O‘zbekiston va Belarus hududlararo hamkorligi yangi bosqichga chiqadi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Belarus Respublikasiga amalga oshirgan rasmiy tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishga bag‘ishlangan taqdimot bilan tanishdi.
Qayd etilishicha, 8–9 iyul kunlari bo‘lib o‘tgan tashrif doirasida o‘zaro savdo hajmini 2 milliard dollarga yetkazish hamda mashinasozlik, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, to‘qimachilik, yog‘ochni qayta ishlash va tibbiyot sohalarida umumiy qiymati 2 milliard dollarlik 310 ta loyihani amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishilgan.
Davlat rahbari ushbu kelishuvlarni qisqa muddatlarda amaliy natijaga aylantirish, yangi korxonalar va ish o‘rinlari tashkil etish hamda tadbirkorlar uchun qulay sharoitlar yaratish muhimligini ta’kidladi.
Taqdimotda Andijon viloyati va Belarusning Vitebsk viloyati o‘rtasidagi hamkorlik natijalariga alohida to‘xtalindi. Hozirga qadar 255 nafar andijonlik tashkiliy asosda Vitebsk viloyatiga ishga jo‘natilgan. Shuningdek, 11 ta chorvachilik majmuasi negizida yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishilgan.
Umuman, Vitebsk va Belarusning boshqa hududlarida chorvachilik, yog‘ochni qayta ishlash, logistika, savdo va xizmat ko‘rsatish sohalarida qiymati 100 million dollardan ziyod bo‘lgan 30 ta yangi loyiha shakllantirilgan.
Prezident Andijon–Vitebsk hamkorlik modelini boshqa hududlarda ham joriy etish bo‘yicha topshiriq berdi. Bunga ko‘ra, Buxoro, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Toshkent, Farg‘ona va Samarqand viloyatlari Belarusning turli viloyatlariga biriktirilib, har bir hudud uchun alohida «yo‘l xaritalari» ishlab chiqiladi.
Shuningdek, har bir hududdan 30 nafardan yetakchi tadbirkor Belarusga olib borilib, mahalliy sheriklar bilan qo‘shma loyihalarni boshlash vazifasi qo‘yildi.
Logistika sohasida ham yangi tashabbuslar ilgari surildi. Yil yakuniga qadar Orsha stansiyasida eksport-import yuklari uchun intermodal logistika markazini ishga tushirish, shuningdek, ikki davlat o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri blok-poyezdlar qatnovini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda.
Fuqarolarni ish bilan ta’minlash masalasi ham muhokama qilindi. Dastlabki bosqichda Belarusdagi 13 ta korxonaga 1 100 nafar o‘zbekistonlik ishga joylashtiriladi. Sentyabrdan boshlab esa har oy 500 nafardan, jami 5 ming nafar andijonlik Vitebsk viloyatida doimiy ish bilan ta’minlanadi. Bu maqsadda Vitebsk shahrida Migratsiya agentligi vakolatxonasi ochiladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev har bir kelishuv aniq loyiha, yangi ishlab chiqarish, qo‘shimcha savdo hajmi va munosib ish o‘rinlarida o‘z ifodasini topishi lozimligini ta’kidlab, mutasaddilarga barcha «yo‘l xaritalari» ijrosini doimiy nazorat qilish bo‘yicha topshiriqlar berdi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter