Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbekistonda uzoq yil yashagan siyosiy yetakchi Nobel mukofotiga nomzod qilib ko‘rsatildi

O‘zbekistonda uzoq yil yashagan siyosiy yetakchi Nobel mukofotiga nomzod qilib ko‘rsatildi

Mustafo Jamilov siyosiy faoliyati sabab 15 yillik umrini qamoqda o‘tkazgan.

Foto: AP

Qrim tatarlarining yetakchisi, Ukraina parlamenti deputati Mustafo Jamilov tinchlik yo‘nalishida Nobel mukofoti nomzod qilib ko‘rsatildi. M.Jamilovning advokatiga ko‘ra, uning nomzodi yuksak mukofotga Polsha parlamenti (Seym) tomonidan ilgari surildi. 

«Bugungi geosiyosiy vaziyatda Mustafo Jamilov tinchlik yo‘nalishida Nobel mukofotiga munosib ekaniga ishonchim komil. Shu sababli men uning nomzodini Nobel qo‘mitasiga topshirdim», – deydi mazkur g‘oya tashabbuskorlaridan biri, Polsha parlamenti spikeri o‘rinbosari Malgojata Gosevskaya.

Polyak siyosatchisi Qrimni noqonuniy ishg‘ol etgan Rossiya Ukrainaga hujum qilishni rejalashtirib turgan bir paytda Mustafo Jamilovga nufuzli mukofotni berish muhim ekanini urg‘ulagan.

Gosevskaya xonimga ko‘ra, M.Jamilov yoshligidanoq zulm va ta’qib ostidagi xalqi haq-huquqlarini himoya qilish yo‘lida fidokorona kurashib kelmoqda. Spiker o‘rinbosarining ta’kidlashicha, dunyo ahli qrim tatarlari boshiga yog‘ilgan kulfatlardan xabardor bo‘lmog‘i lozim va bu borada Mustafo Jamilov shaxsiyati muhim o‘rin tutadi. 

Mustafo Jamilov 1943-yili Qrimda tug‘ilgan. 1944-yili sho‘ro hokimiyati 250 mingdan ziyod qrim tatarlari jamoasini vatanidan Markaziy Osiyo respublikalariga surgun qiladi. Ochlik, tashnalik, turli xastaliklar hamda ona yurt firoqi sabab ularning yarmi yo‘lda vafot etadi. Qrim tatarlarining bir kechadan vatanidan badarg‘a etilishi insoniyat tarixidagi eng mudhish amaliyotlaridan biri deb baholanadi.

M.Jamilov oilasi O‘zbekistonga surgun qilingan. Shu tariqa uning bolaligi Toshkent va Sirdaryo viloyatlarida kechgan. M.Jamilov Gulistondagi maktabni bitirib, bir muddat Toshkent aviatsiya zavodida faoliyat yuritgan.

1969 yili maslakdoshlari bilan inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha tashabbus guruhini ta’sis etgan M.Jamilov aksilsho‘ro faoliyatida ayblanib, oliy o‘quv yurtidan haydalgan, yetti bor mahkamaga tortilgan. Umrining jami 15 yilini qamoqda o‘tkazgan. Ta’qib, taqiq va tazyiqlarga qaramay, o‘z xalqi ozodligi yo‘lidagi kurashni davom ettirgan va 1989 yili vatani Qrimga qaytishga muvaffaq bo‘lgan. 2013 yilga qadar Qrimtatar majlisiga raislik qilgan. 

2014 yili Qrimning Rossiya tarkibiga qo‘shil olinishiga keskin qarshi chiqqan. 2014 yili BMTdagi norasmiy anjumanda ma’ruza qilgan M.Jamilov Qrimning Rossiya tarkibiga o‘tishiga doir referendumning qonuniyligini savol ostiga olgan, muayyan hududning taqdirini tub joy xalq vakillari hal etishga haqli ekanini ta’kidlagan. Mazkur referendum qrim tatarlari tomonidan boykot qilinganini qayd etgan. 

Rossiya huquq idoralari qrim tatarlari yetakchisiga qarshi turli ayblovlar bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘agan, uning Qrimga kirishi ham taqiqlangan.

Inson haqlari kurashchisi Mustafo Jamilov BMTning Nansen mukofoti bilan taqdirlangan. Bir necha bor Nobel hamda erkin fikr uchun Saxarov mukofotiga nomzod o‘laroq ko‘rsatilgan.

S.Salim

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring