Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Maza qilib yeng va ...ozing»

«Maza qilib yeng va ...ozing»

Foto:«Xabar.uz»

Rossiyadan kelgan taniqli vrach-endokrinolog, diyetolog, «Rayt Diyet» ovqatlanish tizimi ixtirochisi, semizlik va qandli diabetni davolash bo‘yicha mutaxassis, «Perviy kanal», «Rossiya 1», «NTV», «Ren TV», «TNT» kabi telekanallarning doimiy maslahatchisi Vadim Krilov o‘zining O‘zbekistondagi bepul seminarlarini boshladi. Ular Samarqand, Toshkent va Farg‘ona shaharlarida o‘tkaziladi.

Bugun Vadim Krilovning «Qanday qilib ham mazali taomlar yeb, ham xushbichim bo‘lib yurish mumkin?» degan mavzudagi ilk seminar-trening mashg‘uloti Samarqand shahridagi «Registon Palace» mehmonxonasida bo‘lib o‘tdi.

Foto:«Xabar.uz»

Semirish, ortiqcha vazn muammosiga mubtalo bo‘lish AQShda aholining 70 foizini, Rossiyada 60, O‘zbekistonda esa 50 foizini qamrab olganini aytgan Vadim Krilov ortiqcha vazn paydo bo‘lishi sabablari va unga qarshi kurashish yo‘llarini jonli misollar, ko‘rgazmali vositalar yordamida tushuntirib berdi.

Viktorina va amaliy mashqlar asosida o‘tkazilgan seminarda ishtirokchilar to‘g‘ri ovqatlanishga odatlanish, o‘zlarida ozishga bo‘lgan irodani shakllantirish, nonushta, tushlik va kechki ovqatlanishni to‘g‘ri tashkil qilish, qanday qilib xavfsiz ozish va natijalarni «ushlab qolish», ishxonada to‘g‘ri ovqatlanish, samarali mashqlar o‘tkazish qoidalarini o‘rgandilar.

Ishtirokchilar o‘zlarining ovqatlanish tartibi, nimalar yeyishini aytganida, ayniqsa, «nahor oshi»da sahardan osh yeyishni boshlab, nuqul to‘yma-to‘y yurib, kechasi soat 21-22 largacha jiz, tandirkabob singari kuchli ovqatlarni yeyishlarini aytganida Vadim Krilovning hayratdan «og‘zi ochilib qoldi».

30-40 minut yurish, yugurish bilan shug‘ullanadigan kishilar nega ozish o‘rniga semirishini ham sodda qilib tushuntirib berdi:

− 40 minutgacha mashq qilinganda, yurilgan yoki yugurilganda tana o‘zi uchun kuch yig‘adigan holatda bo‘ladi. Ana shu orada mashg‘ulotlarni to‘xtatgan odamlar semiradi. 40 minutdan keyin jismingiz tanadagi yog‘larni «kuydirishni boshlaydi». Demak, bir soat yurgan yo yugurgan odam yog‘ini eritish uchun 20 daqiqa sarflagan bo‘ladi.

To‘g‘ri ovqatlanish qoidalarini batafsil tushuntirgan Vadim Krilov tanadagi ortiqcha yog‘larni eritadigan mahsulotlar haqida ham aytdi. Bular o‘zbek xalqi azaldan bilgan ko‘k choy, zaytun moyi, mandarin, apelsin, xurmo, greypfrut va achchiq shokolad ekan.

Vadim Krilov «Novatio», «Slim Fit» va «Yedim zdorovo» kompaniyalari mutaxassislari bilan birga semizlikning tashxislanishi va davolanishi, ozish uchun nimalar qilish shartligi xususida ma’lumot berdi.

Foto:«Xabar.uz»

Seminar tugagach, Vadim Krilov ishtirokchilar bilan alohida-alohida suhbatlashib, o‘z muammolarini aytgan kishilarga kerakli tavsiyalarni ham berdi. Istaganlarga tashrif qog‘ozlarini bergan Vadim Krilov uning «Telegram» va «Instagram»dagi kanallari orqali doimiy ravishda maslahatlashib turishlari mumkinligini aytdi. Qizig‘i, seminar ishtirokchilari bilan tushgan surati allaqachon uning sahifasida turgan edi...

Fursatdan foydalanib, Vadim Krilov bilan ozgina suhbatlashdik.

Ma’lumot uchun:

Vadim Krilov 30 yoshda. 1-Moskva meditsina universitetining davolash ishlari fakultetini bitirgan. Shu universitetda xirurgiya bo‘yicha va Endokrinologiya ilmiy markazida endokrinologiya bo‘yicha ordinaturalarni bitirgan. Rossiya yosh olimlari ittifoqi a’zosi. Rossiya endokrinologlar asssotsiatsiyasi, Yevropa endokrinologlar asssotsiatsiyasi, Xalqaro endokrinologlar assotsiatsiyasi, AQSh endokrinologlar asssotsiatsiyasi, Bosh va bo‘yin o‘simtalari mutaxassislari  jamiyati, Rossiya jarrohlar jamiyati, Rossiya enoskopik jarrohlar jamiyati a’zosi, ko‘plab xalqaro konkurslar, seminarlar qatnashchisi.

− Ortiqcha vazn XXI asrning eng jiddiy muammosi. O‘zbekistonga tashrifim davomida men yurtdoshlaringizni o‘z bilim va tajribalarim asosida sog‘lom turmush tarziga va uzoq umr ko‘rishga chorlamoqchiman, − dedi Vadim Krilov. – Yana ko‘ngillari tusagan biror ovqatni inkor qilmasdan.

− Ko‘nglimiz tusagan taomdan tiyilmasdan ozish mumkin ekanmi? – hayron bo‘ldim.

− Mumkin va aslida, shunday ozish kerak. Bilasizmi, erkaklarning bir oyda ko‘pi bilan 6 kg, ayollarning esa ko‘pi bilan 4 kg ozishlari me’yor hisoblanadi va shunchadan ozish xavfsiz. Turli sun’iy yo‘llar, tabletkalardan foydalanib, birdaniga ko‘p ozish ham xavfli, ham birdaniga ko‘p vazn yo‘qotgan odamda ajinlar, terilarining xalta bo‘lishlari kabi yoqimsiz o‘zgarishlar ham kuzatiladi. Men seminarlarimda qanday qilib istalgan ovqatni yeb ozish yo‘llarini o‘rgataman.

Maza qilib yeng va ozing! Mening shiorim ana shunday.

− Shunday seminarlarni qayerlarda o‘tkazdingiz?

− Bugungacha seminarlarimni Amerikada va Yevropaning bir qator mamlakatlarida o‘tkazdim. Oxirgisi Germaniyada bo‘ldi. Nemislar ham mashg‘ulotlarimga katta qiziqish bilan qarashmoqda. Masalan, AQShda hatto jarrohlik usullari yordamida ozishga harakat qilishadi. Yevropa mamlakatlarida esa turli ximiyaviy vositalar, tabletkalardan foydalanishadi. Meniki esa, yuqorida aytganimdek, maza qilib yeb ozish.

− Siz ham har xil dori-darmonlarni tavsiya qilasizmi?

− Men asosan to‘g‘ri ovqatlanishni targ‘ib qilaman. Ammo ozishga yordam beruvchi vosita sifatida O‘zbekistondagi «Novatio» kompaniyasi ishlab chiqarayotgan, faqatgina tog‘larda o‘sadigan shifobaxsh giyohlardan tayyorlanadigan malhamlarni tavsiya qilaman. Ular butunlay tabiiy va ishonchli. Shuningdek, «Slim Fit» oqsilli kokteylini ham yomon emas. Uning bir stakanini kechqurun ichsangiz, kechki ovqatingizning o‘rnini bosish bilan birga tanangizning xushbichim bo‘lishiga katta yordam beradi. Anchagina ortiqcha kilogrammlardan xalos etadi. «Novatio» kompaniyasining «Yedim zdorovo» servis xizmatidan foydalansangiz, kuniga besh mahal sizni ozdiradigan, salomatligingizni tiklaydigan, immunitetingizni mustahkamlaydigan foydali ovqatlarni yetkazib berishadi.

Vadim Krilov o‘z seminarlarini 21 iyun kuni Toshkentda, 22 iyun kuni Farg‘onada o‘tkazadi.

Karimberdi To‘ramurod,

«Xabar.uz» muxbiri 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring