Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Poytaxt sektor rahbarlari aholi muammolarini hal eta olyaptimi?

Poytaxt sektor rahbarlari aholi muammolarini hal eta olyaptimi?

Prezident Xalq qabulxonalari Toshkent shahridagi ommaviy qabullar haftaligi doirasida tashkil qilgan poytaxt sektorlari rahbarlarining sayyor qabulida ham aholini o‘ylantirayotgan qator masalalar o‘rganilib, ularga yechim izlandi.

Toshkent shahar 2-sektori rahbari 53 nafar murojaatchining ariza-shikoyatlari va takliflarini tinglab, har bir masalaga qonuniy-adolatli yechim topishni o‘z zimmasiga oldi.

Misol uchun, Dadabek Norqulov kabi yana 8 nafar murojaatchi poytaxtimizda joylashgan korxonalardan biridan 49,3 mln. so‘mdan ziyod ish haqlarini undirib berishda amaliy yordam so‘radi. Bu murojaat o‘n kun ichida o‘rganilib, ijobiy hal qilib beriladigan bo‘ldi.

Xususiy korxona rahbari Bahrom Nosirovning mas’uliyati cheklangan jamiyatlardan biridan kredit qarzdorligini undirish masalasidagi murojaatini hal qilib berish bo‘yicha ham 10 kun muddat belgilab olindi.

Mirobodlik Abdumannop Abdumursalovning tergov harakatlaridan norozilik bildirgan murojaati ham nazoratga olindi.

Olmazor tumani O‘rol Tansiqboyev ko‘chasidagi ko‘p qavatli 23-uyda yashovchi aholi vakillari Toshkent shahri 3-sektori rahbariga o‘zlari yashayotgan uylarga xizmat ko‘rsatuvchi shirkat faoliyatidan shikoyat qildi. Aytilishicha, shirkatga ko‘p qavatli uylarning tomni ta’mirlash uchun kredit ajratilgan bo‘lsa-da, ishlar chala qolib ketgan. Kamiga bajarilgan ishlar uchun nasiyaga olingan qurilish materiallari va ustalarning xizmat haqlarini berishda ham muammolar bor. 3-sektor rahbari bu masalani to‘liq o‘rganib, muammoni qonuniy-adolatli hal qilib berishni o‘z zimmasiga oldi.

Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti bitiruvchisi Akbar Xudoyberdiyev esa o‘z murojaatida ichki ishlar tizimida ishlash niyatida ekanini bildirib, shu masalada amaliy yordam so‘radi. Unga poytaxt mahallalaridan biridagi bo‘sh turgan profilaktika inspektori vazifasi taklif etildi.

Ommaviy qabul doirasida Prezident virtual qabulxonasiga fuqarolik masalasida murojaat qilgan qator yurtdoshlarimizning chorak asrlik orzulari ham ushaldi. Ularga davlatimiz rahbari farmoniga muvofiq O‘zbekiston Respublikasining fuqarolik pasportlari topshirildi.

Yunusobodlik Gulnora Hoshimova pasportining amal qilish muddati o‘tgan, hech qayerda ro‘yxatda turmaydi. 61 yoshli bu ayol hujjatlaridagi muammo tufayi hali hanuz nafaqaga ham chiqmagan. Toshkent shahri 4-sektori rahbari Gulnora opaning murojaatini tinglar ekan, bu muammoga kompleks yechim topib berdi. Dastlab ular Yunusobodning Posira mahallasidagi ko‘p qavatli 5-«a» uydan doimiy foydalanish huquqi asosida turar-joy bilan ta’minlanadigan bo‘ldi. Shu asosda ayol mazkur joyda doimiy ro‘yxatga qo‘yiladi, so‘ng uning nafaqaga chiqish bilan bog‘liq masalalari hal qilib beriladi.

Yakkasaroylik 65 yoshli Vali ota Alimov ham 4-sektor rahbaridan ko‘zini davolatishda amaliy yordam so‘radi. Otaxonning ko‘z xastaligi kuchayib, ko‘rish qobiliyati susaymoqda, biroq jarrohlik amaliyoti o‘tkazishga imkoniyati yo‘q. Bu masala Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi bilan birga shu yerda o‘rganib chiqilgach, otaxonga ko‘z jarrohligi amaliyotini o‘tkazish va bepul davolanish uchun order berildi.

Farida Norqobilovaning turmush o‘rtog‘i iqtisodchi mutaxassisligiga ega bo‘lsa-da, shu paytga qadar ishsiz edi. Hayot, oila, ro‘zg‘or tashvishlari esa og‘ir yuk bo‘lib turibdi. Ayolning murojaatidan so‘ng uning turmush o‘rtog‘i soliq tizimiga ishga qabul qilinadigan bo‘ldi.

Ertalab boshlanib, tunga qadar davom etgan ommaviy qabulda eng ohirgi murojaatchigacha diqqat bilan tinglanib, dardu-tashvishi eshitildi, ularni hal etish yuzasidan amaliy chora-tadbirlar belgilandi. Bunday ariza va shikoyatlar ijrosi Xalq qabulxonalari nazoratiga olindi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring