Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Po‘lat Bobojonovning Qashqadaryoga tashrifi: loqayd rahbarlar ishdan olindi

Po‘lat Bobojonovning Qashqadaryoga tashrifi: loqayd rahbarlar ishdan olindi

Foto: «iiv.uz»

Ichki ishlar vaziri, general-mayor Po‘lat Bobojonov rahbarligidagi Ishchi guruh joriy yilning 23-26 iyul kunlari Qashqadaryo viloyatida ichki ishlar organlari oldiga qo‘yilgan vazifalar ijrosi ahvoli bilan yaqindan tanishdi, deb xabar bermoqda IIV matbuot xizmati.

Viloyatning barcha shahar va tuman ichki ishlar organlari hamda viloyat ichki ishlar boshqarmasi sohaviy xizmatlarida batafsil o‘rganish va tahlillar o‘tkazildi hamda ularning yakuni bo‘yicha har bir tarkibiy tuzilma va xodimlar faoliyatiga tanqidiy baho berildi.

O‘rganishlar davomida joylarda sohaviy yo‘nalishlarida mavjud kamchilik va muammolar, ular kelib chiqishining tub sabablari aniqlandi.

Ichki ishlar vaziri Qarshi, Kitob, Kasbi, Qamashi, Nishon, Shahrisabz tumanlari hamda Qarshi va Shahrisabz shahar ichki ishlar bo‘limlari, ushbu shahar va tumanlardagi ichki ishlar organlari tayanch punktlari, viloyat ichki ishlar boshqarmasi Qo‘riqlash, Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limlarida bo‘lib, ularda mavjud sharoitlar, shaxsiy tarkibning ma’naviy yetukligi va huquqiy savodxonligi, rahbar va xodimlarning xizmat vazifalari ijrosini tashkil etishning samaradorligi, tartib-intizomga rioya etish, aholidan kelib tushgan murojaatlarni o‘z vaqtida va sifatli ko‘rib chiqish ahvolini shaxsan o‘rgandi.

Xizmat vazifasiga loqaydlik va sustkashlik bilan munosabatda bo‘lib, xizmatni samarali tashkil etish choralarini ko‘rmaganligi, qo‘l ostidagi xodimlar faoliyatini talab darajasida nazorat qilmagani oqibatida shaxsiy tarkib o‘rtasida tartib-intizom susayib ketishiga sababchi bo‘lganligi uchun Qarshi tumani IIB boshlig‘i J.Rajabov, Muborak tumani IIB boshlig‘i S.Sharipov, Koson va Qarshi tumanlari IIB boshliqlarining o‘rinbosarlari N.Qarshiyev va A.Aminov, Shahrisabz, G‘uzor va Dexqonobod tumanlari IIB boshliqlarining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari Q.Toshmurodov, A.Aliyev va N.Bozarovlar, Muborak va Chiroqchi tumanlari IIB boshliqlarining kadrlar bo‘yicha o‘rinbosarlari T.Baxromov va J.Murodov, viloyat IIB YHXB boshlig‘ining kadrlar bo‘yicha o‘rinbosari F.Mirshatov, hamda Qamashi tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi boshlig‘i X.Rizakulovlar egallab turgan lavozimlaridan ozod etildi.

Shuningdek, kadrlar bilan ishlash sohasida shaxsiy tarkib bilan kasbiy tayyorgarlik va tarbiyaviy ishlarning tizimli va samarali tashkil etilishini ta’minlamaganligi uchun viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining kadrlar bo‘yicha o‘rinbosari B.Tursunkulov hamda qo‘l ostidagi xodimlar faoliyatini yetarli nazorat qilmaganligi oqibatida ular tomonidan noo‘rin xatti-harakatlar sodir etilishi holatlariga yo‘l qo‘yganligi uchun viloyat ichki ishlar boshqarmasi Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i E.Qurbonovlarga «hayfsan» intizomiy jazosi berildi.

Bundan tashqari, huquqbuzarliklar profilaktikasi, jinoyat qidiruv, tergov, kadrlar bilan ishlash xizmatlari xodimlariga nisbatan intizomiy ta’sir choralari qo‘llanildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring