Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

AQShning «yumshoq kuchi» qattiq bosim ostida

AQShning «yumshoq kuchi» qattiq bosim ostida

Agentlikning Vashingtondagi bosh qarorgohida 3000, dunyo bo‘ylab esa 7000 dan ziyod xodim ishlab kelgan.

AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) dunyodagi eng yirik ko‘mak jamg‘armalaridan biri sanaladi. Yillik budjeti qariyb 40 mlrd dollarni tashkil qiluvchi agentlik tizimida dunyo bo‘ylab 10 mingga yaqin xodim faoliyat yuritib kelgan.

Donald Tramp AQSh prezidenti sifatida faoliyatga kirishgan ilk kunlardayoq chet mamlakatlarga yordam dasturlarini muzlatishga farmon berdi. Bu taqiq ortidan USAID loyihalari ham to‘xtab qoldi.

Kuni kecha Oq uy xalqaro agentlikning jahondagi barcha xodimlarini ma’muriy ta’tilga chiqarishga qaror qildi.

Bu qaror amalda tashkilot faoliyati butunlay falajlanishini anglatadi.

Tramp agentlikka yangi rahbar tayinlamadi. Boz ustiga, avval kuzatilmagan hodisa ro‘y berdi: davlat kotibi Marko Rubioga USAID direktori vazifasini bajarish topshirildi.

Xo‘sh, Oq uy hamda USAID o‘rtasidagi ziddiyatning sababi nima? Tramp 64 yildan buyon faoliyat yuritib kelayotgan xalqaro tuzilmani yopmoqchimi?

Tramp va Maskning g‘azabiga uchragan agentlik

Ilon Mask USAID butunlay tugatilishi kerak deb hisoblaydi.

Donald Tramp prezidentligining ilk kunlaridayoq USAID faoliyatini keskin tanqid qildi. Agentlikni «bir to‘da aqlsiz radikallar» idora etayotganini aytgan Tramp rahbariyat iste’foga chiqarilishini aytgan. «Ularni ishdan olamiz, keyin aniq qaror qabul qilamiz», deya kosa tagida nim kosa qabilida bayonot bergan AQShning yangi rahbari. Ya’ni u  USAID faoliyati tugatilishini aytmagan, ammo Oq uy bayonotlaridan xalqaro agentlik Davlat departamenti tizimiga o‘tkazilishi va uning budjeti qisqartirilishini taxmin qilish mumkin. 

So‘nggi xabarlarga qaraganda, Oq uy agentlikning jahon bo‘yicha 10 mingdan ziyod xodimlarining 97 foizini ishdan bo‘shatib, 294 nafarini qoldirmoqchi.

AQShning tashqi yordam dasturlarini boshqarish bilan shug‘ullanib kelgan USAID mustaqil agentlik bo‘lib, Kongress ajratgan mablag‘lar asosida faoliyat yuritgan. Jo Bayden davrida agentlik rahbari Milliy xavfsizlik kengashi a’zoligiga ham qabul qilingan. 

Tramp tomonidan Hukumat samaradorligi bo‘yicha departament rahbarligiga tayinlangan milliarder Ilon Mask esa USAID’ni jinoiy tashkilot deb atagan. U, shuningdek, xalqaro agentlikni biologik qurollar ishlab chiqarishni moliyalashtirishda ayblagan.  Milliarder bu da’vosi uchun dalil keltirmagan.

Davlat kotibi M.Rubio ham agentlik AQSh milliy manfaatlarini ilgari surish vazifasini bajara olmadi, aksincha butunjahon xayriya tashkilotiga aylanib qoldi, deb hisoblaydi. Bosh diplomat fikricha, USAID faoliyati AQShning tashqi siyosatiga muvofiqlashtirilmog‘i lozim.

Oq uy ma’muriyati bayonotlarida USAID tizimida talon-toroj va suiiste’molchiliklar ro‘y bergani haqida so‘z boradi. Tramp, ma’muriyati, shuningdek,  Amerika xalqiga tegishli pullar Kolumbiyada transgenderlar opera teatrini qurish, Gvatemalada jinsni o‘zgartirish, Misrda turizmni rivojlantirish, Iroqda «Sezam ko‘chasi» shousi o‘tkazish kabi loyihalariga sarflanganidan norozi. Shunga ko‘ra, ma’muriyat «o‘nlab yillar mobaynida davom etgan qallobliklarni to‘xtash»ga va’da bergan.

Xalqaro tashkilotlar xavotiri

2025 yil 3 fevral, Vashington. Namoyishchilar agentlikni saqlab qolishni talab qildi.

Oq uy ma’muriyatining mustaqil tuzilma sanalgan USAID’ni Davlat departamenti tarkibiga qo‘shib yuborish tashabbusiga Vakillari palatasi va Senatdagi respublikachi deputatlar e’tiroz bildirmadi. Aksincha, Vakillar palatasining xorijiy aloqalar bo‘yicha qo‘mitasi raisi Brayan Mast bu g‘oyani qo‘llab-quvvatladi va nazoratni kuchaytirish kerakligini aytdi. Ammo demokratik partiyaga mansub senatorlar Oq uyning xalqaro agentlikka doir siyosatini qoralamoqda. USAID faoliyatini himoya qilayotgan qonun chiqaruvchilar Oq uyning xatti-harakatlarini Kongress vakolatlariga aralashish deya baholamoqda. Soliq to‘lovchilarning puli qanday sarflanishini Oq uy emas, xalq vakillari hal etishini ta’kidlagan senatorlar Tramp tavsiya qilgan rahbarlarni lavozimga tasdiqlashni paysalga solishga va’da bergan. Ammo demokratlar Senatda kamchilik ekani inobatga olinsa, ularda ham Oq uyning  USAID faoliyatiga doir siyosatiga ta’sir ko‘rsatish imkoni kamligi ayon bo‘ladi.

USAID 2023 yilda 130 mamlakatdagi loyihalar uchun 40 mlrd dollardan ziyod mablag‘ sarflagan. Agentlik faoliyati to‘xtatilishi ortidan dunyo bo‘ylab amalga oshirilayotgan xayriya loyihalari ham falajlangan.

The New York Times gazetasi, masalan, Afrikadagi Esvatini (Svazilend) davlatida OITSga qarshi kurash dasturi to‘xtagani va bemorlar dori-darmonsiz qolgani haqida yozdi. 

Tahlillarga qaraganda, USAID’ning OITSga qarshi kurash loyihalari doirasida 25 million kishining hayoti saqlab qolingan, 5,5 million chaqaloq ushbu xastaliksiz dunyoga kelgan. Ayni paytda dunyo bo‘ylab 20 million kishi muolaja olmoqda. BMT ekspertlari agar Vashington OITSga qarshi kurash dasturini moliyalashtirishni to‘xtatsa, 2029 yilga borib 6,3 million kishi ushbu xastalikdan o‘lishidan ogohlantirgan.

Umuman, xalqaro agentlikning faoliyat ko‘lami keng. U Afrikada Ebola virusi tarqalishiga qarshi kurashsa, Kambojada epidemik nazoratni kuchaytirishga ko‘mak beradi. Afg‘onistonda yo‘l qurishni moliyalashtirsa, Sudanda ochlikka qarshi kurash uchun mablag‘ ajratadi.

Xalqaro tuzilmadan eng ko‘p yordam olgan mamlakat bu Ukrainadir. 2024 yilning o‘zida Kiyevga USAID loyihalari doirasida 4,28 mlrd dollar ko‘mak ko‘rsatilgan. Rossiya bosqini boshlangan 2022 yildan buyon esa xalqaro agentlik tomonidan Ukrainaga insonparvarlik ko‘magi sifatida 2,6 mlrd dollar, taraqqiyot uchun 5 milliard dollar va budjetni qo‘llab-quvvatlash uchun 30 mlrd dollar yordam ajratilgan.

Xalqaro gumanitar tashkilotlar USAID’ning jahondagi ko‘plab odamlarning hayotini saqlab qolgan dasturlari butunlay yopilishidan xavotir bildirmoqda.

G‘arblik ayrim tahlilchilar esa AQShning insonparvarlik ko‘magi borasida chekinishidan foydalanib, Xitoy tashabbusni qo‘lga olishi va global miqyosda ta’sirini oshirishidan ogohlantirmoqda.

USAID’ning O‘zbekistondagi loyihalari ham to‘xtaydimi?

2023 yil, dekabr, memorandum imzolash marosimi. O‘zbekiston adliya vaziri Akbar Toshqulov va USAID missiyasi rahbari Devid Hoffman.

AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi O‘zbekistonga ham 1993 yildan buyon ko‘mak ko‘rsatib keladi. Agentlik avvalroq chop etgan statistikaga ko‘ra, 1993-2021 yillarda O‘zbekistonga iqtisodiy o‘sishni jadallashtirish, xususiy sektorni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi, ta’lim, sog‘liqni saqlash, suv resurslarini boshqarish, qonun ustuvorligini takomillashtirish, migratsiya va odam savdosi bilan bog‘liq yo‘nalishlarda 500 million dollardan ortiq ko‘mak ko‘rsatgan.

2023 yil 23-24 oktyabr kunlari mamlakatimizda mehmon bo‘lgan USAID administratori Samanta Pauer O‘zbekiston xalqini qo‘llab-quvvatlash uchun 14,2 million dollar mablag‘ ajratilishini e’lon qilgandi. Ushbu mablag‘ silga, epidemiya va pandemiya tahdidlariga qarshi kurash, biznes va xususiy sektorni mustahkamlash, yanada mas’uliyatli va samarali mahalliy boshqaruv kabi yo‘nalishlarda sarflanishi ko‘zda tutilgandi.

Bundan bir yil avval USAID O‘zbekistonda «Barcha bolalar muvaffaqiyatli» deb nomlangan besh yillik loyihani ishga tushirgandi. 25 million dollarlik loyiha mamlakatimizdagi nogironligi bo‘lgan bolalar huquqlarini himoya qilishga ko‘mak berishi aytilgan.

2023 yilda agentlik ko‘magida «Sildan xoli O‘zbekiston» deb nomlangan besh yillik tashabbusga start berilgan.

2023 yil dekabr oyida O‘zbekistonda AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi bilan hamkorlikda mahalliy davlat hokimiyatini rivojlantirish loyihasi amalga oshirilishi ma’lum qilingandi. Loyiha doirasida samarali mahalliy boshqaruvni ta’minlash uchun huquqiy-me’yoriy muhitni takomillashtirish, qarorlar qabul qilishda fuqarolar ishtirokini rag‘batlantirish va mahalliy davlat hokimiyati organlari salohiyatini kuchaytirishga e’tibor qaratilishi ko‘zda tutilgan.

O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan dasturlar davom ettiriladimi yoki to‘xtatiladimi? Bu borada aniq ma’lumot mavjud emas. Loyihalar taqdiri USAID faoliyati Oq uy tomonidan taftish etilib, yakuniy qarorga kelingach hal etilsa ajab emas. Ayni paytda esa agentlik saytining O‘zbekistonga oid bo‘limi ham ishlamayotir. Sayt manzili terilsa, xodimlar ma’muriy ta’tilda ekani haqidagi axborot chiqmoqda, xolos.

Agentlikning O‘zbekistondagi missiyasiga tegishli Feysbuk sahifasida esa USAID tegrasidagi mojarolar haqida axborot yoki munosabat berilmagan. So‘nggi bor 18 yanvarda yangilangan sahifa arxivlangani ma’lum qilingan.

Bir o‘q bilan ikki quyon

Malavilik (Afrika) ayol agentlik loyihasi doirasida koronavirusga qarshi emlanmoqda.

USAID 1961 yilda prezident Jon Kennedi tomonidan tashkil etilgan. Oq uy ma’muriyatini xalqaro ko‘mak tashkiloti tuzishga «sovuq urush» majbur qilgan deyish mumkin. Sovet Ittifoqi bilan barcha jabhalarda raqobatga kirishgan Qo‘shma Shtatlar rivojlanayotgan va kambag‘al davlatlarga ko‘mak ko‘rsatish orqali o‘z ta’sir doirasini kengaytirish va do‘stlarini ko‘paytirishni maqsad qilgan edi. Amerikaliklar Yevropada ijobiy natija bergan Marshall rejasidan ilhomlanib, USAID faoliyati uchun ham kattagina mablag‘ ajratishgan. Bu orqali bir o‘q bilan ikki quyon urilgan: ham dunyo davlatlaridagi muammolarni hal etishga ko‘mak ko‘rsatilgan, ham jahon bo‘ylab AQShning ijobiy imiji shakllantirilgan.

Sirasini aytganda, USAID dunyo miqyosida AQSh tashqi siyosat manfaatlarini ilgari suruvchi «yumshoq kuch» vositasidir.

Vashington xalqaro agentlik orqali xorijiy davlatlardagi siyosiy jarayonlarga ta’sir ko‘rsatishga urinadi degan qarash ham mavjud. Ayni shu nuqtai nazarga ko‘ra Rossiyada AQSh agentligi faoliyati 2012 yilda taqiqlangan.

Sir emaski, Donald Tramp «yumshoq kuch»ning ishqibozi emas. Asli-nasli tujjor bo‘lgan siyosatchi mamlakat nufuzini oshirish uchun xorijiy davlatlarga xayriya qilgandan ko‘ra budjet mablag‘ini ichki ehtiyojlarga sarflashni ma’qul deb hisoblaydi. Uning islohotlar dasturi USAID faoliyatiga ham misli ko‘rilmagan tarzda ta’sir ko‘rsatishi kutilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring