O‘zbekistonda nikohlar soni ketma-ket to‘rtinchi yil pasaymoqda
O‘zbekistonda 2025-yilning yanvar-dekabr oylarida qayd etilgan nikohlar soni 267,1 ming birlikni, har ming aholiga nikoh koeffitsiyenti esa 7,1 promilleni tashkil etdi.
Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi hisobotlarida qayd etildi.
Hisobot davrida nikohlar soni 2024-yilning mos davriga nisbatan 4,7 ming birlikka kamaygan. Shuningdek, 2023-yilga nisbatan – 16,7 ming birlikka, 2022-yilga nisbatan – 29,6 ming birlikka, 2021-yilga nisbatan esa 38,1 ming birlikka kamaygan.
Nikohlar soni shahar joylarida 132,6 ming birlikni (49,7 foiz), qishloq joylarida esa 134,5 ming birlikni (50,3 foiz) tashkil etdi.
Statqo‘m, shuningdek, nikohdan ajralishlar soni bo‘yicha ham ma’lumot beradi. Ammo bu raqamlar bir muddat oldin Oliy sudning fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarida ko‘rilgan va nikohdan ajralishlar bo‘yicha chiqarilgan sud qarorlari soniga mutanosib emas.
Ya’ni, Statqo‘m ma’lumotiga ko‘ra, nikohdan ajralishlar soni o‘tgan yili 46,9 ming birlikni (har ming aholiga 1,2 promille) tashkil etgan (Oliy sud 37 544 ta ajrim bo‘lganini yozgan).
Qo‘mita, shuningdek, yana bir qiziq ma’lumotni keltiradi. Unga ko‘ra, nikohga kirishishlar soni so‘nggi 4 yilda kamayib borayotgani fonida ajralishlar soni hisobot davrida 2024-yilning mos davriga nisbatan 1,8 ming birlikka ko‘paygan.
Shundan ajrashishlar shahar joylarida – 28,2 ming birlikni (60,1 foiz), qishloq joylarida esa 18,7 ming birlikni (39,9 foiz) tashkil qilgan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter