Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Toshkent ko‘chalarini yomg‘irdan so‘ng suv bosmasligi uchun qanday choralar ko‘riladi?

Toshkent ko‘chalarini yomg‘irdan so‘ng suv bosmasligi uchun qanday choralar ko‘riladi?

Kollaj: Xabar.uz

Joriy yilning 10-may kuni Toshkent shahrida kuchli yog‘ingarchilik natijasida shaharning 8 ta tumanidagi 23 ta manzildan suv to‘planishi holatlari bo‘yicha murojaatlar kelib tushdi. Bu haqda poytaxt hokimligi xabar bermoqda.

Tegishli xizmatlar ma’lumotiga ko‘ra, shu kuni yog‘ingarchilik miqdori 35 mm ni tashkil etgan. Bu miqdorning asosiy qismi ikki soatdan kamroq vaqt ichida yog‘gan bo‘lib, o‘rtacha oylik yog‘ingarchilik me’yorining yarmidan ko‘prog‘ini tashkil etadi.

Ma’lum qilinishicha, Toshkentdagi mavjud yomg‘ir suvlarini oqizish tizimi bir kecha-kunduzda 20 mm gacha yog‘ingarchilikni qabul qilishga mo‘ljallangan. Ishlab chiqilgan bosh rejaga muvofiq, tizimning o‘tkazuvchanlik quvvatini bir kecha-kunduzda 36 mm gacha bosqichma-bosqich oshirish ko‘zda tutilgan.

Shunday qilib, eng kuchli yomg‘ir paytida shahar suv oqizish infratuzilmasi bosh rejada nazarda tutilgan istiqboldagi hisob-kitob parametrlariga yaqin bo‘lgan keskin va qisqa muddatli yuklamaga duch keldi.

Ayrim nuqtalarda kelayotgan suv hajmi bir vaqtning o‘zida mavjud irrigatsiya tarmoqlari va quvurlarning o‘tkazuvchanlik quvvatidan oshib ketgan. Natijada bir qator hududlarda yomg‘ir suvi to‘planib qolgan.

Bundan tashqari, ayrim joylarda mahalliy omillar: suv oqizish elementlariga chiqindilar tiqilib qolishi, o‘zboshimchalik bilan qurilgan inshootlar, ariq va irrigatsiya tizimlarining avtoturargoh yoki boshqa xo‘jalik ehtiyojlari uchun to‘sib qo‘yilishi kabilar vaziyatni yanada murakkablashtirgan.

Oqibatlarni zudlik bilan bartaraf etish uchun Favqulodda vaziyatlar vazirligi, drenaj-kollektor tizimlari, kanallar, kommunal xizmatlar va boshqa tegishli tashkilotlarning mutaxassislari hamda brigadalari jalb etilib, joylarda 60 dan ortiq maxsus texnika ishlagan.

Ko‘rilgan choralar natijasida suv to‘planishi oqibatlari bir soat ichida to‘liq bartaraf etilgan.

Hokimiyatning ma’lum qilishicha, har bir manzil bo‘yicha ishchi guruhlar tomonidan vaziyat birlamchi tarzda o‘rganilib, zarur choralar belgilandi. Xususan, quyidagilar ko‘rib chiqilmoqda:

  • 5 ta manzilda irrigatsiya tizimini qurish;
  • bitta hududni loyihachilar bilan birgalikda qayta o‘rganib chiqish;
  • qo‘shimcha 3 ta dyuker (suv yoki yo‘llar ostidan o‘tuvchi quvur — tahr.) o‘rnatish;
  • bitta obyektda diametri 800 mm bo‘lgan, boshqa bir qator hududlarda esa diametri 500 mm bo‘lgan quvurlarni o‘rnatish;
  • qo‘shimcha nasos agregatlarini o‘rnatish va suv chiqarish quvvatini oshirish;
  • 6 ta qo‘shimcha suv qabul qilish panjarasini montaj qilish;
  • tizimning ayrim qismlari o‘tkazuvchanlik quvvatini kuchaytirish.

Ta’kidlanishicha, asosiy e’tibor yomg‘ir suvlarini chiqarish tizimini bosqichma-bosqich modernizatsiya qilish, muammoli hududlarning o‘tkazuvchanlik quvvatini oshirish va kelgusida lokal suv toshishi xavfini kamaytirishga qaratiladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring