Kitob o‘qib jazo muddatini qisqartirishi mumkin bo‘lgan mahkumlar soni 13,5 mingdan ortiq – Senat

Senatning o‘ninchi yalpi majlisida jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlarning kitob o‘qishini rag‘batlantirish orqali qonunga itoatkor, ma’naviy va axloqiy qadriyatlarni shakllantirishga qaratilgan qonun loyihasi ham muhokama qilindi.
Mazkur qonun bilan Jinoyat, Jinoyat-protsessual hamda Jinoyat-ijroiya kodekslariga mahkumlarning jazoni o‘tash muddati ular tuzalish yo‘liga o‘tganligi munosabati bilan qisqartirilishini nazarda tutuvchi qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilyapti.
Xususan, Jinoyat kodeksi jazoni o‘tash muddatini shaxs tuzalish yo‘liga o‘tganligi munosabati bilan qisqartirishni nazarda tutuvchi 74-1-modda bilan to‘ldirilmoqda.
Bunda mahkumlar tomonidan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan tasdiqlangan, mahkumlarda to‘g‘ri ma’naviy va axloqiy qadriyatlarni shakllantirishga qaratilgan adabiyotlar ro‘yxatidagi kitoblarni o‘qisa va ushbu kitoblarni o‘qiganligi fakti tasdiqlangan taqdirda jazoni o‘tash muddati har bir o‘qilgan kitob uchun uch kunga, biroq bir yilda ko‘pi bilan o‘ttiz kungacha Komissiyaning xulosasiga asosan sud tomonidan qisqartirilishi mumkinligi belgilanmoqda.
Ushbu norma faqat jazodan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilinishi nazarda tutilgan (umrbod ozodlikdan mahrum etishga hukm qilinganlardan tashqari) shaxslarga nisbatan tatbiq etilishi belgilanmoqda.
Qonunchilikka kiritilayotgan ushbu o‘zgartirishlar bugungi kunda jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini o‘tayotgan jami 43 mingdan ortiq mahkumlarning 13,5 mingdan ortig‘iga nisbatan tatbiq etiladi.
Manba: senat.uz
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter