Pop o‘rmon xo‘jaligi mansabdorlarining qilmishlari fosh etildi — o‘rmonbegidan direktorgacha
Pop ixtisoslashtirilgan davlat o‘rmon xo‘jaligi mansabdorlarining qator jinoiy qilmishlari fosh etildi.
Mansabdorlarning e’tiborsizligi tufayli, xo‘jalik yer maydonlaridan ijara asosida foydalanuvchi 5 nafar tadbirkor boshqa yerlarni ham o‘zboshimchalik bilan egallab, bino va inshootlar qurgan. Yer maydonlarining ixtisoslashuvi o‘zgartirilishi oqibatida davlat manfaatlariga jiddiy zarar yetkazilgan. 460 nafar ijarachidan 1 mlrd 480 mln so‘m ijara puli undirilmagani ham ishga sovvuqqonlik oqibati.
Qolaversa, o‘rmon xo‘jaligi mansabdorlari ayrim ijarachilar bilan til biriktirib, 2023-2025-yillar davomida jami 5356 metr/kub noruda materiallarni noqonuniy qazib olib, davlatga 1 mlrd 322 mln so‘mlik zarar yetkazishgan.
Ushbu holatlar bo‘yicha o‘rmon xo‘jaligi mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan JK 193, 196-1, 207 va 229-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilyapti.
Yana bir holatda o‘rmon xo‘jaligining bo‘lim o‘rmonbegisi muqaddam xo‘jalik balansida bo‘lgan va keyinchalik tuman hokimligi zaxirasiga qaytarilgan yerlardan 20 sotix qismini tanishlari orqali Chust tumanida yashovchi fuqaroga turarjoy sifatida rasmiylashtirib berish evaziga 15 ming AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Tezkor tadbir davomida ushbu pul mablag‘idan 500 AQSh dollarini olgan vaqtida Davlat kadastrlar palatasining Pop tuman filiali mutaxassisi ham qo‘lga tushdi.
Mazkur shaxslarga nisbatan JK 168-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eng achinarlisi, o‘rmon xo‘jaligining rahbari ham noqonuniy ishlardan chetda qolmagan. Pop ixtisoslashtirilgan davlat o‘rmon xo‘jaligi direktori vazifasini vaqtincha bajaruvchi bu shaxs yer uchastkalarini elektron onlayn-auksion orqali ijaraga berish tartibini buzgan holda, mahalliy tadbirkorga xo‘jalik balansidagi 50 sotix yer maydonini shartnoma asosida ijaraga berish evaziga 10 ming AQSh dollari talab qilib, oldindan 5 ming AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Unga nisbatan JK 168-moddasi 3-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Xabarga ko‘ra, ushbu mansabdor muqaddam ham bir necha bor sudlangan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter