Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbekistonda murakkab operatsiyalar narxi bir necha barobar arzonligi ma’lum qilindi

O‘zbekistonda murakkab operatsiyalar narxi bir necha barobar arzonligi ma’lum qilindi

Og‘ir xastalikdan aziyat chekkan yurtdoshlarimiz yaqin-yaqingacha jigar, buyrak, o‘pka transplantatsiyasi, yurak sohasidagi nozik operatsiyalar uchun ilg‘or xorijiy mamlakatlarga davo istab borishga majbur edi.

Bugun esa yurtimizda tibbiyotning ko‘plab yo‘nalishlari qatori xirurgiya sohasida ham o‘zgarishlar katta. Natijada deyarli barcha murakkab operatsiyalar O‘zbekistonning o‘zida o‘tkazilmoqda, deyiladi SSV xabarida.

Qayd etilishicha, ayni paytda respublikamizda 5 ming nafar bemor jigar sirrozidan aziyat chekyapti. Ulardan 500 nafari jigar transplantatsiyasiga muhtoj. Shu kungacha Akademik V. Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtrilgan Xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida 10 nafar bemorga jigar ko‘chirib o‘tkazildi.

— Bunday noyob operatsiya uchun Hindistonda o‘rtacha 45 ming dollar mablag‘ talab qilinadi, — deydi mazkur markaz direktori Saidmurod ISMAILOV. — Rossiyada esa yanayam qimmatroq — 70 ming dollar atrofida. Belarus davlatida jigar transplantatsiyasini o‘tkazmoqchi bo‘lganlar esa qariyb 165 ming dollar to‘lashlari kerak. Eng yuqori narx AQShda — taxminan 200 ming dollar. Bizda esa bu turdagi operatsiyani o‘tkazishga sarflanadigan sarf-xarajatlar donor va bemor uchun o‘rta hisobda 18-20 ming dollarga to‘g‘ri kelishi o‘rganilgan.  Ammo buni yanlish tushunmaslik kerak. Gap shundaki, mamlakatimizda jigar sirrozi bilan kasallangan yurtdoshlarimizni order tizimi asosida davolash yo‘lga qo‘yilgan. Bu holatda  faqat donor operatsiyasi, ya’ni jigarning bir bo‘lagini olish uchun bemorning oilasi tomonidan ma’lum miqdorda mablag‘ to‘lanadi, xolos. 

S. Ismailovning ma’lum qilishicha, yurak va o‘pka yetishmovchiligi terminal bosqichidagi bemorlar orasida ham transplantatsiya amaliyotiga muhtojlar ko‘p. Biroq bunday operatsiyalar bahosi Rossiyada 100 ming, Belarusda 200 ming, AQShda 250 ming dollar atrofida. O‘zbekistonda esa narx ko‘rsatkichlari Okeanorti mamlakatiga nisbatan qariyb 10 barobar arzon.

Umuman, bugunga kelib, yurtimizda yiliga o‘rtacha 750 mingta jarrohlik amaliyoti bajarilyapti. Ularning 24 mingtasi respublika tasarrufidagi klinikalarda, 550 mingtasi viloyat markazlarida, 170 mingtasi esa tuman miqyosida o‘tkazilmoqda.

— Sohadagi islohotlar natijasida imkoniyatimiz ham, salohiyatimiz ham oshib bormoqda, — deydi Saidmurod ISMAILOV. — Birgina markazimizning o‘zida yiliga qilinayotgan jarrohlik amaliyotlari soni o‘rtacha 6,5 mingta, operatsiyalar turi 350 ta, shuningdek, viloyat markazlarida 130 ta, tuman shifoxonalarida esa 60 taga yetdi. Kelgusida tumanlararo markazlarda qilinadigan jarrohlik amaliyotlari turini 79 taga, viloyat darajasida esa 168 tagacha yetkazish rejalashtirilmoqda.

Yana bir muhim fakt: aorta-koronar shuntlash operatsiyasi ham murakkab kardioxirurgik amaliyot hisoblanadi. Bunday operatsiya uchun Rossiya va Hindistonda 8 mingdan 18 ming dollargacha to‘lov qilish zarur. Yevropa davlatlarida esa 20-30 ming dollar talab qilinadi. AQShda 40-50 ming dollardan arzonga tushmaydi. Mamlakatimizda  tibbiyot rivojiga keng yo‘l ochilishi bilan yurak sohasidagi murakkab operatsiyalar uchun  ko‘pi bilan 3-4 ming dollar to‘lov qilinmoqda.

Albatta, chet elda davolanishning o‘zi bo‘lmaydi. Operatsiya va muolaja xarajatlaridan tashqari, samolyotga chipta, turarjoy, ovqatlanish sarfini qo‘shsangiz, to‘lovlar miqdori keskin oshib ketishi turgan gap. Shu ma’noda, bemorlarga darmon ulashib, ularni hayotga qaytarayotgan mohir va jasur shifokorlarimiz mehnatiga har qancha tasanno aytsak arziydi, – deyiladi vazirlik matbuot xizmati maqolasida.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring