«Qurilish va buzilish fojialari». Deputatlar hukumatdan zudlik bilan tushuntirish berilishini so‘rashmoqda
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari Rasul Kusherbayev, Abdurashid Abduqodirov va Akmal Umirzakovlar so‘nggi kunlarda «dong taratayotgan» (Yangiyo‘l shahri, Rishton, Oltiariq, Qamashi, Yakkabog‘, Sariosiyo tumanlari) joylar bo‘yicha zudlik bilan parlamentda deputatlar va jamoatchilikka asoslantirilgan tushuntirish berilishii so‘rashmoqda.
Xalqimizni rozi qilishga qaratilgan bugungi islohotlarni inobatga olsak, kichkina bir tumandagi ishlarni boshqarish ham kishidan katta mas’uliyat va javobgarlik talab qilinishini tasavvur qilish qiyin emas.
Shu o‘rinda joylardagi davlat organlari, jumladan, mahalliy hokimiyatlarda ijobiy o‘zgarishlarni ro‘yobga chiqarayotgan, haqiqiy mehnati bilan xalqni rozi qilayotgan ko‘plab mard, fidoiy insonlar borligini ta’kidlab o‘tish joiz.
Biroq, faqatgina yuqori rahbarlarga yaxshi ko‘rinish va maqtov eshitish uchun berilgan topshiriqlarni ko‘r-ko‘rona qonunlar, inson huquqlarini oyoqosti qilgan holda, eng yomoni xalqning noroziligini orttirish evaziga bo‘lsa-da bajarishga urinayotgan shaxslar ham talaygina. Bunga ko‘plab tuman va shaharlarda aholining uy-joylari, tadbirkorlarning ko‘chmas mulklarini, hatto qaysidir «tadbirkor» manfaati uchun davlat muassasalarini ham qonun va qoidalarga zid holda buzib tashlash yoki fermer, o‘qituvchi, tibbiyot va boshqa budjet tashkiloti xodimlarini majburiy mehnatga jalb etib, haqorat qilish, urish kabi holatlar uchrab turgani misolida keltirish mumkin.
Afsuski, bunday misollardan biror bir viloyat chetda qolayotgani yo‘q. Ayniqsa, Yangiyo‘l shahri, Rishton, Oltiariq, Qamashi, Yakkabog‘, Sariosiyo tumanlaridagi fuqarolarning xususiy mulklari tartib-taomillarga zid holda buzilayotganligi qonun tugul oddiy insoniylik me’yorlariga ham mos kelmayapti. Ushbu hududlarda hokimlar boshchiligidagi rahbarlarning bosh maqsadi xalq farovonligini o‘ylash emas, xalqni qiynab bo‘lsa ham, avvalo, yuqori rahbariyatga yaxshi ko‘rinishga aylanib borayotganligini anglash qiyin emas.
Ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali keng tarqalayotgan yuqoridagi kabi holatlarga javoban kuni kecha davlatimiz rahbarining bildirgan tanqidiy munosabatlaridan ham tegishli xulosa qilish o‘rniga joylarda bunday bosh-boshdoqliklar davom ettirilayotganligini tushunish qiyin. Prezident va xalqning ularga bildirgan ishonchi va ko‘rsatayotgan hurmatining ham chegarasi bor emasmi? Ayrim hokim yoki rahbarlar o‘zlarini cheksiz vakolat egasi hisoblab, urush holatlarida bo‘lgani singari faqat natija uchun harakat qilayotganini O‘zbekiston dunyoga yuz tutayotgan bir sharoitda qaysi qolipga sig‘dirib bo‘ladi?
E’tibor bering: Adliya vazirligining bergan rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra, Toshkent shahar, Toshkent, Farg‘ona, Qashqadaryo va Namangan viloyatlarida fuqarolarga ko‘chmas mulklari buzilgani uchun deyarli 300 mlrd. so‘m miqdoridagi kompensatsiya pullari berilmaganligi aniqlangan. Bu rasman qayd etilgan holatlar, biroq hali qayd qilishdan qochib, turli bahonalar bilan fuqarolar ortga qaytarilayotgan holatlar qancha.
Bejizga davlat rahbari qurilish va oliy ta’limni korrupsiyasiz sohaga aylantirish tashabbusini ilgari surganlari yo‘q. Chunki bu mamlakat kelajagining barqarorligini ta’minlaydigan omillar.
Qator imtiyozlar berilganiga qaramay, arzon uy-joylar narxining bozor narxidan ham qimmatga tushayotgani, boz ustiga ko‘pchilik bunday uylarning sifatsiz qurilayotganidan noroziligi kelgusida jamiyatimiz uchun ham, iqtisodiyotimiz uchun ham o‘rnini to‘ldirib bo‘lmas zarar keltirishi mumkin. Yangi namunali loyihalar asosidagi uylarning bir metr kvadrati uchun o‘rtacha to‘rt million so‘m belgilansa-da, aynan o‘sha uyning kadastr narxidagi bir metr kvadrati uchun ikki, ikki yarim million so‘m yoki davlat va jamiyat manfaatlari uchun, degan bahona bilan buzilayotgan uy-joylarga kompensatsiya to‘lashda bir metr kvadrati narxi bir million so‘mdan ham to‘g‘ri kelmayotganini qanday tushunish mumkin? Bu fuqarolarga nisbatan ochiq firibgarlikku...
Yana bir qiziq holat: yillar davomida xaroba holdagi maktab, bog‘cha, kasalxona yoki ichki yo‘llarni qurish, ichimlik suvini keltirish, madaniyat maskanlarini yaxshilash uchun topilmagan mablag‘ qaysidir mansabdor, uchar «tadbirkor»ning shaxsiy boylik ortirish maqsadiga «tasodifan» mos tushadigan bozorlarni qayta qurish, ko‘p qavatli uy-joy barpo etishga topilaverishi g‘alati emasmi. Uch-to‘rt yil o‘tmasdan bozorlarda qayta qurish ishlarining takrorlanaverishi ko‘pincha mahalliy hokimiyatdagi rahbarlarning almashishi bilan ustma-ust kelishini ham tasodif, deyish qiyin.
Achinarlisi, yuqoridagi kabi holatlarga qarshi kurashuvchi, javobgarlikka tortish uchun vakolatlari bo‘lgan huquq tartibot organlarining bunday holatlarni oldini olish, aybdor shaxslarni javobgarlikka tortish borasidagi o‘rni yetarli darajada sezilmayapti, ular jamoatchilik nazarida turgan ko‘p holatlarga ham ko‘z yummoqdalar.
Qizig‘i, murojaatlar yuzasidan vakolati doirasida ish olib borayotgan, so‘z erkinligidan foydalanib munosabat bildirayotgan hamda masalalarni chuqurroq o‘rganish maqsadida joylarga borib fuqaro va mas’ullar bilan suhbatlashgan, o‘rganayotgan DEPUTATni xalqni noroziligini orttirishda ayblayotgan ba’zi hokimlik va idoralar mas’ullarning munosabatini nima deb baholash mumkin? Birgina Toshkent viloyatining Yangiyo‘l shahridagi noqonuniy buzilishlardan norozi bo‘lgan aholi dardini eshitishga borgan deputatga nisbatan «xalqni noqonuniy miting qilishga chorlash» mazmunida ayb qo‘yishga, o‘zlarining qonunsiz ishlarini yopishga urinishi boshqa hokimlik mas’ullarining ham xalq dardini eshitishga intilayotgan vakillariga nisbatan qarashning qanday ekanligiga ishora bo‘lmoqda. Bundan ortiq nomardlik va pastkashlik bo‘lmasa kerak.
Nahotki, mavjud qonun va qoidalarga amal qilmasdan, bir emas, butun boshli mahallalardagi uy-joylarni, bozorlardagi xususiy mulklarni noqonuniy buzib tashlanishiga sababchi bo‘lgan hokimiyat vakillari o‘rniga bu kabi salbiy holatlarni oldini olishga harakat qilayotgan DEPUTAT hammasiga aybdor bo‘lsa.
Suv keltirgan xor-u, ko‘za sindirgan aziz bo‘laveradimi?
Yuqoridagi holatlar saylovchilarning haqli e’tirozlariga sabab bo‘layotganligini inobatga olib, parlament oliy vakillik organi sifatida mazkur muammolarni alohida o‘rganib, Bosh vazirning tegishli o‘rinbosarining hududlarda qonun hujjatlariga amal qilmay fuqarolarning xususiy mulklariga ziyon keltirilishi holati, shu jumladan, bu borada «dong taratayotgan» (Yangiyo‘l shahri, Rishton, Oltiariq, Qamashi, Yakkabog‘, Sariosiyo tumanlari) joylar bo‘yicha zudlik bilan parlamentda deputatlar va jamoatchilikka asoslantirilgan tushuntirish berishi, eshituv natijasi bo‘yicha esa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tegishli choralar qo‘llashi zarur deb hisoblaymiz, deyiladi deputatlar murojaatida.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter