Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Poraxo‘rlar shartli ozodlikka chiqolmaydi: Senat yangi qonunni ma’qulladi

Poraxo‘rlar shartli ozodlikka chiqolmaydi: Senat yangi qonunni ma’qulladi

Oliy Majlis Senatining yalpi majlisida korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirish va korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun jazoning muqarrarligini ta’minlashga qaratilgan qonun muhokama qilinib, ma’qullandi.

Qonun bilan Jinoyat kodeksiga bir qator muhim o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Xususan, kodeksda ilk bor «korrupsiyaga oid jinoyatlar» atamasi hamda ularning aniq ro‘yxati belgilanmoqda.

Shuningdek, pora olish, pora berish va pora olish-berishda vositachilik qilish jinoyatlari uchun hukm qilingan shaxslarga nisbatan jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilish institutini qo‘llash taqiqlanadi.

Qonunga muvofiq, xizmat mavqeidan foydalangan holda sodir etilgan firibgarlik alohida og‘irlashtiruvchi holat sifatida belgilanib, Jinoyat kodeksining 168-moddasi to‘rtinchi qismiga o‘tkazilmoqda. Bunday qilmish uchun 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.

Bundan tashqari, xususiy va nodavlat sektorda korrupsiyaning oldini olish maqsadida nodavlat tashkiloti xizmatchisini pora evaziga og‘dirib olish jinoyati uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda. Ayrim moddalarga «g‘arazgo‘ylik niyatlarida» sodir etish belgisi ham jazoni og‘irlashtiruvchi holat sifatida kiritilmoqda.

Qonun bilan «O‘zbekiston Respublikasining Hisob palatasi to‘g‘risida»gi qonunga ham o‘zgartish kiritilib, korrupsiyaga qarshi ichki nazorat (komplayens-nazorat) tizimi joriy etilishi ustidan nazorat qilish vazifasi bekor qilinmoqda.

Shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilayotgan o‘zgartishlar bilan davlat xaridlari va budjet tizimidagi qonunbuzilishlar uchun sanksiyalar kuchaytirilmoqda.

Senatorlar mazkur qonun korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni mustahkamlash va jinoyatlar uchun jazoning muqarrarligini ta’minlashga xizmat qilishini ta’kidladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring