Namangan viloyatiga hokim tasdiqlandi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyat Xalq deputatlari kengashida ishtirok etmoqda. Davlat rahbari yig‘ilish davomida Namangan viloyati hokimligiga Shavkat Abdurazzoqov nomzodini ko‘rsatdi.
— Hozirgi sharoitda hokim tayinlash ham, hokim bo‘lish ham oson emas. Namangan viloyatida katta korxonalar yo‘q va rahbar uddaburan, xalqparvar bo‘lishi shart. Biz Namanganga munosib insonni tayinlashimiz lozim.
O‘tgan to‘rt yil davomida Xayrulla Bozorov bilan ko‘p ishlarni amalga oshirdik. U o‘z ishiga munosib bo‘lgani uchun Farg‘ona viloyatiga rahbar etib tayinladik va farg‘onaliklar uni yaxshi qabul qilishdi.
Bozorov bilan ko‘p gaplashdim, shaxsan o‘zim ham ikkita viloyatga rahbarlik qilganman. Bu esa katta tajriba degani. Birinchi viloyatda ishlagan odam bilib-bilmay xatolarga yo‘l qo‘yishi mumkin. Ammo keyin tajribasi oshadi.
Namanganga saylanadigan hokim haqida gapirsak, bu yerga tashqaridan odam olib kelib, yoki Toshkentdan biror vazirni qo‘yish mumkin edi. Ammo viloyatni yaxshi biladigan odam kerak. Mingbuloqdan tortib, Chustgacha vaziyat qanday ekanini tushunadigan rahbar kerak.
Shu sababli Abdurazzoqov Shavkat Shokirjonovichning nomzodini viloyat hokimligiga taklif qilmoqchiman. Uni juda yaxshi bilasiz. Albatta, Shavkat Abdurazzoqov hammaga ham yoqmasligi mumkin, chunki qattiqqo‘l odam hammaga ham ma’qul kelmaydi. Ammo u unumli ishi bilan xalqqa va Prezidentga yoqadi.
Agar kimdir viloyat hokimligi uchun o‘z nomzodini bildirmoqchi bo‘lsa, marhamat. Hokimning ishi oson emas. Mabodo kimdir tashabbus bilan chiqsa, bajonidil ko‘rib chiqamiz. Hozir esa Shavkat Abdurazzoqov nomzodini deputatlarga tavsiya qilmoqchiman, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Abdurazzoqov oxirgi 5 oy mobaynida viloyat hokimi vazifasini vaqtincha bajaruvchi sifatida faoliyat yuritib kelayotgan edi. Xalq deputatlari kengashi tomonidan uning nomzodi Namangan viloyati hokimligiga tasdiqlandi.
Xabar.uz axborot tahliliy portali davlat rahbarining Namanganga tashrifini yoritishda davom etadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter