O‘zini sud qilgan sudya yoki dunyodagi qator g‘alati ishlar xususida
Professor Geri Slepper huquqiy sohadagi g‘aroyib va kulgili voqealarni yig‘ib yuradi. Uning «Times» gazetasi yuridik bo‘limiga tegishli rukni uzoq vaqt nashrning ajralmas qismi bo‘lib kelgan. Quyida Slepper bisotidagi noodatiy bahs-munozaralar, ayblovlar va sud da’volashuvlarini havola etamiz...
1. 2004-yili Amerikaning Viskonsin shtati Fond-dyu-Lak shahrida yashovchi Timoti Dyumushel mahalliy telekompaniyani sudga berdi. U da’vo arizasida aynan telekompaniya tufayli xotini semirib ketgani, farzandlari esa «bir kanaldan boshqasiga o‘tkazishdan boshqa ishni bilmaydigan dangasa, tanbalga aylanishgani»ni qayd etgan edi.
«Keyingi to‘rt yil mobaynida har kuni televizor tomosha qilayotganimiz sababli men chekib, ichmoqdaman, xotinim esa haddan ziyod vazn orttirib, qiynalmoqda», deb yozgan edi Dyumushel.
Mazkur ish bilan o‘sha paytda Amerikadagi 1.058.662 advokatdan ikki nafari shug‘ullandi, biroq u oliy sudgacha yetib bormadi.
2. 2005 yili Braziliyada istiqomat qiluvchi 31 yoshli Jundian ismli ayol o‘zining sevgilisini sudga berdi. 38 yashar mahbubi unga e’tibor qaratmayotgan, ishqiy masalalarda xudbinlik qilayotgan emish!
Da’vo arizasi muhokama etilib, gap-so‘zlarga aylanib ketdi. Sud esa Jundianning da’vo arizasini ko‘rib chiqishdan bosh tortdi.
3. 2004 yili nemis huquqshunosi Yurgen Grefe Bonndan uncha uzoq bo‘lmagan Sent-Avgustin shahridagi yoshi o‘tib qolgan nafaqaxo‘r ayolning manfaatlarini himoya qilib chiqdi. Kampirning yillik daromadi 287 million yevro bo‘lsa-da, u soliq xizmati tomonidan davlat g‘aznasiga 287 million yevro to‘lashi kerakligi haqida xat olgandi.
Grefe davlat idoralariga bitta xat yozish bilan bu muammoni hal qildi. Germaniya qonunlari bo‘yicha Grefe erishadigan natijadan kelib chiqib unga gonorar berilishi kerak edi. U mazkur miqdorni 440.234 yevroga baholab, hisobni ularga yubordi. Bu gonorarni davlat to‘lashi kerak edi, albatta. Qarabsizki, kampirni tinch qo‘yishdi, axir davlat behudaga pul berib qo‘yarmidi!
4. 1972 yili Yorkshirdagi Ueykfild shahar sudida Rejinald Sedguik ishi muhokama qilindi. U Klekxiton vokzalidagi talonchilikda ayblangandi. Ayblov tafsilotiga ko‘ra, javobgar bo‘lmish binolarni buzish bilan shug‘ullanuvchi kompaniya rahbariyati vokzalning tashlandiq toshdan qurilgan imoratini qonunga zid ravishda buzib tashlagan va u yerdan 24 tonna bo‘laklarni olib chiqqan.
Sedguik bu ishni faqat uchinchi shaxs buyurtmasiga ko‘ra amalga oshirganini aytib turib oldi. Uchinchi shaxs kimligi esa aniqlanmay qoldi. Sedguikning advokati barcha dalillarni to‘kib tashladi va sud uning himoyasidagi odamni aybsiz deb topdi.
5. 2005 yili rossiyalik astrolog Marina Bay mashhur NASA muassasasini sudga berdi. Da’vo arizasida «Koinot kuchi muvozanati tabiiy ravishda buzilgan»i qayd etilgan va 165 million funt miqdorida tovon to‘lash talab qilingandi.
Marina Bay uqtirishicha, uchirib yuborilgan Deep Impast kosmik zondi kometa bilan to‘qnashib ketishi va portlash tufayli paydo bo‘ladigan narsalardan namunalar olishi kerak bo‘lgan, bu esa ayni «terrorchilik akti»dir!
Moskva sudlaridan biri mazkur masalani ko‘rib chiqish Rossiya yurisdiksiyasi vakolatiga kirishini aytib, o‘sha idoraga o‘tkazdi. U yerda esa da’vo arizasi qabul qilinmadi.
6. 2006 yili Shanxay yaqinidagi Szyasin shahrida yashovchi yosh yigitcha qonunchilikka murosa qilolmay huquqshunoslar bilan maslahatlashdi va internetdagi kimoshdi savdosiga o‘z... qalbini qo‘ydi.
Portal ma’muriyati savdodagi lotni to‘xtatdi va sotuvchiga qalbini sotuvga qo‘yishi uchun «yuqori turuvchi idora»dan yozma ravishda ruxsatnoma olib kelishini uqtirdi.
7. 2004 yili Nyu-York sud idoralaridan birida ishlovchi Frenk D’Allesandro shahar ma’muriyatini sudga berdi. U da’vo arizasida o‘zi o‘tirgan unitaz portlab, bo‘laklarga aylangani va jarohat olganini yozdi. D’Alessandro 5 million dollar miqdorida tovon puli talab qilgan edi. Har kuni ishga ketish oldidan fizioterapiya sifatida amalga oshiradigan jismoniy mashqlari borasida esa shunday dedi: «Bu qandaydir bavosil, qurib ketsin!»
8. 1984 yilning noyabrida baron Xaddlston kapitan Tomas Dadli va qandaydir Edvin Stefenslarning g‘avg‘oli ishini ko‘rib chiqdi. Ular kichik matros Richard Parkerni o‘ldirishda ayblangandi.
Uchovlon o‘tirgan yaxta Sautgemptondan Sidney bo‘ylab suzayotganida kema halokatga uchradi. Ular panoh topgan qayiq quruqlikdan 1660 mil narida edi. Oradan 20 kun o‘tgach, Dadli va Stefens tirik qolish uchun Parkerni o‘ldirishdi va marhumning jigari va qoni hisobiga jon saqlab qolishdi. Yana 4 kundan so‘ng ikkovlonni nemis kemasi qutqardi. Ekseter sudi ularni qotillikda aybdor deb topdi va o‘lim jazosiga hukm qildi. Biroq keyin bu hukm og‘ir mehnatsiz 6 oylik qamoq jazosi bilan almashtirildi. Dadli va Stefens o‘z qilmishlarini «majburiy ehtiyoj» bilan oqlamoqchi bo‘lishdi, ammo sud bu bahonani qonuniy deb topmadi.
9. Radio Buxton radiostansiyasi boshlovchisi 26 yoshli Keti Makgouenga tanlovdagi barcha savollarga to‘g‘ri javob berib, sovrin sifatida Renault Clio avtomobilini yutganini aytganida u nihoyatda quvonib ketdi. Biroq qiz radiostansiyaga borganida bu xursandchilikdan asar ham qolmadi. Ketiga kattaligi 4 dyumli avtomobil maketini berishdi, xolos.
2001 yili Makgouen sudga murojaat qildi. Derbi grafligi sudyasi ayni damda faoliyat yuritmayotgan mazkur radiostansiya Keti Makgouen bilan qonuniy shartnoma tuzganligi va rosmana avtomobil sotib olishi uchun unga 8.000 funt to‘lanishi kerakligi haqida qaror chiqardi.
10. 2003 yili Avstraliyaning Port-Adelaida sudida ayblanuvchi ayolga hukm chiqarayotgan sudya shunday dedi:
«Sen giyohvandsan va zovurda o‘lasan. Buni o‘zing tanlading. Men ishchilarning safsatalariga ishonmayman. Sen onangni masxara qilasan va unga ozor yetkazasan. Kim bo‘lishingni o‘zing hal qilishing mumkin. Ishga joylasha olasan. Biz, yetti million kishi ishlaymiz, o‘n to‘rt million nafardan iborat sizlar esa uyda o‘tirasizlar va teleserial ko‘rasizlar, nasha chekasizlar, tomirlaringga nina sanchasizlar. Sizlarning bor-yo‘g‘imizni shilib olishingiz jonimga tegdi».
U o‘z so‘zini quyidagi so‘zlar bilan yakunladi:
«Agar giyohvand bo‘lib, zovurda o‘lishni xohlasang, bu sening ishing. Tirik yoki o‘lik ekanligingga hamma tupuradi, ammo seni dunyoga keltirgan ayolni go‘rga tiqasan. La’nat bo‘lsin senga».
Sudya ayolni qamoq jazosiga hukm qildi. Aslida uning ishi bunday jazoga mustahiq emasdi. Mahkuma appelyasiya orqali hukmni bekor qilishga muvaffaq bo‘ldi.
11. 1874 yili Kanadadagi Vinnipeg sudida ishlovchi Frensis Evans Kornish jamoat joyida shirakayf holda bo‘lgani bois o‘zini o‘zi sud qilishga majbur bo‘ldi. U aybiga iqror bo‘ldi va o‘ziga 5 dollar hamda qo‘shimcha ravishda sud chiqimlarini hisoblab jarima soldi.
Keyin esa bayonnomaga quyidagi arizani tirkab qo‘ydi: «Frensis Evans Kornish! Siz o‘tgan yili o‘zingizni yaxshi tutganingiz sababli jarima bekor qilinadi».
12. Chjenchjou (Xitoy)da yashovchi bir erkak o‘g‘liga «@» deb ism qo‘ymoqchi bo‘ldi. Bu fuqaroga bolalar uchun faqat Xitoy tilining mandarin lahjasiga tarjima qilinadigan nom qo‘yish mumkinligini aytib, murojaatini rad etishdi.
13. 2004 yil sentyabr oyida Valasmulla (Shri-Lanka) sudi sudyasi A.K.M.Patabendige sud zalidagi ayblanuvchini esnagani uchun bir yilga «kesib» yubordi. Jinoyat ishi bo‘yicha javobgar N.V.P.Adjit shu darajada kerishib esnadiki, sudyaning jahli chiqib ketdi. Javobgarning bu ishi sudga nisbatan hurmatsizlik, deb baholandi.
14. 1994 yil 23 mart. Kolumbiyalik 18 yoshli Ronald Opus o‘z hayotiga nuqta qo‘ymoqchi bo‘ldi. U 10 qavatli uyning tomiga chiqdi, o‘limoldi xatini yozdi va o‘zini pastga otdi.
Opus 9-qavat yonidan tushayotib 8-qavatdagi derazadan chiqqan o‘q boshiga tegdi. O‘lim o‘shandayoq yuz bergan. Ma’lum bo‘lishicha, Ronald sakrash chog‘ida uylardan biridagi er-xotin janjallashib qolishgan. Jahli chiqqan er qo‘liga miltiq olib, xotiniga o‘q uzgan, ammo nishonga tekkizolmagan. O‘q ochiq derazadan chiqib, omadsiz yigitga tegdi. Aks holda Ronald tirik qolishi mumkin edi, chunki pastdagi yo‘lovchilarga ta’mirlash ashyolari tushib ketib zahmat yetkazmasligi uchun sakkizinchi qavatda maxsus to‘r torttirilgandi.
Nachora, Ronald Opus o‘zini o‘ldirmoqchi edi. Niyatga qarab beriladi, deyishlari bejiz emas.
Mazkur ish o‘z joniga suiqasd deya qayd etilib yopildi...
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter