Ozarbayjon madaniyat markazida yangi yil munosabati bilan bayram tadbiri o‘tkazildi
Ozarbayjon Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Elchixonasi huzurida faoliyat ko‘rsatadigan Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat Markazida Dunyo Ozarbayjonliklarining Birdamligi Kuni va Yangi yil munosabati bilan “Madaniyat — kuchimiz, birdamlik — birligimizdir” shiori ostida bayram tadbiri o‘tkazildi. Tadbirda diplomatik korpus vakillari, davlat va jamoat tashkilotlari namoyandalari, madaniyat va san’at xodimlari, ommaviy axborot vositalari vakillari, shuningdek O‘zbekistonda yashayotgan Ozarbayjon diasporasi a’zolari va vatandoshlarimiz ishtirok etdilar.

Tadbirning rasmiy qismi Ozarbayjon Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyalarining yangrashi bilan boshlandi.
Ozarbayjon Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Huseyn Quliyev tabrik so‘zi bilan chiqish qilib, ishtirokchilarni Dunyo Ozarbayjonliklarining Birdamlik kuni va yaqinlashib kelayotgan Yangi yil munosabati bilan tabrikladi. Elchi o‘z nutqida gumanitar va madaniy tashabbuslarning xalqlar o‘rtasida o‘zaro anglashuvni mustahkamlashda muhim rol o‘ynashini bildirdi.

Konsert dasturining musiqiy qismida Ozarbayjonning taniqli xonandasi Ravon Qachayev va yosh qo‘shiqchi Ulkar Abdullayeva chiqish qildilar. Ularning ijrosida Vatanga, milliy o‘zlikka, do‘stlik va birdamlikka bag‘ishlangan qo‘shiqlar yangradi.
Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat Markazining “Xari Bulbul” teatr truppasi tomonidan Ozarbayjon klassik dramaturgiyasi va musiqali teatriga oid sahna ko‘rinishlari tomoshabinlarga taqdim etildi. Shuningdek “Qorabog‘ Zafari” raqs ansamblining chiqishlari turkiy xalqlarning tarixiy xotirasi, milliy g‘ururi va birlik ruhini aks etdirdi.
Bayram tadbiri Yangi yil munosabati bilan bildirilgan ezgu tilaklar bilan yakunlanib, Ozarbayjon va O‘zbekiston o‘rtasidagi madaniy hamkorlik kelajakda ham muvaffaqiyatli davom ettirilishiga ishonch bildirildi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter