O‘zbekistonda emlash qamrovi 99,5 foizga yetdi
![O‘zbekistonda emlash qamrovi 99,5 foizga yetdi](https://xabar.uz/static/crop/2/4/920__95_241424473.jpg)
Bugun, 24-aprel kuni «Poytaxt» biznes markazining majlislar zalida Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan «O‘zbekistonda bolalarni poliomiyelitdan himoya qilish uchun yangi vaksina tatbiq etilishi»ga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Unda Sog‘liqni saqlash vazirligi mutasaddilari, soha mutaxassislari, JSST, BMTning bolalar fondi — «YuNISEF» xalqaro tashkiloti mas’ul xodimlari va ommaviy-axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
![](http://static.xabar.uz/uploads/1/720__4rJKHp2wu7-Y-aQWwN4xPTjVkt-WJ09f.jpg)
Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati
Mamlakatimizda sog‘liqni saqlash sohasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Prezidentimizning ushbu sohani rivojlantirish, uni tubdan isloh qilishga qaratilgan qator farmon va qarorlari qabul qilindi. Qabul qilingan huquqiy hujjatlar doirasida yurtimizda yuqumli kasalliklarning oldini olish borasida amalga oshirilib kelinayotgan ishlar aholi o‘rtasida yuqumli kasalliklar bo‘yicha epidemik vaziyatning barqarorligi ta’minlashga xizmat qilmoqda. Xususan, karantin va o‘ta xavfli yuqumli kasalliklar, bundan tashqari, poliomiyelit, difteriya, qoqshol kasalliklarining o‘tgan yillar mobaynida yurtimiz hududida umuman qayd etilmagani, shuningdek, virusli gepatitning V turi, ko‘k yo‘tal, tepki singari vaksinalar orqali boshqariladigan yuqumli kasalliklar ham keskin ravishda kamaygani fikrimiz isbotidir.
Bundan tashqari, joriy 2019-yildan boshlab barcha o‘smir qizlarni papilloma virusiga qarshi emlash bilan to‘liq qamrab olish yo‘lga qo‘yiladi. Milliy emlash kalendari bo‘yicha mamlakatimizda bolalar 12 ta boshqariladigan infeksiyaga qarshi davlat hisobidan profilaktik emlanadi. 2017-yilda yuqumli kasalliklarga qarshi emlash uchun sarflanadigan mablag‘lar to‘liq davlat budjeti hisobidan qoplandi. Ushbu tadbir uchun o‘tgan yilning o‘zida 42,3 milliard so‘m mablag‘ ajratildi va emlash qamrovi 99,5 foizga yetkazildi. Natijada, 2017-yil Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan O‘zbekiston qizamiq va qizilcha kasalliklaridan xoli hudud deb e’tirof etildi. Joriy yilda ham bu yo‘nalishdagi ishlar uchun davlat budjetidan ajratiladigan mablag‘lar 105 milliard so‘mga yetkaziladi.
O‘tgan asrning 80-90-yillarida dunyoning qator mamlakatlarida, shu jumladan, yurtimizda ham bolalar orasida o‘tkir shol (poliomiyelit) kasalligi qayd etilgan. Ma’lumki, shol kasalligi, asosan, bolalar orasida uchraydi va uning og‘ir asoratlari umrbod nogironlikka, ayrim hollarda esa, o‘lim bilan tugashiga olib keladi.
Yurtimizda mazkur yo‘nalishda olib borilgan islohotlar sabab, milliy emlash jadvali asosida, bolalarni kasallikka qarshi to‘laqonli emlash tizimi yo‘lga qo‘yildi. Yiliga ikki marotabadan o‘tkazilgan ommaviy emlash kunlari natijadasida, mamlakatimizda shol kasalligi umuman qayd etilmadi va Jaxon sog‘liqni saqlash tashkilotining «O‘zbekiston poliomiyelit virusidan holi hudud»ligi to‘g‘risidagi xalqaro sertifikati qo‘lga kiritildi.
![](http://static.xabar.uz/uploads/1/720__Asu2P1LCIPSUINh1MnWVYnekOV78oB2I.jpg)
Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati
Shol kasalligi bo‘yicha mavjud barqaror epidemik vaziyatni saqlash, kasallikka moyil bo‘lgan aholini emlash bilan to‘liq qamrab olish maqsadida, shu yilning 24-28 aprel kunlari mamlakatimizning barcha viloyatlarida poliomiyelit kasalligiga qarshi yangi vaksinani qo‘llash bo‘yicha Yevropa milliy emlash kunlarida targ‘ibot-tashviqot ishlarini o‘tkazish rejalashtirilgan.
4 oylik bolalarga mo‘ljallangan poliomiyelit vaksinasi ushbu kasallikni dunyo miqyosida tugatilishiga xizmat qiladi. Endilikda, u O‘zbekistonning milliy emlash dasturiga ham kiritiladi.
Ma’lumki, butun dunyoda poliomiyelitni oldini olish maqsadida qo‘llaniladigan emlash tizimi ikki xil usulda — og‘izga tomchi (OPV) va inaktivlashtirilgan poliomiyelit vaksinalari (IPV) orqali amalga oshiriladi. Mazkur amaliyot virusning bir insondan boshqa bir insonga yuqishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida qo‘llaniladi va bu usullar dunyoda poliomiyelit bilan kasallanish jarayonining 99 foiz kamaytirishga xizmat qiladi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda milliy emlash kalendariga asosan, bolalarning 99,5 foizi hayot uchun xavf soluvchi yuqumli kasalliklarga qarshi emlangan.
Poliomiyelitga qarshi milliy emlash kunlari davomida xavfsiz emlashni tashkil etish va o‘tkazish, bundan tashqari, shol kasalligi bo‘yicha xushyorlikni oshirish maqsadida, kasallikning klinikasi, tashxisi, davolash va profilaktikasiga bag‘ishlab yurtimizning barcha hududlarida mahalliy shifokorlar uchun seminarlar o‘tkazildi.
Shuningdek, ushbu seminarlar yurtimiz bo‘ylab tashkil etilgan barcha emlash brigadalari va punktlaridagi jami 12000 nafardan ziyod tibbiyot xodimlari jumladan, 6 ming nafarga yaqin shifokorlar, 7 ming nafardan ziyod emlash va patronaj hamshiralari, maktabgacha ta’lim muassasalari hamda mehribonlik uylari mutasaddilari uchun ham tashkil etiladi.
Shuni alohida ta’kidlash zarurki, poliomiyelit kasalligiga qarshi vaksinaning xavfsizlik darajasi Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining maxsus sertifikati bilan kafolatlangan bo‘lib, emlash — in’yeksiya yo‘li bilan amalga oshiriladi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter