band), xizmat sifatsiz ko‘rsatilganda yoki umuman ko‘rsatilmagan taqdirda iste’molchi to‘lovdan ozod qilinadi (33-band). 

Shuningdek, «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunning 4-moddasida «iste’molchi to‘liq va ishonchli ma’lumot olish hamda sifatli xizmat talab qilish huquqiga ega» ekani, 19-moddasida «xizmatlar shartnoma va qoidalarda belgilangan muddat va sifatda ko‘rsatilishi shart»ligi hamda 21-moddasida «ko‘rsatilmagan xizmat uchun haq olish taqiqlanishi» belgilab qo‘yilgan.

Hukumatning 2025-yil 16-oktyabrdagi 648-son qaroriga muvofiq esa chiqindilarni boshqarish sohasida qarzdorlik hisobini yuritish va tahlil qilish hamda uni bartaraf etish choralarini ko‘rish tegishli agentlik vazifalaridan hisoblanadi.

«Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida»gi Qonunning 9-moddasiga muvofiq, xizmat ko‘rsatuvchi sub’yektlar shartnoma majburiyatlarini bajarishi va iste’molchilar huquqlariga rioya qilishi shart.

Qo‘mita, o‘z navbatida, fuqarolarni xizmat sifati bilan bog‘liq holatlarda murojaat qilishga chaqirmoqda va bu yo‘nalishdagi ishlar izchil davom ettirilishini ma’lum qilgan

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring