Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident 13 ta hokimga intizomiy jazo ko‘rishni topshirdi

Prezident 13 ta hokimga intizomiy jazo ko‘rishni topshirdi

Foto: Prezident matbuot xizmati.

Kartoshkaga bo‘lgan talabni qoplash uchun bu yilga reja qilingan 180 ming gektardan 118 ming gektariga urug‘lik ekildi. 

Lekin Qashqadaryoda bor-yo‘g‘i 41 foiz, Surxondaryoda 44 foiz maydonda kartoshka ekilgan. Mart oyining o‘zida kartoshka Surxondaryoda 12,4 foizga, Qashqadaryoda 9 foizga qimmatlashgani ko‘rsatib o‘tildi. 

Kartoshkachilikka ixtisoslashgan Xo‘jaobod, Andijon, Kosonsoy, Chortoq, Chust, Yangiqo‘rg‘on, Toshloq, Farg‘ona tumanlarida ham ishlar qoniqarsiz deb baholandi. 

Sustkashlikka yo‘l qo‘ygan viloyat hokimlarining qishloq xo‘jaligi bo‘yicha o‘rinbosarlari va tuman hokimlarining mas’uliyati hamda javobgarligini oshirish topshirildi. 

«Takror aytaman: mablag‘ bor, resurs bor. Go‘sht va kartoshkadan hech qanday masala bo‘lmasligi kerak», – dedi Prezidentimiz.

Yig‘ilishda sanoat va eksport masalalari ham ko‘rib chiqildi. 

Qamashi, Qarshi, Mirishkor, Arnasoy, Sharof Rashidov, Yangiobod, Navbahor, Kosonsoy, Qumqo‘rg‘on, Furqat, Shovot, Shayxontohur, Sergeli tumanlari sanoat rejasiga chiqa olmagani tanqid qilindi. 

Ushbu 13 ta tuman hokimiga rejaga qancha yetmaganiga qarab, intizomiy jazo chorasini ko‘rish topshirildi. 

Ichki bozorda mis taklifi ko‘paytirilgan bo‘lsa-da, qayta ishlash oyiga 6 ming tonnadan oshmayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Oqibatda birinchi chorakda elektrotexnika sohasida sanoat o‘sishi prognozdagi 11,2 foiz o‘rniga 7,8 foizga, eksport rejasi bor-yo‘g‘i 57 foizga bajarildi. 

Elektrotexnika eksporti uchun 100 million dollar resurs berib, aylanma mablag‘ga garovsiz kredit ajratish imkoniyati yaratildi. Lekin birorta bank ushbu shartlarda kredit ajratmaganiga e’tiroz bildirildi. 

Mutasaddilarga ishlab chiqarishi, eksporti kamaygan har bir korxonaga borib, eksportini moliyalashtirish, investitsiya loyihasi bo‘yicha qanday masalasi bo‘lsa, joyida hal qilish topshirildi.  

Umuman, ikkinchi chorak yakuni bilan sohada ishlab chiqarishni 25 trillion so‘mga, eksportni 1 milliard dollarga yetkazish vazifasi qo‘yildi.

O‘tgan yili yashirin iqtisodiyot bo‘yicha alohida farmon imzolanib, bu masalaga qattiq kirishildi. 

Lekin birinchi chorakda kuzatilmaydigan iqtisodiyot Jizzax, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Xorazmda 40 foizdan, Andijon, Farg‘ona, Buxoroda 30 foizdan yuqori bo‘ldi. 

Buxoro viloyatidagi holat tahlil qilinganda, o‘tgan yili faoliyatini go‘yoki to‘xtatgan 900 dan ziyod korxona yanvar-fevral oylarida 1 million 300 ming kilovatt-soat elektr, 480 ming kub metr gaz ishlatgani aniqlandi. Shuningdek, 12,5 mingta transport vositasida yuklar norasmiy tashilgani oqibatida 40 milliard so‘m soliq tushumi boy berilgan. Birinchi chorakning o‘zida uy-joy narxini kamaytirib ko‘rsatish oqibatida 1 trillion 800 milliard so‘mlik pul aylanmasi yashirilgan. 

Viloyat prokurorlari, ichki ishlar va soliq boshqarmalariga xufiyona iqtisodiyot bilan kurashishda ishni qanday tashkil qilish bo‘yicha aniq metodologiya qilib berildi. Endi barcha hududlarda ishni shu tartibda tumanbay tashkil qilish topshirildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring