Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Majburiy mehnat va futbolga majburiy chipta. Andijonda nimalar bo‘lyapti?

Majburiy mehnat va futbolga majburiy chipta. Andijonda nimalar bo‘lyapti?

Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan Andijon viloyatida o‘qituvchilar va o‘quvchilarining majburiy mehnatga jalb qilinganligi holati tekshirilmoqda. Bu haqda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi ma’lum qildi.

Foto: Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi

Mazkur holat Izboskan tumanidagi 7-sonli maktabda ro‘y bergani bildirilmoqda. Vazirlik ushbu holatga oid fotolarni ham ilova qilgan.

Shuningdek, shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda «Andijon» futbol klubining uy uchrashuvlariga chiptalar va yillik abonomentlar majburiy sotilayotgani haqida e’tirozlar ko‘p yangramoqda. Aytilishicha, ayrim korxonalarga bir necha o‘ntalab yillik abonomentlar xarid qilish majburiyati yuklangan. Chiptalarning darvoza ortidagi o‘rindiqlarga ekani va narxining qimmatligi qo‘shimcha noroziliklarni keltirib chiqargan. Eng achinarlisi, abonomentlarni sotib olish maktab va bog‘chalarning zimmasiga ham yuklanmoqda ekan. Ushbu masalaga ham tegishli tashkilotlar tez orada oydinlik kiritishsa ajabmas. Chunki «pinhona ish»ning allaqachon «misi» chiqib bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning 17-aprelida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasida Bosh vazir Abdulla Aripov rahbarligida «Hududlarda dala va tozalash-obodonlashtirish ishlariga tibbiyot va ta’lim muassasalari xodimlari, talabalar va ijtimoiy soha vakillarini jalb qilishni taqiqlash va ushbu holatlarga yo‘l qo‘ygan barcha darajadagi hokimlar va rahbarlarning shaxsiy mas’uliyat va javobgarligini oshirishga qaratilgan choralarni belgilash» masalasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilib, ijtimoiy soha xodimlarini jamoat ishlariga majburiy jalb etishga yo‘l qo‘yilmasligi rasman ma’lum qilingan edi. O‘sha videoselektor yig‘ilishida  Andijon shahar hokimi Rahmatullayev va Andijon viloyati hokimi o‘rinbosari Rahmonovga hayfsan hamda oxirgi marta ogohlantirish berilgandi.

2018-yilning 10-mayida esa Vazirlar Mahkamasi tomonidan «O‘zbekiston Respublikasida majburiy mehnatga barham berishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» qarori qabul qilingandi.

Ushbu qaror ijrosi doirasida 2018-yilda O‘zbekistonda majburiy mehnatga yo‘l qo‘ygan 200 nafardan ortiq rahbar javobgarlikka tortilgani aytilgandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring