Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Orolga tashrif» xalqaro avtosayohat loyihasi ishtirokchilari tantanali kuzatildi

«Orolga tashrif» xalqaro avtosayohat loyihasi ishtirokchilari tantanali kuzatildi

Joriy yilning 20 avgust kuni Orolbo‘yi mintaqasining tabiiy landshaftlari, tarixiy obidalari va madaniy boyliklarini keng jamoatchilikka tanitish, hudud turizm salohiyatini oshirish hamda avtoturizm yo‘nalishlarini rivojlantirish maqsadida Turizm qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan «Orolga tashrif» xalqaro avtosayohat loyihasi ishtirokchilari Qoraqalpog‘istonga yo‘l oldi.

Turizm qo‘mitasida o‘tkazilgan tantanali kuzatuv marosimida ta’kidlanganidek, 8 kun davomida 70 dan ortiq ishtirokchilar 30 ga yaqin yo‘l tanlamas avtomobillarida Nukus, Mo‘ynoq, Orol bo‘yi hududi, Buxoro, Xiva va Navoiy viloyatlariga tashrif buyurib, mintaqaning turistik maskanlari, ekologik muammolari hamda mahalliy aholining turmush tarzi bilan yaqindan tanishadilar.

Sayohat davomida ishtirokchilar Orol dengizining qurigan tubi, Mo‘ynoqdagi tarixiy kemalar qabristoni va ekologik ofat oqibatlari haqida ma’lumot oladilar. Shuningdek, ular hududdagi ekologik tiklanish loyihalari, yashil iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar bilan ham tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Ushbu avtosayohat loyihasi Orolbo‘yi mintaqasida ekoturizm, madaniy va tarixiy turizm hamda ekstremal turizm yo‘nalishlarini rivojlantirishda muhim qadam hisoblanadi. «Orolga tashrif» xalqaro avtosayohat loyihasi ishtirokchilari Mo‘ynoqda joylashgan Orol fojiasi muzeyi, Nukusdagi Igor Savitskiy nomidagi san’at muzeyi, Buxoro, Navoiy va Xiva shaharlarining turizm salohiyati bilan yaqindan tanishadilar.

Mazkur loyihaning yana bir muhim jihati — turizm orqali xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va Orolbo‘yi mintaqasining jahon hamjamiyatidagi ijobiy imijini shakllantirishdir. Sayohat davomida ishtirokchilar o‘z taassurotlari va tavsiyalarini ommaviy axborot vositalari hamda ijtimoiy tarmoqlar orqali keng jamoatchilik bilan bo‘lishib boradilar, bu esa ushbu noyob hududning sayyohlik salohiyatini yoritishda muhim rol o‘ynaydi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring