Mitti hikoyalar: quyuq tutun qa’ridagi ayol
Oqibat
Shaharning eng malakali uqalovchi hamshirasiga iltimos tushdi: yetti yoshga to‘lgan bo‘lsa-da, haliyam yurolmayotgan bolakayni muolaja qilish kerak.
Ma’lum bo‘lishicha, ota-ona bolani tinimsiz davolatgan, bunday muolajalarni juda ko‘p qo‘llashgan, afsuski, natijasi bo‘lmagan ekan.
Hamshira kog‘ozda yozilgan manzilga keldi va u yerda biri vayrona, ikkinchisi koshona uylarga ko‘zi tushdi. Ayol o‘ylanib turib, xarobaga aylanayozgan uy eshigini taqillatdi. Eshikni munkayib qolgan ko‘rimsizgina kampir ochdi. Hamshira undan falonchi akaning xonadoni qaysi ekanini so‘radi. Kampir saroydek koshonani ko‘rsatib, bu uyda o‘zining o‘g‘li yashashini aytdi...
Hamshira biroz turdi-da, indamay ortiga qaytib ketdi.
Chekish
Ayol borki, alam chekdi... Dardu sitamlardan fig‘oni falakkacha yetdi. Lekin ichiga yutdi. Yig‘ladi, siqtadi. Ichidagini chiqarib yubordi. Bunda unga imoni, sabru saboti, ichki ishonchi ko‘makka qo‘l cho‘zdi.
Ayol borki, baxtni quchdi... Iqbolidan sarmast bo‘ldi. Yig‘ladi, kuldi. Ichidagini chiqarib yubordi. Bunda unga kelajakka bo‘lgan umidi, ishonchi va shukronalik hissi ko‘makka keldi.
Ayol borki, dard chekdi... To‘lg‘oq azobidan dunyolar larzaga keldi. Lekin chidadi. Yig‘ladi, siqtadi. Bir kuni ming kundek tuyulib, butun umrini ko‘z o‘ngidan o‘tkazdi. Chaqaloq yig‘isi bilan barcha og‘riqlar bosildi. Bunda unga chidam, bardosh va farzand yordam berdi.
Ayol borki... tamaki chekdi... Chekayotib bor dunyoni unutdi. Ko‘kka o‘rlayotgan tamaki tutunlari o‘zini har yoqqa urmasin, ayolga ayolligini uqtirolmasdi. Oilasining borligi, farzandlari uchun sog‘lom holda kerakligini anglatolmasdi. Ayol berilib chekdi. Gohida pinhona, gohida oshkora chekdi. Uni ko‘rib, dunyo alam chekdi. Axir u homilador edi. Murg‘ak homila avval qorinda tutun yutdi, keyin yorug‘ dunyoda dardlarga ko‘milib ketdi...
Ayol tamaki chekdi. Yillar ham unga hukmini o‘tkaza olmadi. Sog‘liq ketdi, kuch ketdi, o‘pka ketdi. Shuncha zaharni ichiga yutdi. Yig‘ladi, o‘rtandi. O‘zini har joyga urdi. Ammo ichidagini chiqarib yubora olmadi. Endi qanday kuch yordam berar ekan? Kasalmand bolasimi yo tutunlarga qo‘shilib tumanga aylangan imon, ishonchimi?
Ko‘zgu
Bir kitobda qalb oynasi haqida o‘qib qoldim. Halovatim yo‘qoldi. Qalb oynasi! Uni qayerdan axtaray? O‘zimdan izladim va topdim! Ammo...
Unga termilish u yoqda tursin, bir boqishning o‘zi mushkul ekan. Oddiy shisha qarshisida soatlab vaqt o‘tkazish mumkin. Bu bizga cho‘t emas. Ammo qalb oynasiga bir qarash uchun o‘zingda katta kuch topishing kerak ekan. Men qaradim va uning sal xiralashganini ko‘rdim...
Oradan ma’lum vaqt o‘tdi. Men vijdon amriga bo‘ysunib, qalb oynamni yarqiratib yuraverdim. Kunlardan bir kuni volidamning dilini og‘ritib qo‘ydim. Nimadir bo‘ldi-yu, o‘zimga qarshi gapirib yubordim. Onaizorimning ko‘ngli ozorlandi. Men yugura solib, qalb oynamga razm soldim: anchagina xira tortibdi. Qancha jilmayishga urinmay, xo‘mrayib turaverdi. Meni kechirmadi...
Onaizorim bo‘lgan dilxiralikni allaqachon unutib yuborgandir. Ammo mening ko‘nglimdan ketgani yo‘q. Qalb oynamda dog‘ bo‘lib, har gal boqqanimda bot-bot esga tushiraveradi endi...
Hayit bayramida
Laylo xorijiy firmalardan birida ishlaydi. Qo‘lida so‘nggi rusumdagi telefon. Ijtimoiy tarmoqlardan biriga kirib, boshqasidan chiqadi. Zamondan orqada qolmayin, deydi. Aqlli, hushli, harakatchan, serg‘ayrat qiz. Do‘stlari Ledi deb murojaat qilishadi.
Uning yana bir xislati: barchaga e’tiborli. Laylo do‘stlari, yaqinlari va hamkasblaridan birortasining tug‘ilgan kunini esidan chiqarmaydi. Bir og‘iz tabrik bilan bo‘lsa ham, hammadan oldin yo‘qlashga urinadi. Bayramlarni aytmaysizmi, qo‘l telefoningizga birinchi bo‘lib shu qizdan bayram tabrigi yozilgan noma keladi. Naqadar chaqqon va e’tiborli.
Yaqinda hayit bayramini nishonladik. Bu kunni ham qahramonimiz e’tibordan chetda qoldirmadi. Bir kun oldin SMS matnlarini tayyorlab qo‘ydi. Quyosh hali ko‘zini ochmasidan Layloxon ularni jo‘natishga kirishdi. Avval boshliqlardan boshladi. Keyin hamkasblari, undan so‘ng eng yaqin dugonalari... Albatta qishlog‘ida uni sog‘inib o‘tirgan yaqinlarini ham esdan chiqarmaydi. Singlisining qo‘l telefoniga chiroyli qilib tabriknoma jo‘natdi. Noma oxirida, hammani mening nomimdan qutlab qo‘y, dedi. Keyin ijtimoiy tarmoqqa kirib, «druzya»larini ham chiroyli tarzda tabrikladi.
Ishda hamma uni uddaburon va ziyrakligini aytib maqtadi. Kun bo‘yi rahmatlar eshitib, mamnun bo‘lgancha uyiga qaytdi. Ostona hatlab kirayotgandi hamki, qo‘l telefoni jiringlab qoldi: «Qizginam, bayraming bilan!»
Laylo bo‘shashib qoldi. Bugun hammani tabriklabdi-yu, onaizorini bir og‘iz qutlab qo‘yish esidan chiqibdi...
Aldamchi taskin
Ikki norasidasini qaynonasiga tashlab, begona yurtda xorlik-zorliklarga chidab ishlayotganiga yetti yil bo‘libdi. Shu haqda o‘ylar ekan, ayol chuqur xo‘rsindi, bolalariga ichikdi. So‘ng yana o‘sha – «nimadandir kechmasang, nimagadir erisholmaysan», degan so‘zlar bilan o‘ziga taskin berdi-yu, hashamatli uy qurish orzusida hojatxonani tozalashga astoydil kirishib ketdi.
Chorasizlik
O‘g‘il otasini yo‘qlagani bugun har kungidan erta keldi. Salomlashdi, yuz-qo‘llarini nam sochiq bilan artdi. Keyin xotini tayyorlab berib yuborgan nonushtani og‘ziga tutdi. Ota yemadi, u tomonga hatto qayrilib ham qaramadi. Uch oydirki, ich-etini tirnayotgan o‘g‘il otasining jonsarak qo‘llarini ushlab ikki jumlani yig‘i aralash takrorlay boshladi: «Nima qilay, ota, nima?»
Uning alamli nolasini shifokorning bo‘g‘iq ovozi buzdi: «Apparatni o‘chirish haqidagi tilxatga imzo chekasizmi?»
Sohiba Mullayeva.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter